"Hakamlar aybini topish mening ishim emas, "Turon" ham bizga keladi" - "Buxoro" sardori jangovar durang va penalti berilmagan vaziyat haqida

  • 26 sentabr, 2022, 10:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro liganing 19-turida “Turon” “Buxoro”ni qabul qilgan o‘yin juda qiziqarli va keskin hujumlar ostida kechdi. Bahsni ko‘rgan muxlis zerikib qolgani yo‘q, bizningcha. Lekin “Turon” – “Buxoro” uchrashuvida bahsli vaziyatlar kuzatildi.

Tecno

Bosh hakam ikki marta mehmonlar darvozasi tomon penalti qo‘ydi, uchrashuv oxirlarida esa jarima maydoni ichida mezbonlarning ikkita o‘yinchisini qo‘liga to‘p tegdi, hakam esa “Buxoro” foydasiga penalti belgilashni lozim topmadi. Muxlislar 4 ta gol urishdi va yakunda g‘olib aniqlanmadi. O‘yindan keyin “Buxoro” sardori Obid Jo‘raboev bilan suhbatlashdik.

- “Turon”ga qarshi bahs qiziqarli kechdi. 2:2 hisobi o‘yinga mos bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi?

- Ikkala jamoa ham Superligaga chiqish bo‘yicha oldiga maqsad qo‘ygan. Kuchli o‘yin bo‘ldi. Biz yutishimiz ham, yutqazishimiz ham mumkin edi. Imkoniyatlarimizdan unumli foydalanganimizda balki yutib ketarmidik?! Oxirgi daqiqalarda hakam penalti bermadi. O‘sha vaziyatda penalti bor edi. “Turon” bilan o‘rtamizda 5 ochkolik farq bor. Ular ham harakat qildi. Ammo bizni ularga qaraganda ustunlik tomonlarimiz bor edi. Haqiqatan tomoshabop o‘yin bo‘ldi. Nima bo‘lsa ham hisobga yarasha uchrashuv bo‘ldi.

- O‘sha “Turon”ning bir emas, ikki futbolchisining qo‘liga tep tekkan holatda hakam penalti bermaganidan keyin u bilan gaplashdingiz...

- Hakam qaror qabul qildimi, biz bunga hech nima deya olmaymiz. Hammasini hal qiladigani bu hakam. Biz har qancha penalti bor yoki yo‘q edi deganimiz bilan hamma narsa baribir hakamga borib taqaladi. Hakamning qaroriga hech nima deya olmayman. Bo‘ladigan ish bo‘lib o‘tdi. Hakamning qarorini qabul qilishimizdan boshqa ilojimiz yo‘q.

obid1

- Hakam o‘yinni buzib qo‘ydi, deb o‘ylaysizmi?

- Yaxshi hakamlik qildi. Balki uchrashuv oxirlarida ozgina ta’sir qilgandir. Ikkala jamoaga ham muhim o‘yin edi. Yutganimizda “Turon” bilan o‘rtamizda ikki ochkolik farqi qolardi. Hakamning oxirgi daqiqalarda qabul qilgan qarorini noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Biroq nima bo‘lganda ham yutqazmadik, shundan xursandmiz. Keyingi o‘yinlarda harakat qilamiz. “Turon” ham Buxoroga keladi. Oldimizga qo‘yilgan vazifaga erishamiz, deb umid qilaman.

- “Buxoro” bundan avval o‘z maydonida “Andijon”ga yutqazib qo‘ygandi. O‘shanda ikkita penaltidan gol urolmagansizlar. Balki o‘sha mag‘lubiyat jamoaga ta’sir ko‘rsatdimi?

- O‘z uyimizda “Andijon”ga yutqazib qo‘yganimiz kayfiyatimizga ta’sir qilmagan. Ichki muhitimiz juda yaxshi. O‘yin tugadi. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish kerak. “Andijon” bilan uchrashuvda xatolarimiz evaziga yutqazdik. Ikkita penaltidan foydalana olmadik. Bittasidan o‘zim gol urolmadim. Oxirida Iminov penaltini golga aylantira olmadi. Bu ham Xudoni aytgani-da! O‘sha kuni bizga g‘alaba qozonish nasib qilmagan ekan. Mayli, oxirigacha kurashamiz.

obid2

 -Endi boshqa penalti tepmaysizmi?

- Tepaman, nimaga tepmayman? O‘zimga ishonaman. O‘shanda to‘p yo‘nalishini darvozabon topmagan, faqat to‘singa tegib qaytgan. Bu omad bilan bog‘liq. Jamoam uchun foyda keltirishga harakat qilaveraman.

- Turnir jadvalida “Buxoro” peshqadam “Andijon”dan 10 ochkoga ortda qolyapti. Nima deb o‘ylaysiz, vaziyatga real qarasak, “Buxoro” 2-o‘rin uchun kurashyaptimi?

- To‘g‘ri, bizni hali ham 2-o‘ringa imkoniyatimiz bor. “Turon” hali “Andijon”, “Mash’al” va “Xorazm” bilan o‘ynaydi. “Xorazm” ham o‘z maydonida osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Ularni maydonida faqat biz yutdik. 2-o‘rin bilan chiqishga hali imkoniyatimiz bor.

obid

- Pro ligada endi engil o‘yinlar qolmadi. Sizningcha, endi qolgan uchrashuvlarda VARdan foydalanish kerakmikin?!

- Hakamlar aybini topish mening ishim emas. U qaror qabul qilganidan keyin tortishganingiz bilan o‘zgarmaydi. Lekin to‘g‘ri, kuchli beshtalikda faqat jiddiy o‘yinlar qoldi. Tajribali hakamlarni boshqargani ham ma’qul. Hakamlarni ishini ko‘rib chiqadigan qo‘mita bor. O‘zlari baho berishadi.

- Pro ligada siz uchun eng kuchli jamoa qaysi?

- To‘g‘risi, hozirgi paytda eng kuchlisi deb o‘zimizni hisoblayman. Ikkinchi davrada yaxshi o‘zgarishlar qildik. “Andijon” ham kuchli jamoa. Ularda ham tajribali, bo‘ydor futbolchilar bor. Ko‘proq standartlardan foydalanishyapti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!