
Germaniya bolalar futbolida murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan vatandoshimiz borligini bilasizmi? SPORTS.uz Sarvar Xalilov bilan bog‘landi! (Katta intervyu)
Germaniya futboli har doim o‘zining professionalligi bilan ajralib turgan. E’tiborlisi shundaki, Berlin shahridagi bolalar futbol akademiyalaridan birida vatandoshimiz Sarvar Xalilov faoliyat olib bormoqda. Bugun, SPORTS.uz bu insonni futbol ishqibozlari bilan tanishtiradi.
- Avvalo qaerda va qanday oilada tavallud topgansiz?
"Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida, 1979 yilda dunyoga kelganman. Onam - pedagog. Dadam - jismoniy tarbiya institutining voleybol yo‘nalishida tahsil olganlar. Ziyolilar oilasida dunyoga kelganman".
- Futbol bilan professional tarzda shug‘ullanganmisiz? Qachondan beri murabbiylik qilasiz?
"Professional tarzda futbol bilan shug‘ullanmaganman. Afsuski, bolaligim 90 yillarga to‘g‘ri kelgan. U paytlari ko‘plab boshqa faktorlar sababli sport bilan erkin shug‘ullanishning imkoni bo‘lmagan. Keyinchalik, Rossiyaga ko‘chib ketdim. O‘sha erda Kaliningrad viloyati birinchiligida to‘p surganman. 2017 yildan beri murabbiylik qilib kelyapman".
- Qashqadaryodan Berlingacha yo‘lni qanday qilib bosib o‘tdingiz?
"Ochig‘i, bu erga aynan futbol murabbiyi bo‘lish maqsadida kelganman. 2000 yillarda futbol sohasida faoliyat olib boraman deb o‘z-o‘zimga va’da berdim. O‘sha yillari Germaniyada tahsil olayotgan bir do‘stim bo‘lardi. Undan barcha kerakli ma’lumotlarni olgach, tayyorlanishni boshladim. 2016 yilda? avvaliga Shvetsiyaga ko‘chib keldim. Oradan 6 oy o‘tgach, Germaniyaga yo‘l oldim. 2017 yildan boshlab futbol murabbiylari kurslari bo‘yicha "AUSBILDUNG"da (Germaniyada biror kasbga tayyorlash tizimi) o‘qiy boshladim".
- Bugungi kunda qaysi yosh toifasidagi bolalarga futbol saboqlarini berib kelmoqdasiz?
"Hozirda "CC Borsigwalde" Berlinda U12 jamoasida bosh murabbiy, U15 jamoasida yordamchi murabbiy sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman".
- Ishingiz haqida batafsil so‘zlab bersangiz.
Ishimdan lazzat olaman. Hozir bolalarning individual mahoratini oshirish birlamchi vazifam hisoblanadi. Shuningdek, jamoaviy o‘yinga oson qo‘shilib ketishi uchun ularga nazariy bilim ham berib kelyapman. Bizda turnirlar ko‘p. Berlin birinchiligining o‘zida deyarli har hafta bir yoki ikki bor maydonga tushamiz. Bundan tashqari, bo‘sh kunlarda boshqa klub yoshlari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etib turaman. Ayni damda, "DFB" va "B" litsenziyasi uchun o‘quv kursida tahsil olyapman".
- Siz o‘zbek va nemis futbolidagi farqni ko‘rgansiz. Aytingchi, bizning futboldagi eng katta muammo nimada?
"To‘g‘risi, farq juda katta. Bu haqda ortiqcha to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman. Bugungi o‘zbek futbolining holati achinarli. Hatto, yig‘lagulik darajada deyish mumkin. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Kimdir Germaniyadagi pulni vaj qilib ko‘rsatishi mumkin, ammo ishoning, oddiy elementar mashg‘ulotlar orqali ham yaxshi natijalarga erishish mumkin. Qandaydir qimmat texnika bo‘lishi shart emas. Shunchaki, bolalar futbolidagi murabbiylar o‘z ishiga professional yondashsa bo‘lgani".
- Necha yldan beri Germaniyadasiz? Bizda bolalar futbolida qanday muammolar bor deb hisoblaysiz?
"Ochig‘i, O‘zbekistonda bolalar futboli uchun imkoniyatlar faqatgina Toshkent shahrida bordek taassurot qoldirmoqda. Viloyat markazlarida ham sharoit bor, biroq futbol cheka-cheka qishloqlarga etib bormagan. Tumanlarda yashayotgan yuz minglab bolalarda futbol bilan shug‘ullanish imkoni yo‘q. Hozirgi kunda Germaniyada 6 dan 11 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning har uchinchisi futbol bilan muntazam shug‘ullanadi, bu kursatkich bizda qanday? Bilmadim, ammo futbol bu eng kam harajat talab etiladigan sport turlaridan biri. Agar shuni ham hech yo‘q o‘rta saviyada tashkil eta olmasak, bizda rivojlanish hech qachon bo‘lmaydi".
- Bugungi avlod o‘zbek futbolchilari ichida iqtidori bilan "yorib" chiqishga qodirlari tobora kamayib ketayotgandek...
"Pulni ro‘kach qiladigan odam faqatgina havaskor bo‘lishi aniq. Mustakil bo‘lganimizga 30 yil bo‘ldi. Birorta tumanda futbol maydoni qurilib, o‘sha hududda yashovchi bolalarning muntazam shug‘ullanishiga sharoit yaratishga bo‘lgan harakatni ko‘rdingizmi? Misol tarikasida yaqinda Sven Kramer va Kay Xaverts futboldagi ilk qadamini tashlagan kichik provintsial klublarga bordim. 13 ming aholisi bor kichik shaharchada 2 ta futbol maktabi va 7 ta stadion bor, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Albatta, men O‘zbekistonda Germaniyadagidek sharoitni yaratish imkonsiz ekanligini bilaman, lekin loaqal futbol rivoji uchun nima kilishimiz kerak, deb o‘ziga savol beradigan jonkuyar, o‘z ishining ustasi bo‘lgan intiluvchan funktsionerlar yo‘q.
Afsuski, hozirgi yoshlar orasida yorib chiqadiganlarini ko‘rganim yo‘q. Lekin bu bizdagi bolalardan jahon darajasidagi futbolchilar chiqmaydi, degani emas, futbolimiz "perezagruzka"ga anchadan beri muhtoj. Avvalo, kuchli mutaxassislar kerak, "galochka" uchun ishlaydigan g‘oyasiz xodimlardan esa voz kechish shart. Futbolimiz boshqaruvini oqni oq, qorani qora deydigan odamga topshirish lozim.
Qo‘shimcha qiladigan bo‘lsam, men ko‘rgan yoshlardan Farrux Ikromovning potentsiali juda yuqori. To‘g‘ri reja asosida o‘z ustida ishlasa, bemalol yorib chiqa olishiga shubham yo‘q".
- So‘nggi yillarda o‘zbek futbolida biroz pasayish kuzatilgandek tuyulmayaptimi?
"Albatta, bolalar futboli haqida aytadigan bo‘lsak, eng avvalo yosh toifasiga qarab yagona reglament kerak deb hisoblayman. Yana bir jihati, misol uchun Bundesligadagi biror klubning U15 jamoasidan boshlab murabbiylar shtabiga qarasangiz, bolalar bilan ishlaydigan jismoniy tayyorgarlikka javob beruvchi, o‘yinni tahlil qiluvchi, aqliy qarorlarga mas’ul hamda o‘yinchilarning maydondagi pozitsiyasiga qarab yana bir nechta individual shug‘ullanadigan murabbiylar bor. Bizning klublarimizni ichkaridan bilmayman, shuning uchun jamoalardagi holat haqida aniq gapirishim biroz qiyinroq".
- Yaqin kelajakdagi rejalaringiz qanday?
"Hozircha ilmiy tomondan o‘rganishim kerak bo‘lgan narsalar juda ko‘p. Bir kun kelib, albatta vatanga qaytaman. Rejalarim oddiylikdan mukammallikka sekin-asta qadam tashlash. Shuningdek, o‘z ustimda ishlashni davom ettirish".
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev suhbatlashdi.
Fikrlar