
Farruh Sayfiev: "Turkmaniston bilan o‘yindan keyin Abramov qolishimni aytdi, natijaga u javob beradi"
“Paxtakor” klubi himoyachisi Farruh Sayfiev milliy terma jamoamizning Saudiya Arabistonidagi o‘yinlarida qatnashgan tarkibidan chetga chiqib qolgani keng jamoatchilik tomonidan tanqid qilindi.
Ko‘pchilikning nazdida Sayfiev terma jamoamizga kerak edi. Ayniqsa, uning qanotda Jaloliddin Masharipov bilan bir-birini juda yaxshi tushunib o‘ynashi terma jamoamizga asqotishi tabiiy edi.
Biroq Vadim Karlenovich nimagadir uni tarkibdan chetda qoldirishga qaror qildi. Bu esa futbolchining o‘ziga ham yoqmagani turgan gap. Boisi, Farrux milliy termamiz safida muhim uchrashuvlarda maydonga tushib, bosh jamoamizga yordam berishni juda xohlagandi.
Sayfievning tajribasiga shubha yo‘q. U “Paxtakor”da ham o‘z o‘rniga ega o‘yinchi ekanini bilamiz. Shunga yarasha u mehnat ham qiladi. Ayniqsa, qanot orqali himoyadan hujumga qo‘shilishi va bu borada faollik ko‘rsatishi Farruxning ustun jihatlaridan biri.
Terma jamoaga foydasi tegadigan himoyachini nima sababdan Abramov ro‘yxatdan o‘chirib yuborganiga tushunmadik. E’tibor bersangiz, “Paxtakor” klubining oxirgi yillardagi muvaffaqiyatlarida Sayfievning ham qo‘shayotgan hissasi ulkan.
Xullas, Farrux Sayfievning terma jamoamiz hamda “Paxtakor” haqidagi bir qator savollarga o‘zining munosabatini bilishga qiziqayotgandik. Boshida biroz keyinroq gaplashishimizni aytdi. Nihoyat, bu safar, u o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Lekin shunda ham barcha savollarga emas, balki ayrimlariga javob berishni lozim topdi.
- Farrux, siz milliy terma jamoamizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan futbolchilardan birisiz. Lekin bu safar tarkibdan chetda qolib ketdingiz. Afsuski, shunga yarasha natija ham o‘xshamadi. Bu masalada nima degan bo‘lardingiz?
- Assalomu alaykum! Toshkentda Turkmaniston terma jamoasi bilan o‘ynaganimizdan keyin Vadim Karlenovich mening qolishimni aytdi. Tarkibga kimni jalb qilishni va kimni qo‘shmaslikni murabbiy hal qiladi. Shunga qarab natijaga ham murabbiy javob beradi.
- Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuv borasida fikringiz qanday?
- O‘yinda ko‘rinib turgandiki, Saudiya Arabistoni terma jamoasi bizdan kuchliroq edi, har tomonlama.
- “Paxtakor” klubidagi o‘zgarishlar jamoa o‘yiniga qanchalik ta’sir qilyapti, deb o‘ylaysiz? Masalan, bosh murabbiy Piter Xyuistra siz uchun qanday mutaxassis?
- O‘zgarishlar baribir o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Ammo o‘yin uslubimiz o‘sha-o‘sha. Masalan, oldin qanaqa o‘ynagan bo‘lsak, hozir ham shunday davom etyapti. Bu borada hech qanday muammo yo‘q. Bosh murabbiy haqida nima desam bo‘ladi? O‘zining ustida ko‘p ishlaydi, nimadir yangilik izlaydi va asosiysi u talabchan.
- “Paxtakor”da bir necha yildan buyon to‘p suryapsiz. Faoliyatingizni yana qancha vaqt bu klubda davom ettirmoqchisiz?
- Hozircha “Paxtakor” bilan ikki yillik shartnomam bor.
- Shota Arveladze ketgach, sizda ham klubdan ketish istagi bormidi? Umuman, xorijdan takliflar bo‘ldimi?
- Xorijdan faqat Eron klubidan taklif bo‘lgandi.
- O‘ylashimcha, futbolchi sifatida O‘zbekistonda barcha sovrinlarni yutgansiz. Bu erda qolish uchun yana qanday motivatsiyaga egasiz?
- Sovrin yutish bu ajoyib! Ammo bu tarixda qoldi. Ushbu mavsumda ham avvalgi natijalarni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz, - deya javob qaytardi Sayfiev.
Aslida Sayfievga terma jamoamiz va yana boshqa mavzulardagi savollarimiz bor edi. Biroq futbolchi hozircha yuqoridagilarga javob bergan holda keyinroq bafurja gaplashishimizni ta’kidladi.
Balki uning ham ichida yana boshqa aytadigan gaplari bordir. Lekin futbolchining javoblaridan shuni bilish mumkinki, o‘zini ancha kamtar tutyapti. Shu sababli termamizga oid boshqa savollarni hozircha javobsiz qoldirdi.
Fikrlar