
Futzalimiz qachon "uyg‘onadi"?
Kuni kecha futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yig‘inni boshladi. Lekin oxirgi paytlarda mamlakatimizda futzalga bo‘lgan e’tibor pasayib ketgandek taassurot qoldirayotgandi. Klublarimiz esa xalqaro musobaqalarda omadsizlikka yuz tutib kelishmoqda. Qolaversa, terma jamoamiz ishtirokidagi yig‘in va o‘yinlarga ham guvoh bo‘lmayotgandik. Aftidan futzalga ham yana oldingidek katta e’tibor qaratila boshlandi.
Terma jamoa yosharayotgani
O‘zbek futzalida katta o‘rin tutgan Bahodir Ahmedov ayni paytda milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yaqinda boshlangan yig‘inda esa asosan yosh futzalchilar ishtirok etayotganiga guvoh bo‘ldik. Avvalo bosh murabbiy mazkur jarayon haqida to‘xtalib o‘tdi.
- Terma jamomizning yig‘inini ham boshlab oldik. Tarkibimizda 90 foiz yangi futzalchilar shug‘ullanishyapti. Ikki yarim oydan keyin Osiyo chempionatiga saralash bahslari boshlanadi. Biz shuning uchun tayyorgarlikka kirishganmiz. Yana bir gap: Choriev, Umarov kabi etakchi futzalchilarga tegmaganimning sababi shundaki, OKMK jamoasi avgust oyida Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasida ishtirok etadi. OKMK jamoasi ham ushbu jiddiy musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishi uchun ham o‘yinchilarini terma jamoa yig‘inlaridan ozod qildik. Bu masala bo‘yicha OKMK murabbiyi bilan gaplashdik va o‘zaro kelishib oldik. Chempionlar ligasidagi musobaqadan qaytib kelishganidan so‘ng yana terma jamoamiz ixtiyoriga qo‘shilishadi. Keyin esa yig‘inlar paytida o‘yinchilarni saralab olamiz. Hozirgi jamoamizda yosh futzalchilarimiz ham ko‘proq. Biz ularni chaqirishimizdan maqsad faqat bugungi kunni o‘ylayotganimiz yo‘q. Balki kelajakni ham o‘ylab shunday yo‘l tutyapmiz. Keyinchalik men shu erda murabbiy bo‘lamanmi yoki yo‘qmi, muhimi hozirgi yoshlarimiz kelajakda futzalimiz uchun hissa qo‘shishlarini istayman. Xusniddin Nishonov, Ixtiyor Ropiev kabi futzalchilar endilikda yana o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishyapti. Ularga amaliyot ham kerak. To‘g‘ri, men etakchi futzalchilarimizni tarkibga qo‘shib olsam ham bo‘lardi. Keyin hozirgi yoshlar o‘sadimi-yo‘qmi? Mana, hozir chempionatimizda bir oylik tanaffus bo‘ladi. Yosh futzalchilarimiz hozirda o‘rganib borishyapti. Keyinchalik ular katta, tajribali futzalchilarga qo‘shilishganida yo‘qolib qolishmaydi.
Chempionatning bugungi holati
Futzalning rivojlanishi o‘z-o‘zidan uning ichki chempionatiga borib taqaladi. Bizda esa futzal chempionatini o‘tkazish borasida turli yangiliklarga qo‘l urib ko‘rishyapti. Lekin buning qanchalik samarasi sezilyapti? Bahodir Ahmedov bilan o‘zaro muloqot davomida u chempionatimiz haqida ham gapirdi.
- Rahbariyat tomonidan ham futzalga e’tibor qaratishni boshlashdi. Chempionatimiz ham oldingi formatiga qaytdi. To‘g‘ri, o‘sha formatdagi birinchilik ham yaxshi edi, ammo uni o‘tkazish uchun katta mablag‘ talab qilinardi. Uy-safar tizimida o‘ynash yaxshi-yu, ammo safarlarga borib-kelish uchun sarf-harajatlar ham ko‘payib ketadi. Qolaversa, jamoalar bir-birining o‘yinlarini ko‘ra olishmaydi. Hammasi bir joyda bo‘lib, chempionatda ishtirok etishsa, hamma o‘z o‘yinlarini ko‘radi, o‘rganadi va biladi. Masalan, bu narsa bizga ham oson. Kimning qanday o‘ynayotganini ko‘rib tahlil qila olamiz. Masalan, to‘rtta o‘yinni ko‘rsak, unda hammasi bo‘lib sakkizta jamoa o‘ynaydi. Natijada men har bir jamoadagi o‘yinchilarning imkoniyatlarini ko‘rib olaman. Natijada men uchun o‘yinchi tanlash ham osonroq bo‘laveradi. Futzalchi doim harakatda bo‘lishi lozim.
Futzal orqaga ketdimi?
Lekin bir narsani alohida aytish joizki, futzalimiz o‘zgarishlarga muxtoj bo‘lib qolgandi. Futzalimiz qachon «uyg‘onadi», kabi savollar ham ko‘p yangramoqda. Oxirgi yillardagi e’tiborsizlik oqibatida o‘zbek futzali go‘yoki bir necha yil orqaga ketgandek bo‘ldi ham. Ahmedovdan shu haqida so‘raganimizda shunday dedi:
- To‘g‘ri, oxirgi yillarda futzalimiz orqaga ketishga ketdiku-ya, ammo endilikda ishlar yana o‘z joyiga tushyapti. Chempionatimiz yaxshi o‘tyapti. Terma jamoamiz yig‘ini ham boshlandi. Biz maksimal darajada ishlashga harakat qilyapmiz va terma jamoamizni yana oldingi darajasiga olib chiqishga bel bog‘laganmiz. Bilasiz, oxirgi Osiyo chempionatida 3-o‘rinni egallab mavqeimizni saqlab qolganmiz. Lekin, endi o‘sha o‘rnimizni saqlab qolishimiz qiyin bo‘ladi. Nimanidir egallashdan ko‘ra o‘sha narsani himoya qilish doim qiyin bo‘lib kelgan. Biz avvalo Osiyo chempionati saralashida muvaffaqiyatli ishtirok etib final bosqichiga chiqishimiz lozim. Saralash bahslaridan o‘z-o‘zidan chiqib qolmaymiz. Bu ham o‘ziga yarasha mashaqqat. Shu bois avvalo saralash bahslari haqida bosh qotirishimiz lozim. Shundan so‘ng Osiyo chempionati haqida o‘ylasak bo‘ladi. Shaxsan men birinchi navbatda saralasha bosqichidan muvaffaqiyatli chiqib olishni o‘ylayapman. Hozirga kelib jamoalar yaxshi o‘yin ko‘rsatishyapti. Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Iroq, Afg‘oniston va yana bu ro‘yxatni davom ettirishim mumkin. Ayni paytda barcha raqiblar saralash bahslariga jiddiy tayyorlanishyapti.
Yoshlarga qaratilayotgan e’tibor haqida
Shuningdek, iqtidorli yosh futzalchilarga yana e’tibor ortib borayotganini Ahmedovning fikrlaridan bilib olish qiyin emas. Xususan, jamoalarda ham asosiy e’tibor iste’dodli o‘yinchilarga qaratilayotgani ham O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyini quvontirmoqda.
- Boya aytganimdek, ichki chempionatimiz saviyasi noliydigan darajada emas. Jamoalar tarkiblarida asosan 18-19 va 20 yoshli futzalchilar o‘ynashyapti. Yoshlarni o‘ynatishayotganidan juda xursandman. Ularda o‘yin amaliyoti oshib boryapti. Tajribali futzalchilardan ko‘p narsalarni o‘rganishyapti. Masalan, men futzal o‘ynab yurgan paytimda boshqalar menga, «sizning o‘yiningizni doim ko‘rib, o‘rganib o‘tiramiz» deyishardi. To‘g‘ri, murabbiy doim o‘yinchilariga o‘rgatadi. Ammo qaerdadir futzalchi nostandart qarorlarni qabul qilib, shunga moyil darajada o‘ynashiga ham to‘g‘ri keladi. Buni futzalchi hech qachon unutmasligi kerak. Futzalchida ijodkorlik bo‘lishi muhim.
Futzalimizdagi asosiy muammolar nimadan iborat?
Lekin ish bor joyda albatta kamchilik va xatolar bo‘lib turadi. Bungacha futzal bo‘yicha terma jamoamizning Kolumbiyada o‘tgan jahon chempionatida ishtirok etgani eng katta natijamiz hisoblanadi. Shuningdek, Osiyo chempionatlarida ham asosan sovrinli o‘rinlardan joy olib kelishgan. Lekin bugungi kunda futzalimizdagi asosiy muammolar ham yo‘q emas. Ahmedov esa shular haqida to‘xtaldi.
- Muammolarimizdan biri shundaki, o‘yinchilarimiz legioner sifatida xorijda kam o‘ynashyapti. Oldin bunday futzalchilarimiz ko‘proq edi. Agar legionerlarimiz qancha ko‘p bo‘lsa, bu futzalimiz uchun ham shuncha foydali bo‘ladi. Keyin yana bir asosiy muammoimiz shundaki, bizda futzal maktablari yo‘q. Futbol bilan futzalni farqi juda katta. Futbolda bolalar uchun futbol maktablari bor va ular katta futbolga qiyinchiliksiz kirib kelishadi. Futzalni yanada kuchaytirishimiz uchun ham shunga ixtisoslashgan maktablarga ega bo‘lishimiz kerak. Biz futbolimiz rahbarlari bilan mavjud muammolar haqida gaplashdik. Ular ham futzal maktablari zarur ekanligini ta’kidlashyapti. Lekin hammasiga asta-sekinlik bilan erishiladi. Viloyatlarda futzal maktablarini tashkil qilish va ularning o‘rtasida turli musobaqalarni o‘tkazish katta foyda beradi. Natijada terma jamoamizga o‘z-o‘zidan tayyor futzalchilar etishib chiqaveradi. Rahbarlarimiz bu muammolarni ham hal qilamiz deyishdi va bunga ishonamiz.
Bizga yana xorijlik murabbiy kerakmi?
Balki O‘zbekiston terma jamoasiga yana xorijlik murabbiy zarurdir. Ayniqsa, bungacha ishlab ketgan ispaniyalik Xose Mariya Mendez terma jamoamizni boshqarish orqali o‘zidan iliq taassurotlar qoldirganini hamma yaxshi eslasa kerak. Futzalni va terma jamoamizni kuchaytirish uchun yana shunga o‘xshagan xorijlik murabbiylar kerakligi haqida eshitib qolamiz. Bunga Bahodir Ahmedov qanday qaraydi? Quyida uning fikrlarni keltirib o‘tamiz.
- Terma jamoamizga xorijlik murabbiy kelsa, bunga faqat ijobiy qarayman. Biz yana ulardan ko‘p narsalarni o‘rganamiz. Sapo, Mendez kabi mutaxassislar kelishgan paytda ham ulardan tajribalarini o‘rgandik. Xorijlik mutaxassislar futzalimizga ko‘p yangiliklarni olib kelishadi. 2012 yili biz jahon chempionatiga chiqa olmadik. Keyin 2015 yili bizga Mendez keldi va u bilan yana birga ishladik. Endi bu safar qanday bo‘lmasin jahon chempionatiga chiqishimiz kerak. Aks holda bizni kechirishmaydi degandim. Agar bizga Mendezga o‘xshagan murabbiy kelsa, bu eng zo‘ri. Pulpis (Mendez) doim aytardi, mashg‘ulot o‘tkazib olganimdan keyin kimga nima kerak bo‘lsa beraman derdi. U ba’zi-bir murabbiylarga o‘xshab qizg‘onchiq emasdi. U bilan haligacha aloqada bo‘lib turibmiz. Hozirgacha qanaqa yordam kerak bo‘lsa, bajonidil qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Mendez har tomonlama zo‘r murabbiy. O‘zidagi o‘quv qo‘llanmalarni hech qachon sir saqlamaydi, doim boshqa murabbiylarga yordam berishga harakat qiladi. Birga ishlaganimizda mashg‘ulotlarni menga topshirib, murabbiylik malakamni sinovdan o‘tkazardi. Mashg‘ulotni tugatganimdan keyin seni bitta kuchsiz tomoning bor, u ham bo‘lsa seni o‘yinchilarga jahling chiqmayapti, ular bilan o‘rtangda aka-ukachilik bo‘lib qolgan deb tanbeh bergandi. Murabbiy hech qachon aka-ukachilikka qarab o‘tirmasligi, kerak paytda qattiq gapira olishni bilishi lozim. To‘g‘ri, shug‘ullantirgan futzalchilar orasida birga o‘ynagan yigitlar ham bor edi. Mendez esa bunday narsalarni unutishim kerakligini aytardi. Mashg‘ulot – bu ish. Shu bois qattiqqo‘llikni undan o‘rganganman.
Fikrlar