Gvardiola “Arsenal”ning golida Husanovni aybladi
Angliya Premier-ligasining 33-turida “Manchester Siti” futbolchilar juda og‘ir o‘tgan uchrashuvda chempionat peshqadami “Arsenal”ni 2:1 hisobida yengib, chempionlik poygasiga qaytdi.
O‘yindan keyin “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘yin borasida va futbolchilari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
G‘alaba haqida
Bu o‘yin APL uchun ajoyib reklama bo‘ldi. “Arsenal” juda agressiv o‘ynaydi, yakkakurashlarda kuchli va men faoliyatim davomida qarshi o‘ynagan jamoalar ichida duellar, yakkama-yakka vaziyatlar, uzun paslar, havodagi to‘plar uchun kurash nuqtai nazaridan eng raqobatbardoshlardan biri – fantastika!
Bizda ham, ularda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Bunday o‘yinlarda hammasini mayda detallar hal qiladi. Bu top-darajadagi o‘yin edi. Har ikki jamoa ham yaxshi, va har ikki murabbiy ham top-darajada! Ikki tomonda ham top-o‘yinchilar bor.
Men doim juda talabchanman, ammo haqiqat shundaki, bu faqat bitta o‘yin xolos. Ular peshqadam va to‘plar farqi bo‘yicha bizdan ustun. Biz g‘alabadan zavq olishimiz kerak, lekin diqqatni yo‘qotmasligimiz lozim. Endi diqqatimiz “Bёrnli”ga qarshi o‘yinga qaratilgan
O’Rayli haqida
Xosep Gvardiola “Manchester Siti” bosh murabbiyi “Arsenal”ga qarshi uchrashuvda faollik ko‘rsatgan Niko O’Raylining o‘yiniga yuqori baho berdi.
- Niko hayratlanarli – himoyada ham, hujumda ham, standart vaziyatlarda ham. Qanday futbolchi o‘sib kelmoqda! U turli pozitsiyalarda yaxshi o‘ynay oladi. Noyob futbolchi.
Bugun u barcha jihatlarda o‘zini ko‘rsatdi, sovuqqonlik bilan harakat qildi va ikkinchi golda ishtirok etdi. Qanday mavsum! Uni yilning eng yaxshi o‘yinchisi deb atash mumkinmi – bilmayman, lekin eng yaxshi yosh o‘yinchi – aniq! Unga shu mukofotni bering!, - dedi Gvardiola.
“Arsenal”ning goli haqida
Xosep Gvardiola “Manchester Siti” darvozaboni Janluiji Donnarumma va himoya chizig‘ining “Arsenal” gol urgan vaziyatdagi jiddiy xatosiga munosabat bildirdi.
“Shaharliklar” hisobni ochganidan ikki daqiqa o‘tib, Mateush Nun’yes yon chiziqdan to‘pni Janluiji Donnarummaga otdi. Italyanlik darvozabon to‘pni uzoqqa tepmoqchi bo‘ldi, ammo kechikdi va to‘p Kay Havertsning oyog‘iga tegib, darvozaga kirib ketdi.
- Bu vaziyatda Abduqodir Xusanov Havertsni faollroq to‘sishi, unga nisbatan shiddatli o‘ynashi kerak edi. Shunga qaramay, menga xatodan keyin jamoaning birlashgani va Donnarummani qo‘llab-quvvatlagani juda yoqdi. Gol o‘tkazib yuborilgandan keyin futbolchilar bir-biridan ayb qidirishini yoqtirmayman, - dedi Gvardiola.
Futbolchilarga nima degani haqida
O‘yindan keyin yigitlarga shunday dedim: “Bu lahzalardan zavq oling, lekin diqqat-e’tiborni yo‘qotmang, chunki oldinda yana uch-to‘rt hafta bor va aynan shu vaqt hammasini hal qiladi”, - dedi Xosep Gvardiola.
“Manchester Siti” Angliya Premier-ligasi doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 22 aprel kuni raqib maydonida “Bёrnli”ga qarshi o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Xusanov joriy mavsum “Manchester Siti” safida barcha turnirlardagi uchrashuvlar sonini 32 taga yetkazib oldi. Legionerimiz bu o‘yinlarning aksariyatini boshlang‘ich tarkibda boshlagan.
Fikrlar