"Futbolimizda qanaqa sovrin bo‘lsa, hammasini yutmoqchimiz". Hamidjon Aktamov nega bosh murabbiylikdan ketganiga oydinlik kiritdi

  • 27 fevral, 2022, 21:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qizilqum” klubi ham yangi mavsumga astoydil tayyorlandi. Jamoada e’tiborli o‘zgarishlar kuzatildi.

Tecno

Birinchi navbatda aytish kerakki, bosh murabbiy yangilandi. Hamidjon Aktamov klub bosh direktori lavozimiga o‘tdi. Serbiyalik Nikola Lazarevich esa bosh murabbiy sifatida ishga kirishdi.

Tarkibga ham qanday futbolchilar kelganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Sports.uz muxbiri mavsum boshlanishi oldidan klubning yangi bosh direktori Hamidjon Aktamovga bir qator savollar bilan murojaat qildi.

- “Qizilqum” klubi bosh direktori sifatida ishga kirishdingiz. Endi rahbar sifatida ayting-chi, jamoaning mavsumga tayyorgarligidan qanchalik qoniqish hosil qildingiz?

- Nima deyishim mumkin? Biz yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Jamoamiz Antaliyadagi yig‘indan qaytib kelgan. Ilk o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Startni uch ochko bilan boshlashimiz kerak. Barcha futbolchilarimiz tayyor, kayfiyatlari ham yaxshi. Xudo xohlasa, yaxshi niyat bilan boshlaymiz. Akademiya qurish, rekonstruktsiya qilish bo‘yicha loyihalar boshlandi. Viloyat rahbarlari bu borada jiddiy bosh qotirishyapti. Xudo xohlasa, bu Navoiyga katta yangilik bo‘ladi. Yaqin kunlarda bazamiz, akademiyamizga birinchi g‘isht qo‘yiladi. Mablag‘lar to‘liq kelishib olingan. Yangi avtobus berishdi. Turkiyadagi yig‘in ham ko‘ngildagidek o‘tdi. Xorij yig‘inimiz 21 kun davom etdi. Chunki o‘zimizda hali ham bunaqa sharoit yo‘q. Har doim maydon masalasida qiynalib kelardik. Tarkibga esa legionerlarni chaqirdik. O‘zbekistonning yaxshi futbolchilari bilan kelishuvga erishdik.

aktamov_4

- Bungacha “Qizilqum”da bosh murabbiy bo‘lib ishladingiz. Bu yil esa klub direktoriga aylandingiz. Nimaga bosh murabbiylikdan ketdingiz? Nega klub direktoriga o‘tdingiz? Bular biz uchun qiziq edi...

- Sababi murabbiylikdan ozgina dam olmoqchi bo‘ldim. Ilgari bosh menejer bo‘lgan paytimda ham murabbiylikni o‘zim bajarganman. Hammasi o‘zimda bo‘lgan. Endi boshqa murabbiy olib keldik, unga ishonch bildirdik. Viloyatimiz sha’nini himoya qilish uchun kurashamiz. Birgalashib yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.

- Oldingi yillardagidek natijaga yana siz javob beraverasizmi yoki hammasi bosh murabbiyga yuklatildimi?

- Natijaga baribir birinchi o‘rinda bosh murabbiydan so‘raladi. Bundan keyin biz bitta odamdan natijani so‘ramaslikni o‘rganishimiz kerak. Natijaga klubning har bir xodimi, futbolchisi va murabbiyi javob beradi. Hamma jamoa uchun ishlashi va qo‘llab-quvvatlashi kerak. Xudo xohlasa, bu yil natijamiz yaxshi bo‘ladi deb o‘ylayman.

aktamov2

- Nima uchun bosh murabbiylik uchun Nikola Lazarevich nomzodiga to‘xtalindi?

- Baribir xorijlik murabbiy olib kelishimiz kerak edi. Evropa futbolini ko‘rgan, o‘zimiznikilarga bilmagan narsalarini o‘rgatish uchun jalb qilindi. Rahbarlar murabbiyni tanladi. Oldin qaerda ishlagan, qanday natijalar ko‘rsatgan, barchasi inobatga olingan. Hozir hech nima deya olmaymiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Barchamiz murabbiyga ishonyapmiz.

- Klub oldiga “konkret” qanday vazifa qo‘yildi?

- Futbolimizda qanaqa sovrin bo‘lsa, hammasini yutish vazifasi qo‘yilgan. Maksimal darajada kurashamiz. Chempionlikni ham, Kubokni ham qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.

aktamov5

- Hozirgi holatdan kelib chiqib, “Qizilqum”ni bunga qodir deb o‘ylaysizmi?

- To‘g‘risi, futbolimiz ichidagi mutaxassisilar bu yilgi yig‘ilgan tarkibimizni yuqori baholashyapti. Hamma yaxshi o‘yinchilar to‘plangan. Biz hamma narsani tayyor qilib berdik. Bu yog‘i harakat. Harakatda esa barakat. Baribir futbolchilarga ko‘p narsa bog‘liq.

- “Qizilqum” qachon o‘z maydoniga qaytadi? Ungacha klub Toshkent, Olmaliqda o‘ynab turadi. Muxlislarisiz o‘ynash jamoaga qo‘shimcha noqulaylik tug‘dirmasmikin?

- Har doim bir narsaga erishish uchun bir narsadan kechish kerak. Bu hayot qonuni. Agar o‘z maydonimizda o‘ynaymiz deb manfaatimizni ko‘zlasak, infrastrukturamizga ta’sir qilishi mumkin. Biz hozir shunga majburmiz. Ammo yaqin yillar ichida eng zo‘r maydonga va akademiyaga ega bo‘lamiz. Qiyinchilik bo‘ladi. Axir qiyinchiliksiz hech nima bo‘lmaydi. Ana shu qiyinchilikni bo‘ynimizga olishga va mehnat qilishga majburmiz.

aktamov1_1

- Qishki transfer oynasi vaqtida qaysi klublarning selektsiyasi sizni ko‘proq e’tiboringizni tortdi?

- Hech qanaqa selektsiya e’tiborimni tortgani yo‘q. Hammasida bo‘lmasa ham ko‘plab klublarda vaziyat bir hil. 5 ta turgacha hech narsa deb bo‘lmaydi.

- Tarkib masalasida rejadagi barcha o‘yinchilar olindimi yoki...

- Tarkibimizni optimal deb o‘ylayman. Nimani niyat qilgan bo‘lsak, hammasiga erishdik. Jamoaning o‘zagini saqlab qolganmiz, bu ham katta yutuq.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Aziz Yuldashev
27/02/2022 22:18
Сал оширворибсиз Актамов.