"Hafta voqeliklari"ning bu soni Superliga 2-tur raqamlari, PFL va Ilhom Mo‘minjonovga bag‘ishlanadi (Video)

  • 04.04.2019 16:18
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bor, saytimiz tomonidan “Hafta voqeliklari” deya nomlangan loyihani taqdim etib kelmoqdamiz. Siz unda o‘zbek, Osiyo va jahon futbolida sodir bo‘lgan haftaning eng muhim voqeliklari bilan tanishishingiz mumkin.

Dastlab o‘zbek futboli haqida.

1.Superligada 2-tur o‘yinlari yakunlandi. Unda bir qator raqamlar e’tiborimizni tortdi. Oleg Zoteev 100lik marrani zabt etdi, "Buxoro" 2 ta o‘yinda ham gol ura olmagan yagona jamoa, Shimoliy amerikalik futbolchi chempionatimizda gol urdi, “Surxon” esa 15 yil deganda g‘alaba qozondi

Oleg Zoteev 100lik marrani zabt etdi

2015 yildan beri "Lokomotiv" tarkibida to‘p tepib kelayotgan Oleg Zoteev o‘ziga xos rekord qayd etdi.

Gap shundaki, chap qanot himoyachisining "Loko" safida O‘zbekiston milliy chempionatidagi o‘yinlari soni 100 taga etdi. Ma’lumot uchun, Zoteev 2015 yil "Lokomotiv"da 20 ta, 2016 yil 26 ta, 2017 yil 25 ta va 2018 yil 28 ta uchrashuvda maydonga tushgan.

U shuningdek, oliy ligada "temiryo‘lchilar" libosida 7 ta gol urgan. Bu mavsum hisobidan esa Zoteev Superliga 1-turida "Paxtakor"ga qarshi to‘p tepganini ham hisobga olsak, chempionatlarlardagi o‘yinlari 100 taga etdi.

"Lokomotiv"ga kelguniga qadar "Olmaliq" va "Bunyodkor" safida harakat qilgan futbolchi har ikki klub safida jami 90 ta o‘yin o‘tkazgandi. Endilikda uning chempionatdagi barcha o‘yinlari soni 190 tani tashkil qilmoqda.

"Buxoro" 2 ta o‘yinda ham gol ura olmagan yagona jamoa

Xabaringiz bor, kecha Superliga 2-tur o‘yinlari yakunlandi. E’tiborlisi, "Buxoro" klubi mana ikkinchi o‘yindirki, raqiblar darvozasiga yo‘l topa olmayapti.

Dastlabki turda AGMK bilan durang o‘ynagan Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari bu gal Bekobodda "Metallurg"dan engildi - 2:0.

Shimoliy amerikalik futbolchi chempionatimizda gol urdi

Superliga 2-turidan o‘rin olgan «Qizilqum» - AGMK o‘yinida 3:1 hisobi qayd etildi.

Ilk daqiqadayoq mezbonlar hujumchisi Ariagner Smit raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Natijada, O‘zbekiston chempionatlari tarixida ilk marotaba Shimoliy amerikalik futbolchi gol urishga erishdi.

Ariagner Smit 1998 yilda Nikaraguada tug‘ilgan. Faoliyati davomida «Real Esteli» (Nikaragua) va «Spartak» (Yurmala, Latviya) klublarida o‘ynagan. 2019 yilda «Qizilqum» safiga kelib qo‘shilgan. Nikaragua milliy jamoasi safida 3 ta bahsda maydonga tushgan.

Qayd qilish joizki, shu paytgacha O‘zbekiston chempionati yuqori ligasida Evropa, Janubiy Amerika, Afrika va osiyolik  futbolchilar gol urishga muvaffaq bo‘lishgan edi.

15 yil deganda “Surxon” g‘alaba qozondi

“Surxon” hamda “Dinamo” klublari o‘rtasidagi uchrashuvda mezbonlar zafar quchishdi. Unda uzoq yillik tanaffusdan keyin yana oliy divizionga qaytgan termizliklar muhim g‘alabaga erishishdi. O‘yinning 2-daqiqasida Sherzod Hakimov tomonidan kiritilgan gol “Surxon”ga 15 yil kutilgan g‘alabani taqdim etdi.

Eslatib o‘tamiz, Hakimov 1-tur doirasida “Metallurg” jamoasi darvozasini ham ishg‘ol qilgandi. Shu tariqa asli farg‘onalik bo‘lgan hujumchi Superliga to‘purarlari safidan joy oldi.

2.Bir yilga futboldan chetlatilgan Ilhom Mo‘minjonov yana 4 yilga kesildi. Endi Mo‘minjonov 5 yil futbolsiz qoladigan bo‘ldi.

Ilhom Mo‘minjonov 50 million so‘m jarimaga tortildi hamda 5 yilga futboldan chetlatildi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasining 2019 yil 20 fevraldagi yig‘ilish qaroriga asosan, O‘FA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasiga Namanganning “Navbahor” klubi sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovning kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi yuzasidan o‘rganish va surishtiruv ishlarini olib borish yuklatilgandi.

O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Ilhom Mo‘minjonovning faoliyatiga qonuniy baho berish maqsadida u bilan birga faoliyat olib borgan futbolchilar va rasmiy shaxslar suhbatga chaqirildi hamda ular bilan suhbatlar o‘tkazildi. Aniqlangan ma’lumotlar natijasida yig‘ilgan bir qator hujjat-dalillar ko‘rib chiqish uchun O‘FA Etika qo‘mitasiga taqdim qilindi.

Qo‘mitasi taqdim qilingan hujjat va dallilarni o‘rganib chiqib, 1 aprel kuni O‘FA binosida yakuniy yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.

Ilhom Mo‘minjonov 2017 yil mavsumida kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilish, jumladan, o‘yin natijasiga ta’sir qilish maqsadida “Navbahor” PFKning bir qator futbolchilarini o‘yinni sotishga undagani uchun, 50.000.000 (ellik) million so‘m miqdoridagi jarimaga tortildi

Mo‘minjonov 1 (bir) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilganligini inobatga olib, 4 (to‘rt) yil muddatga futboldagi har qanday faoliyatdan chetlashtirish, umumiy hisobda 5 (besh) yil muddatga chetlashtirildi.

“Surxon” PFK texnik direktori Sherzod Sharipov qo‘mitaga va O‘FAning rasmiy vakillariga surishtiruv jarayonida yolg‘on ko‘rsatma berganligi va qo‘mitani vaziyat yuzasidan qaror chiqarishda chalkashtirishga harakat qilgani uchun 2019 yil oxiriga qadar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirildi.

“Surxon” PFK jamoasi sardori Dilshod Jabborov “Navbahor lochinlari” PFKning sobiq bosh murabbiysi Ilhom Mo‘minjonovga 2017 yil mavsumida kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilishga yordam berganligi va futbolchilarni o‘yinni sotishga undagani, shuningdek, qo‘mitaning yozma va og‘zaki so‘rovlariga e’tibor bermay uzrli sababsiz qo‘mita yig‘ilishlariga kelmaganligi uchun u ham 2019 yil oxiriga qadar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirildi.

 

3.PFL o‘zini inkor qilishda davom etadi. O‘yin ko‘chirildi. O‘yinning ko‘chirilishini to‘g‘ri tushundik. Lekin xabardagi jumlalarni esa sizga ulashdik.

O‘zini o‘zi inkor qilaverib charchamaydigan PFL!!!

PFLda azaldan qiziq ishlar bo‘lib kelgan. Avvalgi xabarlar hozirgisiga to‘g‘ri kelmaydi. Buni juda ko‘p marta ko‘rganmiz. Aynan isbotlash shart emas. Buni o‘zlari ham juda yaxshi bilishadi.

Kuni kecha PFL navbatdagi xabarlarni chop etishda yana o‘zini inkor qildi. Ya’ni avvaliga 3-tur o‘yinlarining boshlanish vaqtlari e’lon qilindi. Unda quyidagi jumlalar bitilgandi: - “Andijon” va “Lokomotiv” futbol klublari ishtirokidagi o‘yin masalasi ochiq qoldi. Bungacha “Navbahor” futbol klubi ikki bor boshqa stadionlar bilan muzokara o‘tkazishga ulgurdi. “Andijon” esa kelishuvga erisha olmadi.

Professional futbol ligasi “Lokomotiv”ga qarshi bellashuvni “Metallurg” stadionida o‘tkazish taklifini berdi. Bu borada bekobodliklar ham “Andijon” klubini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. O‘zPFL “Sog‘lom avlod” stadionidagi ochilish o‘yini 3-turga to‘g‘ri kelishi masalasini yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak deb hisoblaydi. Viloyatda amalga oshirilgan ijobiy ishlar qisqa muddatli bo‘lmasligi yo‘lida bu jihat juda muhimdir.

Reglamentga ko‘ra, “Lokomotiv”ga qarshi bellashuv masalasi bir necha kun avval hal qilinishi kerak edi. “Sog‘lom avlod” stadionidagi o‘zgarishlar sababgina O‘zPFL klubga etarlicha imkoniyat taqdim etdi.

Ma’lumot uchun, “Lokomotiv”ga qarshi bellashuvni Toshkentga ko‘chirishning imkoniyati yo‘q. Chunki shu kuni “Paxtakor” ham Toshkent shahrida o‘yin o‘tkazadi. IIB bilan kelishuvga ko‘ra, bitta shaharda bir vaqtning o‘zida ikki uchrashuv o‘tkazish imkonsiz. Uchrashuvni boshqa sanaga ko‘chirish masalasidagi xatlariga “Paxtakor”, “Navbahor” kabi klublar ham rad javobini olganidan kelib chiqib, O‘zPFL bu masalani ko‘rib chiqmaydi.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay PFL bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jaev telegramdagi o‘zining sahifasida quyidagi fikrlarni yozib qoldirdi: - “Andijon” — “Lokomotiv” o‘yini masalasi hammani birdek qiynadi. Oxirida ikki yo‘l qoldi:

▪️ O‘yin sanasini ko‘chirmay, “Sog‘lom avlod” stadioniga ruxsat berish

▪️ O‘yin sanasini ko‘chirib, yangilanayotgan stadionga imkoniyat berish

Yakunda O‘zbekiston Professional futbol ligasi ikkinchi yo‘lni tanladi. Stadionlar masalasida ijobiy o‘zgarishlar qilayotgan klublarni qo‘llab-quvvatlash kerak. “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuv 4 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘ladi. Ikkinchi davrada esa “Lokomotiv” Andijonga keladi.

Mazkur holatni to‘g‘ri tushungani va “Andijon” tomonidan berilgan taklifga ijobiy javob qaytargani uchun “Lokomotiv” futbol klubiga minnatdorchilik bildiramiz. “Sog‘lom avlod” stadionidagi ishlar esa jadal ruhda davom etishiga tilakdoshmiz. Yaxshi stadionlar ko‘payishi uchun O‘zPFL barcha tanqidlarni qabul qilishga tayyor.

PFL rasmiy saytidagi jumla bilan Diyor Imomxo‘jaev yozgan gaplardagi inkor fikrlarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay PFL saytida chiqqan dastlabki xabar o‘chirib tashlandi. Ushbu holat bo‘yicha qisqacha: Klublarning maydon masalasida qilayotgan yaxshi ishlari sabab o‘yinlar ko‘chirilishini to‘g‘ri tushunamiz. Ammo rasmiy tashkilotning rasmiy xabarlarida ortiqcha gaplar bizningcha haqiqatdan ham ortiqchadir. Chunki avvalgi gaplar oradan hech qancha vaqt o‘tmay aksi bo‘lmoqda.

Bu gal xorij futboliga to‘xtalib o‘tirmadik. Chunki o‘zimizning futbolda chet elnikidan qolishmaydigan voqealar etarlicha topiladi. Shu bois xorij futbol muxlislari bizni to‘g‘ri tushunasiz degan umiddamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!