
Husanov Xolandni ortda qoldirib, katta rekord o‘rnatdi!
Abduqodir Husanovni Angliya futbol jamoatchiligi e’tirof eta boshladi. Frantsiya chempionatida ishtirok etayotgan “Lans”ni tark etib, Manchesterga kelganiga endi olti hafta bo‘lgan 21 yoshli futbolchimiz birinchi individual sovrinini qo‘lga kiritdi.
Qisqa fursatda Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasidagi debyutini nishonlashga ulgurgan Abduqodir Husanovning nomzodi “Manchester Siti”ning fevral oyidagi eng yaxshi o‘yinchisi sovriniga qo‘yildi.
Klub tomonidan tashkil qilingan so‘rovnomada bu nominatsiya bo‘yicha legionerimiz jamoa yulduzlari Erling Xoland va Yoshko Gvardiol bilan raqobat olib bordi.
Husanov klub sport direktori Chiki Begiristayn yanvar oyida katta summa sarflab, transfer qilgan to‘rt o‘yinchidan biri edi. Klub rahbariyati jamoa Angliya Premer-ligasida kuchli to‘rtlikdan joy olib, kelasi mavsum Evropa Chempionlar ligasida qatnashish huquqiga ega bo‘lish uchun qishda tarkibni kuchaytirishga qo‘l urdi.
Ana transfer kampaniyasi doirasida klubga kelgan Abduqodir Husanov “Chelsi” qarshi o‘tgan debyut uchrashuvining dastlabki besh daqiqasida yuz bergan ko‘ngilsizliklarga qaramay, o‘sha bellashuvning qolgan qismi va keyingi bahslarda “Manchester Siti” nega katta mablag‘ sarflab, aynan uni xarid qilganini ko‘rsata oldi.
O‘yinni o‘qiy olish qobiliyati, himoyalanish mahorati, uzoq masofalarga aniq to‘p uzata olish ko‘nikmasi va yuqori tempni ushlay olishi bilan Husanov o‘zi ishtirok etgan to‘qnashuvlarda raqiblaridan ustunlik qildi.
“Manchester Siti”ni Angliya kubogi doirasida “Leyton Orient” bilan bellashuvda aynan o‘zbek himoyachisining goli jamoani yana kurashga qaytargani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Keyin Abduqodir Premer-liga doirasida “Nyukasl Yunayted”, “Liverpul” va “Tottenxem Xotspur” kabi klublarga qarshi yuqori darajada o‘ynadi. Evropa Chempionlar ligasi doirasida Madridda “Real”ga qarshi bellashuvda himoyaning o‘ng qanotida o‘ynab, mezbonlar yulduzi Vinisius Juniorga umuman o‘yin bermadi va uning harakatlarini cheklab qo‘ydi.
Abduqodirning ana shunday o‘yinlari unga oyning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyada jamoa to‘purari Erling Xoland va himoya chizig‘i etakchisi Yoshko Gvardiol bilan raqobatlashish imkonini yaratdi.
- E’tiborli jihati shundaki, Husanov so‘rovnomada g‘olib chiqish bilan birga katta rekord o‘rnatdi. “Manchester Siti” 21 yoshli futbolchi “Oy o‘yinchisi”ni aniqlash uchun o‘tkazilayotgan so‘rovnomalar tarixida eng ko‘p ovoz bilan g‘olib chiqqanini tasdiqladi, - deb yozmoqda cityxtra.co.uk portali eksperti Freddi Pay.
Ma’lumotlarga qaraganda, bir necha kun davom etgan so‘rovnomada Abduqodir Husanov 64 mingdan ziyod ovoz to‘plagan.
Xosep Gvardiola fevral oyi davomida bir necha muhim va murakkab uchrashuvda ishtirok etgan Abduqodir Husanovga Angliya kubogining beshinchi bosqichida “Plimut”ga qarshi o‘tgan bellashuvda dam berishga qaror qilgan edi.
Endi “shaharliklar”ni 8 mart kuni juda qiyin bahs kutib turibdi. “Manchester Siti” shu kuni o‘zidan bir ochko ko‘p jamg‘argan holda, musobaqa jadvalida bir pog‘ona yuqorida joylashgan “Nottingem Forest” mehmoni bo‘ladi. Bo‘lajak uchrashuvda Abduqodir Husanov yana boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda.
Fikrlar