
Fayzullaevga xushxabar!
TsSKAdagi legionerimiz Abbosbek Fayzullaev Rossiyadagi debyut mavsumida jamoaviy yutuqlarni qo‘lga kiritganmagan bo‘lsa-da, individual sovrinlarni jamg‘arish davom etmoqda.
Bir necha kun muqaddam Rossiya Premer-ligasi qahramonlarini taqdirishlash marosimida “Mavsum kashfiyoti” nominatsiyasida g‘olib chiqqan Abbosbek Fayzullaevga yana bir bir xushxabar keldi.
TsSKA klubi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali Abbosbek Fayzullaev jamoada may oyining eng yaxshi o‘yinchisi, deb topilganini e’lon qildi.
Oyning eng yaxshi futbolchisini aniqlash muxlislar hamda 11 nafar ekspertlar ishtirokida ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Garchi mutaxassislar tanlovida Tamerlan Musaev ko‘proq ovoz to‘plagan bo‘lsa-da, muxlislarning aksariyati Abbosbek Fayzullaevga ovoz bergan.
Aniqroq aytganda, “armiyachilar”ga tarafdorlik qiladigan futbol ishqibozlari bergan ovozlarning 46 foizida oyning eng yaxshi futbolchisi sifatida aynan o‘zbek futbolchisi ko‘rsatilgan. Uning eng yaqin ta’qibchisi Tamerlan Musaev ikki baravar kam – 23 foiz ovoz yig‘di.
Bundan tashqari, ushbu nominatsiyani o‘tkazib kelayotgan TsSKAning bosh hamkori – APOTHEKA kompaniyasi ham may oyining eng yaxshi futbolchisi sifatida Abbosbek Fayzullaevni e’tirof etgan.
Ta’kidlash joizki, bu hujumkor futbolchimizning birinchi sovrini emas. Mavsumning boshida Fayzullaev bu tanlovda ketma-ket uch marotaba g‘olib chiqqan.
Legionerimiz sentyar, oktyabr va noyabr-dekabr oylarida tashkil etilgan tanlovda ham eng ko‘p ovoz to‘plagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga 500 ming evro evaziga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida jami 32 marotaba maydonga tushib, beshta gol va 14 ta assist muallifi bo‘ldi.
Hujumkor futbolchimizning transfer narxi bir mavsumda bir necha baravar ko‘tarilib, ayni paytda 5 million evroni tashkil qilmoqda. Fayzullaev ikki tajribali o‘yinchi – Eldor Shomurodov va Baxtiyor Zaynutdinov bilan birga Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisi hisoblanadi.
O‘zbeklar o‘ynaydigan Olimpiadada Mbappega o‘rin yo‘q!
O‘runov Masharipovdan chempionlikni tortib oldi yoxud yana qaysi futbolchilarimiz Eronni zabt etgan?
Shomurodovni olish oson bo‘lmayapti...
Fikrlar