
Gvardiola Husanovning jamoaga ahamiyatini qanday baholadi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”dagi faoliyatini boshlaganidan beri futbolni yoritib kelayotgan manbalar diqqat-markazida bo‘lib turibdi.
Bu bejiz emas, albatta. “Manchester Siti”ning bugungi ahvoli, jamoada, xususan himoyachilar orasida jarohatlanganlarning ko‘pligi va tarkibdagi boshqa muammolar murabbiylar shtabini 20 yoshli o‘zbek futbolchisini darrov maydonga tushirishni taqozo etdi.
Husanovga yangi muhitga moslashish uchun hech qanday vaqt berilmadi. Aksincha, Gvardiola talabi bilan Abduqodir muhim o‘yinlarda ishtirok etish orqali yangi darajadagi jamoaga va yulduz jamoadoshlarga ko‘nikishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Legionerimiz “Energetik-BGU”dan “Lans”ga o‘tganida Frantsiya chempionatida o‘z o‘yinini shakllantirib olish uchun bir yil davomida zaxira o‘yinchisi vazifasini bajargan edi. “Lans” murabbiylar shtabi hamyurtimiz xizmatlaridan asosiy tarkib himoyachilari maydonga tusha olmagan holatlarda foydalangan. Keyinchalik ham asosiy himoyachi Kevin Dansoning tibbiy muammolarini hal qilish uchun ketgani Husanovga qo‘l kelgan edi.
“Manchester Siti”da bunday bo‘lmaydi. Angliyaga kelganiga besh kun o‘tib, “Chelsi”dek qudratli jamoaga qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.
Evropa futbolidagi nufuzli manba – tribuna.com sayti Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovning klubga moslashish jarayoni haqidagi fikrlarini keltirib, o‘zbek futbolchisi jamoada tobora muhim figuraga aylanib borayotgani haqidagi ma’lumotlarni keltirdi.
- Biz Abduqodir Husanovni ko‘proq ingliz tili darslarini olishga majburlayapmiz. O‘zaro muloqot o‘yinning muhim bo‘lagidir.
Til borasidagi to‘siqlarga qaramay, Abduqodirning salohiyati yuqori. Chunki u o‘yinni yaxshi tushuna oladi, o‘zi maydonda nima qilishi kerakligini yaxshi biladi. Bu normal holat.
Husanov o‘yinlar orqali o‘rganish jarayonini boshdan o‘tkazyapti. Abduqodirda bizda bo‘lmagan sifatlar bor, jamoaga yordam bera olishiga aminmiz. U himoya markazida, o‘ng tarafda, uch himoyachili taktikada, xullas turli pozitsiyalarda o‘ynay oladi, - dedi futbolchining jamoa uchun muhim figuraga aylanib borayotganini alohida e’tirof etgan Xosep Gvardiola.
Umuman olganda, legionerimizni “Chelsi”, “Real”, “Nyukasl”, “Liverpul” singari kuchli raqiblarga nisbatan ilk daqiqadan o‘ynatgan ispaniyalik bosh murabbiy hali yangi shogirdi til borasidagi kamchiliklarni bartaraf etmagan va moslashish jarayonini yakunlamagan bo‘lsa-da, uning salohiyatiga ishonch bildirgan holda jamoaga integratsiyasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Abduqodir Husanov Angliyaga ko‘chib kelganidan beri Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasida ishtirok etishga ulgurdi. O‘zi qatnashgan beshta o‘yindan to‘rttasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Kubok o‘yinida zaxiradan maydonga tushib, Angliyadagi birinchi golini urdi. Hozircha, Abduqodir “shaharliklar” safida jami 369 daqiqa harakat qilib, o‘yini muxlisu mutaxassislarga manzur kelmoqda.
“Oltin to‘p” sohibi ham Husanovdek o‘ynamagan!
Gvardiola Husanovning asosiy kamchiligini aytdi!
Shomurodovning faoliyatida katta o‘zgarish!
Fikrlar