Ikki kurashchimiz Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma qo‘lga kiritishdi
Qozog‘istonning Nur-Sultan shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatining bugungi kuni terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli boshlandi. Biroz avval ikki nafar hamyurtimiz Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma qo‘lga kiritdi.
Dastlab Rio Olimpiadasining sovrindori Elmurat Tasmuradov -60 kilogramm vazn toifasida moldovalik Viktor Siobanuni mag‘lub etib, bronza medali uchun kurashish imkoniyati va eng asosiysi Tokio Olimpiadasining yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Jalgasbay Berdimuratov vazni -77 kilogrammli sportchilar orasida ana shunday muvaffaqiyatli erishdi. Berdimuratov bronza medali uchun so‘nggi o‘tish bosqichida litvalik Paulius Galkinasni musobaqadan chiqarib yubordi. Endi har ikki vakilimiz kechki dasturda bronza medali uchun kurash olib boradilar.
-60 kg: Elmurat Tasmuradov – Ali Rizo Nejati (Eron)
-77 kg: Jalgasbay Berdimuratov – Asxat Dilmuhammedov (Qozog‘iston)
Shu tariqa terma jamoamizning Tokio Olimpiadasiga qo‘lga kiritgan litsenziyalari soni ettitaga etdi. Shularning uchtasi yunon-rim kurashi ustalarining hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Surat muallifi: Anvar Ilyasov

Fikrlar