Hamidjon Aktamov: "Qizilqum" bugun yutgani bilan bu "Turon"ning mag‘lubiyati emas..."

  • 13 may, 2021, 21:23
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superliga doirasida bo‘lib o‘tgan “Turon” – “Qizilqum” (0:1) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov o‘z fikrlarini bildirdi.

- Bugungi uchrashuv to‘g‘risida nima deya olasiz?

- Avvalambor, bugungi ulug‘ ayyom kun bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklayman. Shunday muborak kunda muxlislarimizni quvontirganimizdan xursandmiz. Juda qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Anchadan beri bunday muxlislar bilan to‘lgan stadionda o‘ynamagandik.

O‘yin yuqori tempda o‘tdi. Bugun kim gol ursa, o‘sha jamoa yutardi. Birinchi bo‘limda ham vaziyatlar yaratgandik. Tanaffusdan keyin ham imkoniyatlarimiz ko‘proq bo‘ldi. Birinchi bo‘limda o‘yinimiz unchalik qovushmadi, ikkinchi bo‘limda o‘yinni nazorat qildik. To‘pni o‘zimizda ushladik. Futbolchilarimizga rahmat aytaman. Stadionga shuncha muxlis kelgani “Turon”ning emas, balki O‘zbekistonning yutug‘i deb o‘ylayman. “Qizilqum” bugun yutgan bo‘lsa ham bu “Turon”ning mag‘lubiyati emas. Asosan o‘zbek futbolining yutug‘i deb aytmoqchiman. Nimaga deganda, stadionda muxlislar ko‘paydi. Buni ko‘rib xursand bo‘ldik. Kechadan beri “Turon” klubi tomonidan qilinayotgan ishlarni ko‘rib xursand bo‘ldik. Futbolga mana shunday e’tibor bo‘layotgani albatta quvonarli. Barcha sharoitlar yaratilgan. Birinchi yil Superligada qatnashayotgan bo‘lsa ham jamoa homiylariga rahmat aytaman. O‘zbekistonda sharoiti to‘liq ta’minlangan sanoqli klublarimiz bor. “Turon” shularning ichiga kirib ulguribdi. Kelajakda bu jamoaga omad tilayman.

- “Qizilqum”ni qachon xalqaro maydonlarda ko‘rishimiz mumkin?

- Xudo xohlasa, shu yili ushbu maqsadimizga erishishga harakat qilamiz. Buning ustida ishlayapmiz. Chempionat yaqinda boshlangan. Oltita o‘yin o‘ynadik, bitta uchrashuv kam o‘tkazganmiz. Hammasi oldinda. Ko‘zlagan maqsadimizga erishamiz deb umid qilamiz.

- “Turon” keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozona oladimi?

- Bu – futbol. Mana, o‘zimiz ham birinchi turda yutgandik. Shundan beri durang, durang, mag‘lubiyat va yana durang...bugun esa g‘alaba. “Turon” jamoasida yosh o‘yinchilar ko‘p ekan, legionerlari ham yaxshi. O‘yindan-o‘yinga hammasi moslashib boraveradi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!