"Futbolchi bugun ololmagan pulini baribir ertaga oladi" yoxud "Qo‘qon-1912" a’zosi jamoasining muvaffaqiyatsiz ishtirokini qanday baholadi?

  • 01.07.2022 11:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Qo‘qon-1912” birinchi davrani 12-o‘rinda yakunladi. Shu bois bu jamoa muxlislari kutgan natijani hozircha ko‘rsata olmayapti. Ko‘p uchrashuvlarda ochkolarni boy berdi.

Agar birinchi davraning so‘nggi turida “Dinamo”ni mag‘lub etganida turnir jadvalida biroz yuqoriga ko‘tarilib olish imkoniyati paydo bo‘lardi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Qo‘qonliklar oxirgi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuborishdi.

34 yoshli futbolchi Jamshid Hasanovning goli “Qo‘qon-1912”ga g‘alaba keltirayotgan bir paytda jamoa uni saqlab qola olmadi. Hasanov esa o‘sha o‘yin haqida fikr bildirdi.

- “Dinamo” bilan o‘yinimiz olti ochkolik ekanini hamma bilardi. Uchrashuvda hisobni ochganimizdan keyin samarqandliklarga o‘yinni berib qo‘ydik, chog‘i. Ketma-ket ikkinchi uchrashuvdirki, oxirgi daqiqada gol o‘tkazib g‘alabani qo‘ldan chiqaryapmiz. O‘tgan turda “Bunyodkor” bilan bahsda ham shunday bo‘lgandi. Birinchi davrada bir qancha o‘yinlarda ochkolarni yo‘qotdik. Lekin qo‘lni pastga tushirmoqchi emasmiz. Ikkinchi davrada vaziyatni o‘nglashga harakat qilamiz. Qanday bo‘lmasin jamoamizning mavqeini tiklashimiz kerak.

jamshid_5

“Qo‘qon-1912” klubi 12-turda safarda “Bunyodkor” bilan bellashuvda ham 0:1 hisobida g‘alaba qozonayotib oxirgi daqiqada gol o‘tkazib yuborib, g‘alabani qo‘ldan chiqargandi. Bu ruhiyat bilan bog‘liqmi? Jamshid vaziyatga quyidagicha munosabat bildirdi.

- Oxirgi ikkita uchrashuvda oxirgi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqarayotganimiz ruhiy tomondan bog‘liq emas. Balki kimdir mablag‘ muammosi bor, oylik maoshlar vaqtida berilmayapti, deb aytishi mumkin. Biroq futbolda bu baribir o‘yinchining ishi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar futbolchi tayyorlanib, maydonga chiqib o‘ynab berishi kerak. Bugun ololmagan pulini baribir ertaga oladi. Buni biz bahona qila olmaymiz. Qo‘limizdan kelganicha maydonga chiqib o‘ynadik. Omad ham bizdan yuz o‘giryapti deb o‘ylayman. Faqat gol o‘tkazib yuboryapmiz. Holbuki, bizda ichki muhit ham yaxshi.

jamshid1_2

Xullas, qo‘qonliklar birinchi davrani ko‘ngildagidek o‘tkaza olishmadi. Hozirgi o‘rin bu jamoaga yarashmaydi. Hasanovdan klubning ishtirokini balli tizimda necha bahoga loyiq ko‘rishi haqida so‘raganimizda shunday dedi:

- Birinchi davrada jamoamiz ishtirokini 3 bahoga loyiq deb aytardim. Bu yaxshi emas. Chunki 13 ta uchrashuvda 12 ochko jamg‘arish menimcha klub tarixida hali bunday bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Jamoamiz va tarkib bo‘yicha boshqalardan ustunligimiz bo‘lsa borki, aslo kam joyimiz yo‘q. Salgina omadimiz chopmadi.

Yana bir gap: “Qo‘qon-1912”da gol urish bo‘yicha samaradorlik ham ijobiy emas. 13 ta o‘yinda 8 ta gol urdi. Bir uchrashuvda eng ko‘pi bilan ikkita gol ura oldi xolos.

- Birgina “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvda ikkita gol urdik. Qolgan o‘yinlarda bittadan ko‘p gol ura olmadik. Bu yomon. Agar har bir bahsda bittadan gol urib, darvozamiz daxlsizligini saqlab qolsak bu boshqa gap. Ammo bitta gol urib ikkita to‘p o‘tkazish, yoki ikkita urib uchta o‘tkazish baribir mag‘lubiyat degani. Bu yaxshi holat emas. Oxirigacha kurashamiz va jamoani yuqori o‘rinlarga olib chiqishga harakat qilamiz, - deydi Hasanov.

jamshid3_1

Birinchi davradan keyin har kimning rejasi bo‘lishi tabiiy. Tez orada yozgi selektsiya ham ochiladi. Xo‘sh, Jamshid ikkinchi davra uchun qanday yo‘l tutmoqchi?

- Biz hali rahbariyatdan hech kim bilan gaplashmadik. Jamoa oxirgi o‘rinlarga tushib qolgan bo‘lsa, endi jamoani yuqoriga olib chiqmoqchimiz, - deya qisqacha javob berdi, futbolchi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!