
Fyodorov eng kuchli o‘zbek futbolchilari, argentinalik forvard bilan suhbat, o‘zbegim taomlari va oilasi haqida gapirdi (2-qism)
Andrey Fyodorov ham futbolchi, ham murabbiy sifatida ulkan yutuqlarga erishgan mutaxassis. Rossiya ommaviy axborot vositalari xodimlari hamyurtimizdan faoliyati va hayoti haqida intervyu oldi.
Sports.uz portali e’tiboringizga ushbu intervyuni havola etmoqda.
Fyodorov futbolimizning Rossiyanikidan kuchli jihatlari, yoshlarning kamchiligi, Shomurodovning Ronalduga o‘xshash xislati kabi qiziq mavzularda gapirdi (1-qism)
- O‘zbek futboli tarixidagi eng iste’dodli uch futbolchi kim?
- Birinchi o‘rinda Mirjalol Qosimov. Undan avvalroq o‘ynagan Gennadiy Krasnitskiy va Birador Abduraimov.
- Toshkentda hayot qanday?
- Karantin davrida unchalik emas. Yarim yildan beri bu erda yolg‘iz qolib ketdim, oilam Moskvada. Psixologik tomondan qiyin. Umuman olganda esa, Toshkentda hayot yaxshi.
- Sizga u erda ko‘proq nima yoqadi?
- Toshkent, butun O‘zbekiston issiq o‘lka, odamlarining bag‘rikeng, do‘stparvar. Odamlar bir biri bilan yaxshi munosabatda.
- Toshkentni Rossiyaning biron bir shahri bilan solishtirsa bo‘ladimi?
Bilmadim. Balki Qozon bilan solishtirishim mumkindir.
- Issiq zeriktirmadimi?
- Nimasini aytasiz! Bu yangi kelganlarga darrov bilinadi. Jamoamda legionerlar bor, ana ular hammadan ko‘p qiynaladi. O‘zbekistondagi jazirama inson organizmiga ta’sir o‘tkaza oladi. Men bu erga 20 yillik tanaffusdan so‘ng 2014 yili kelganimda, moslashib olishim juda qiyin kechgan.
- “Lokomotiv”da legionerlar bor, dedingiz. Ular kimlar?
Hozirgi tarkibda Kirill Pogrebnyak, chernogoriyalik Slavko Damyanovich va gruziyalik Kaxi Maxaradze bor. Kaxi o‘n yildan buyon O‘zbekistonda yashaydi, u ob-havoga ko‘nikib ketgan. Qolgan yigitlar qiynalyapti, lekin men ularni ogohlantirganman. Ular ba’zan oldimga kelib “Nafas olib bo‘mayapti, qanday mashq qilamiz?”, deb so‘rab qolishadi. Yuqori harorat haqiqatan ham odamning kuchini olib qo‘yadi.
- Dunyoga mashhur o‘zbek taomlari haqida so‘ramasam bo‘lmaydi. Nima deysiz?
- U dunyoda eng zo‘ri!
- Bizga qaysi taomlarni tavsiya qilasiz?
- Palov bo‘lishi aniq. Keyin qozon kabob. Albatta, somsani ham tatib ko‘rish kerak. U juda mazali.
- O‘zingiz ham biror nima tayyorlay olasizmi?
- Ko‘p narsa pishira olaman. Karantin vaqtida o‘zim uchun ko‘p taomlarni kashf qildim. Asosan, sarxil sabzavotlardan tayyorlanadigan parhezbop taomlar.
- O‘zbeklarning eng mazali deserti qaysi?
- Qovun va tarvuz. Men pomidorni ham qo‘shgan bo‘lardim. Men uchun yaxshi pishgan o‘zbek pomidoridan zo‘ri yo‘q.
- Oilangiz sizdan uzoqda. Ular haqida ham bilmoqchi edik.
- Bajonidil. Turmush o‘rtog‘im Svetlana bilan oila qurganimizga bu yil 27 yil bo‘ladi. Meni har bir masalada doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ajoyib inson.
To‘ng‘ich o‘g‘lim Nikita 26 yosh. O‘zbekistonda tug‘ilgan. Sport yuristi. Moskvaning “Lokomotiv” jamoasida ishlaydi. Shu bilan birga Rossiyada kibersport bilan shug‘ullanmoqda.
Kichik o‘g‘lim Aleksey Moskva davlat universitetida iqtisodiyot fakultetida o‘qiydi. O‘z kuchi bilan byudjetga kirdi. Biz buni G‘alaba kuni sifatida nishonlaymiz.
- Rossiyaga tez-tez borib turasizmi?
- Epidemiyagacha oyiga ikki marta borardim. Ba’zan oilamdagilar o‘zlari kelardi. 2 yanvardan beri borolmayapman.
- Bir necha yildan beri mustaqil ish yurityapsiz. Kimlarni ustoz, deb bilasiz?
- Birinchi navbatda Yuriy Sarkisyanni. U meni Farg‘onada shug‘ullantirgan. Ko‘p narsani Qurbon Berdievdan o‘rgandim. Uning qo‘l ostida uzoq to‘p surdi va ishladim. Nafaqat undan, balki uning yordamchilaridan ham ancha narsalarni o‘zlashtirdim.
- Sizningcha, murabbiylikda eng muhim narsa nima?
- Futbolchilar bilan til topishish. Pro kategoriyasiga o‘qiganimda bejizga futbol psixologiyasi mavzusini tanlamaganman. O‘yinchini psixologik tomondan kuchaytirishning ko‘p usullari bor, lekin sen o‘z g‘oyalaringni futbolchiga tushuntirib berolmasang, hech narsaga erisholmaysan. Shuning uchun murabbiy doim o‘yinchilar bilan til topisha olishi, muloqot qila olishi kerak.
- Rossiyada hozir eng yaxshi murabbiy kim?
Bu masalada, kim qaysi jamoani shug‘ullantirayotgani muhim. Futbol mashg‘ulotlari deyarli bir xil, lekin jamoalar turlicha o‘yin ko‘rsatadi. Hammasi qo‘l ostingda qanday o‘yinchilar jamlanganiga bog‘liq.
Natijalar bo‘yicha Sergey Semakni e’tirof etgan bo‘lardim. Menga Valeriy Karpin qo‘l ostidagi “Rostov”ning o‘yini ham yoqmoqda. Hozir “Sochi”da ishlayotgan Vladimir Fedotov ham jamoa shakllantirishni yaxshi biladi.
- Ularning birortasi bilan aloqangiz bormi?
- Ha. Semak va Fedotov bilan ijtimoiy tarmoqlarda yozishib turamiz.
- Rossiya futbolchini diqqat bilan kuzatib borasizmi?
- Jonli translyatsiyalarni tomosha qilaman. O‘xshamay qolsa, internetdan foydalanaman.
- Qaysi jamoa yoqadi?
- Rostini aytsam, “Rubin” va TsSKA. Ularni anchadan beri yaxshi ko‘raman.
- Nima deb o‘ylaysiz, Leonid Slutskiy Qozonda ishlay oladimi?
- Agar unga u xohlagan futbolchilarni olib kelib berishsa, ishlay oladi. Doim aytaman, har bir murabbiyda fikr, g‘oya bo‘ladi. Ularni amalga oshirishni istaydi, lekin bunga erishish uchun kerakli futbolchilar bo‘lmasa, g‘oyalarini ro‘yobga chiqara olmaydi.
- “Rubin”dan qanday xotiralar qolgan?
- Ajoyib xotiralar bor. Men bu jamoaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga obuna bo‘lganman va doimo ular haqida mamuniyat bilan o‘qib boraman. Hozir hamma narsa o‘zgargan. Men hozirgi futbolchilardan hech kimni tanimayman, lekin murabbiylar Sergey Kozko, Oleg Kuzmin, klub akademiyasida ishlayotgan mutaxassislar bilan hamon aloqadaman. “Rubin”dagi yangiliklardan onlayn tarzda xabardorman.
- Faoliyatingizdagi eng yorqin uchrashuv qaysi?
1994 yili Xirosimadagi Osiyo o‘yinlari finali. O‘zbekiston – Xitoy 4:2. Men 23 yosh edim.
- Siz bilan o‘ynagan eng zo‘r futbolchi kim?
- Savo Miloshevich, u bilan faoliyatimiz “Rubin”da kesishgan. U otashin so‘zlari bilan jamoani qo‘zg‘ata olardi va men uning so‘zlarini bir umrga eslab qolganman. Savo kuchli shaxs.
2008 yilda “Rubin” yaxshi o‘yin ko‘rsatolmay qolgan pallada, bir o‘yindan oldin u bolalarga: “Men ko‘p joyda – Angliya, Ispaniya, Italiyada o‘ynadim, meni yulduz deb bilishadi, men esa oddiy futbolchiman. Men hech qachon chempion bo‘lmaganman. Bu men uchun orzu. Hozir uni ro‘yobga chiqarish uchun imkon bor. Yillar o‘tganidan keyin buni nima ekanini tushunib etamiz”, - degan edi. U Rossiya chempionatini past ko‘rmadi. Uning chaqirig‘i bizga turtki bo‘ldi. Uning so‘zlari menga qattiq ta’sir qildi.
- Eski jamoadoshlardan birortasi bilan aloqa qilib turasizmi?
- Ko‘pchilik bilan. Hatto Chori (Alexandro Dominges – “Rubin”ning sobiq hujumchisi) bilan ham ijtimoiy tarmoq orqali aloqadamiz.
- U argentinalikku, qaysi tilda muloqot qilasiz?
- Google tarjimon borku. Makbet Sibayya bilan ham ketganidan keyin besh yil gaplashib turdik. Keyin yo‘qolib qoldi.
- Faoliyatingizda afsus chekadigan biron nima bormi?
- Yo‘q. Birorta narsani boshqacha qilganimda keyin nima bo‘lishini kim biladi? Yo‘q. Afsus qilmayman. Men 38 yoshimgacha kuchli klublarda yuqori marralar uchun kurashdim. O‘zbekistonda ham, Rossiyada ham.
- Futbolni atrofidagi hayot qiziqmi?
- Men uchun birinchi o‘rinda oilam turadi. Men futbol o‘ynashni to‘xtatganimda oilam uchun vaqtim ko‘p bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Lekin hammasi teskari bo‘lib chiqdi.
- Dam olish kuningiz qanday o‘tadi?
- Mavsum davomida dam olish kuni yo‘q. O‘yin va mashg‘ulot bo‘lmagan kunlari, uyda o‘yinlarni tahlil qilaman, o‘zimizning va raqiblarning o‘yinini tomosha qilaman. Oxirgi uchta o‘yinni, albatta, birma bir ko‘rib chiqaman. Ayniqsa, hozir jadvalimiz juda tig‘iz. Oilam yonimda bo‘lsa biror joyga chiqishimiz mumkin edi, chalg‘igani.
- Toshkentda dam oladigan joylar bormi?
- Albatta, shaharda qiziqarli joylar, parklar, xiyobonlar ko‘p. Ularda ajoyib attraktsionlar, kafelar bor. Shahar tashqarisiga ham chiqish mumkin. Unchalik uzoq bo‘lmagan joylarda chiroyli ko‘l va tog‘lar bor. Dam olishga sharoit etarli.
- Odatda, ta’tilda qaerga borasiz?
- Ishonmaysiz, oxirgi bor ta’tilga 2007 yili chiqqanman. Oilamiz bilan Kubaga borganmiz. Yana biror joyga borib kelish kerak.
- Jaziramadan qanday qilib chanqoqni qondirish mumkin?
- Birinchi navbatda, quyoshda kam yurish kerak. Ikkinchidan suv ichish kerak. Lekin birdan ko‘p ichib bo‘lmaydi. Doim yoningizda suv olib yurishingiz kerak. Sekin-sekin ichasiz. Organizmni zo‘riqtirib qo‘ymaslik muhim.
- Choy ichish kerak, demadingiz?
- Eee, bu boshqa masala. Choyni uyda, oila yoki do‘stlar davrasida ichish kerak. Ayniqsa, ko‘k choy chanqoqni yaxshi qondiradi.
- O‘zingiz va do‘stlaringizga nima tilaysiz?
- Kim sportda yoki mashg‘ulotda bo‘lsa, omad va muvaffaqiyat. Bu qiyin yo‘l, shuning uchun hammaga sabr-qanoat tilayman. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, natija qanday bo‘lsa ham, biz ertalab uyg‘onib, yana o‘z ishimizga jiddiy yondashishimiz kerak. Kasbimiz boshqa munosabatni ko‘tarmaydi. Hamma narsani 100 foiz bajarish shart.
Fikrlar