Husanovdan katta foyda ko‘rgan “Lans” yana bir o‘zbek futbolchisini olmoqchi
Mundial futbolchilarimiz yo‘lini ochib berdi
2026 yildagi jahon chempionati futbol jamoatchiligi bir qancha yangi iste’dodlarni ochib berdi. Garchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichidan o‘tolmagan bo‘lsa-da, ayrim futbolchilarimiz o‘z salohiyati bilan skautlar, selektsionerlar, murabbiylar va mutaxassis e’tiborini tortdi.
Mundialda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safidagi kashfiyotlardan biri18 yoshli Behruz Karimov bo‘ldi. Italyalik murabbiy Fabio Kannavaro yosh o‘yinchini hech qanday hayiqishlarsiz jahon chempionatining eng murakkab uchrashuvlarida maydonga tushirdi.
Karimov Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o‘tkazilgan qiyin bahslarda harakat qildi. Ayniqsa, Kolumbiya bilan uchrashuvdagi superzarbasi bilan e’tiborga tushdi. Uning uzoq masofadan tepgan to‘pi darvoza to‘sinigа tegib qaytdi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Behruz Karimovga Fransiyaning “Lans” klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda va yosh o‘yinchimizni o‘z safiga qo‘shib olish uchun kurashga qo‘shildi.
Ommaviy axborot vositalari Behruzga Angliya va Germaniya klublaridan qiziqish borligi haqida yozgan edi.
Ta’kidlash joizki, “Lans”ning o‘zbek futboli vakillariga qiziqishi bejiz emas. Bugungi kunda “Manchester Siti”dagi o‘yinlari bilan futbol jamoatchiligiga keng tanilgan Abduqodir Husanov Evropani aynan mana shu klubda zabt etgan.
Lansliklar 2023 yilning yozida Belarusning “Energetik-BGU” klubidan o‘sha paytda 18 yosh bo‘lgan Abduqodir Husanovni juda past narxda o‘z tarkibiga transfer qilgan edi. Abduqodir bir yarim yil ichida o‘zini “ko‘hna qit’a”ning eng iqtidorlu himoyachilaridan biri sifatida namoyon qildi.
2025 yilning yanvariga kelib, Evropaning bir necha klublari o‘zbek himoyachisi uchun kurash boshladi. O‘shanda “Manchester Siti” kutilmaganda eng katta taklif – 40 million yevro bilan Husanov transferini o‘z foydasiga hal qilgan edi.
Mana endi Behruz Karimov ham Abduqodirning yo‘lini takrorlashi mumkin. Fransiya klublari yosh iqtidorlarni topib, ularni shakllantirib, grand klublarga transfer qilishga usta hisoblanadi. “Lans” yangi mavsumda Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etishi esa, bu jamoa o‘yinchilariga grand klublar e’tiborini o‘ziga jalb qilish imkonini beradi.
Behruz Karimov ayni paytda Termizning “Surxon” klubi a’zosi hisoblanadi. Agar bu futbolchi “Lans” safiga ko‘chib o‘tsa, “Surxon” top-liga jamoasiga o‘z futbolchisini to‘g‘ridan to‘g‘ri transfer qilgan birinchi o‘zbek klubiga aylanadi...
Maydonda ochiq jinoyat bo‘ldi. O‘zbekistonlik hakam boshqargan uchrashuvni tanqid qilishdi
O‘zbekiston futbolchisi mundialdagi omadsizlikdan keyin terma jamoadan ketdi
O‘zbekistonning mag‘lubiyatdan keyingi ishi meksikaliklarni hayratga soldi

Izohlar (0)