
"Futbolchilarimiz mundialda to‘p surishga loyiq". Terma jamoamiz sobiq a’zosi Eron bilan bahsda bizga nima qo‘l kelishini aytdi
“JCh-2026” yo‘llanmasi yo‘lidagi bahslar o‘zining rosa qizg‘in va shu bilan birga yakuniy pallasiga kirdi. Milliy terma jamoamiz kecha “Bunyodkor” stadionida Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va mundial sari yurishini davom ettirmoqda.
To‘g‘ri, barchamiz kechagi bellashuvda vakillarimizdan ko‘proq gol urishlarini kutgandik va xohlagandik. Buning uchun futbolchilarimiz rosa harakat qilishdi, hatto raqib birinchi bo‘limda bir o‘yinchi kam bo‘lib qoldi. Shunga qaramay, qirg‘izistonliklar himoyada chakki ko‘rinmadilar. Darvozaboni esa ko‘plab yaqqol golli vaziyatlarda seyvlarini namoyish qilib, qutqardi. Biz penaltidan ham gol urolmadik. Futbolda doim biz o‘ylagan narsa bo‘lavermaydi.
Nima ham derdik, asosiysi, terma jamoamiz uch ochkoni qo‘lga kiritdi. 25 mart kuni esa terma jamoamiz Tehronda Eronga qarshi maydonga tushadi. Forslar 19 ochko bilan guruh peshqadami bo‘lib turishibdi. O‘zbekiston esa 16 ochko bilan ikkinchi o‘rinda. BAA va Qatarda 10 ochko mavjud. Yana uchta turdan so‘ng saralash bosqichi nihoyasiga etadi. Barchasi terma jamoamizning o‘z qo‘lida va biz mundial sari yaqin turibmiz.
Terma jamoamizning sobiq futbolchisi Anvar G‘ofurov vakillarimizning Qirg‘izistonga qarshi o‘yini va Eron bilan bo‘ladigan bo‘lajak uchrashuv haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Avvalambor, barcha yurtdoshlarimizga Navro‘z va g‘alaba muborak bo‘lsin! Barchani qo‘shaloq bayram bilan tabriklayman.
Juda muhim g‘alaba, balki juda kuchli raqib emasdir, muhimi g‘alaba qozondik va jahon chempionati sari yana bitta katta qadam bosdik.
Kutilganidek, oson o‘yin bo‘lmadi va raqiblarimiz bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganliklari ko‘rinib turdi. Raqib futbolchisining olgan qizil kartochkasi ham bizga foyda va yanada ustunlik berdi. O‘ylaymanki, bu tarkibimiz JChda o‘ynash uchun loyiq.
Albatta, Srechko Katanetsga qilgan mehnatlari uchun muxlislar nomidan katta minnatdorchilik bildiraman va dardlariga Alloh shifo bersin.
Muxlislarimizni terma jamoa futbolchilari, murabbiylari va g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan barcha vakillarini ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklayman va bu g‘alaba bilan yaxshigina bayram oldi barcha muxlislarning kayfiyatni ko‘tarishdi, deb o‘ylayman.
Albatta, bundan keyin ham ijobiy natijalar qayd etishlariga ishonaman. Buning uchun barcha imkoniyatimiz bor. O‘ylaymanki, Eronning deyarli vazifa bajargani sabab, bizga qo‘shimcha qo‘l keladi.
Bugungi terma jamoamiz tarkibi, Eron terma jamoasidan hech ham qolishmiydi. Ha, bizda yo‘qotishlar bor, Jaloliddin Masharipov, Oston O‘runov, Xusniddin Aliqulov kabi yigitlar yordam bera olmaydilar. Lekin jamoamizda yosh hamda iste’dodli futbolchilar ham etarli va o‘z so‘zlarini aytishga ular tayyor deb o‘ylayman”, - deydi G‘ofurov.
Eslatib o‘tamiz, milliy terma jamoamiz 25 mart kuni Tehronda Eronga qarshi maydonga tushadi. Bo‘lajak o‘yinda vakillarimizga omad tilaymiz.
Fikrlar