Farhod Sohibjonov: "Darvozabonimizning ishonchli o‘yini bizni yanada ruhlantirdi"

  • 3 sentabr, 2023, 04:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Farg‘onada “Neftchi” – “Andijon” qarama-qarshiligida futbolchilar borini berib o‘ynadilar. Bu borada jamoamiz a’zosi Farhod Sohibjonov ham o‘zini ko‘rsatdi. U ortda qolgan derbi va bo‘lajak bahs xususida fikr bildirdi.

- “Andijon”ning “Neftchi”ga qarshi o‘yini haqiqiy derbilarga xos o‘tdi. Atmosfera yuqori tempda bo‘ldi. Uchrashuv aynan siz kutgandek bo‘ldimi?

- Assalomu alaykum. O‘yinga keladigan bo‘lsak, bunaqa muhitdagi derbi har doim ham bo‘lavermaydi. Yigitlarning ruhiyati jangovar tarzda edi. Hamma ham yutishni xohlaydi. Biz ham g‘alaba uchun maydonga chiqqandik. Lekin o‘yin durang bilan yakunlandi. Ikkala tarafga ham yaxshi bo‘ldi, deb o‘ylayman. Biz yutganimizda ular xafa bo‘lardi, ular yutganida esa bizni muxlislar xafa bo‘lishardi. Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Rosti, g‘alabani ilib ketishimiz ham mumkin edi. Xavfli hujumlar uyushtirdik va yaxshi himoyalandik. Ikkinchi taym qiyinroq o‘tdi.

sohibjonov4

- Demak, natija har taraflama bellashuvga mos bo‘ldi...

- Ha, mos bo‘ldi. Darvozabonimiz Igor Litovka bizga katta yordam berdi. Bir nechta vaziyatlarda jamoamizni qutqardi. Uning ishonchli o‘yini bizni yanada ruhlantirdi. Shunga yarasha harakat qildik. Biroq hujumda gol ura olmadik.

- Murabbiyni uchrashuvdan avvalgi ko‘rsatmasi qanaqa bo‘lgandi va o‘yindan so‘ng nimalar dedi?

- Bu derbi, buni hamma biladi. Kim bo‘lishidan va qaerdan kelishidan qat’iy nazar derbini yaxshi tushunishadi. Biz maydonga chiqib o‘ynab, jonimizni berishimiz kerak. Superligada “Neftchi”ni hali hech kim yutolmayapti. Biz shuni qilishimiz kerak, himoyada mustahkam turib, hujumda vaziyatlardan foydalanishimiz kerak, deb aytib o‘tdi. Uchrashuvdan so‘ng iliq gaplar bilan barchaga boringlarni berib o‘ynaganinglar uchun rahmat dedi. Durang ham yaxshi natija deb o‘ylayman.

sohibjonov_2

- Stadionda muhit boshqacha bo‘ldi. Bunday sharoitda to‘p surish sizlarga motivatsiya berdimi?

- Muxlislarimizning kelib, qo‘llab-quvvatlagani bizga juda katta yordam bo‘ldi, deb o‘ylayman. Shunga yarasha o‘ynadik. Bizni ruhlantirib turishgani uchun o‘zimizni ancha erkin his qildik.

- “Andijon”ni oldinda yana vodiy derbisi kutyapti. Bu safar “Bobur Arena”da “Navbahor” bilan bahs kutyapti. Ketma-ket ikkita derbida o‘ynash og‘ir emasmi?

- Aksincha, bunday ishqibozlar bilan bunday derbida to‘p surishni ko‘pchilik orzu qiladi. Shunga yarasha jamoamiz bilan puxta tayyorlanamiz va yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. O‘z uyimizda g‘alaba bilan quvontirmoqchimiz. Stadionimiz muxlislar bilan to‘ladi. Ular Xudo xohlasa, “Bobur Arena”ni “yondirishadi”. Biz ham shunga yarasha javob qaytaramiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!