
Ilhom Mo‘minjonov: "Yangi o‘yinchilarni kuzatyapmiz, ularni birinchi davradan keyin jamoamizga jalb qilamiz"
“Neftchi” klubi bugun pro-liganing navbatdagi turi doirasida o‘z maydonida “Xorazm”ni qabul qilib 5:1 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvdan keyin “Neftchi” bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Birinchi navbatda rahbariyatimizni, muxlislarimizni va jamoamizni bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun jamoamizga nisbatan qo‘llanilgan diskvalifikatsiya yakuniga etdi va muxlislarni stadionga qaytishiga ruxsat berildi. Ular kelib, bizni qo‘llab-quvvatlaganlariga katta minnatdorchilik bildiraman. Ushbu g‘alabani ularga bag‘ishlaymiz.
Bugun futbolchilarga berilgan yuklamalarni ular a’lo darajada bajarishdi. Lekin 10- daqiqada hisob 3:0 bo‘lib turgan paytda yarim himoyachilarimiz va himoyachilarimiz biroz bo‘shashdilar va shuni evaziga gol o‘tkazib yubordik. Birinchi bo‘limdan keyin yigitlar bilan gaplashib olganimizdan so‘ng, ikkinchi bo‘limda o‘zlariga kelishib, 2 ta gol urishga erishdilar va hisobni yirik ko‘rinishiga olib kelishdi. Shuning uchun ularga rahmat aytib qolaman.
“Istiqlol” jamoasi 4 ta o‘yindan keyin PFLga birinchilikdan chiqib ketish bo‘yicha ariza bilan chiqishdi. Lekin, afsusdaman, chunki 3 ochkodan ayrildik. Mana, o‘sha 3 ochkodan ayrilgan bo‘lsak ham bugun o‘sha 3 ochkoni qo‘lga kiritdik.
Ilgari aytib o‘tganimdek, jamoamizda 25 ta futbolchi bor va ular bilan mavsumni yakunlaymiz. Murabbiylar shtabimiz selektsiya ishlarini davom ettirmoqdalar. Hozirgi kunda ikkita yosh futbolchilarni kuzatishda davom etishmoqda. Nasib qilsa, birinchi davradan keyin ularni jamoaga jalb qilamiz.
Otabek Zokirovga kelsak, saviyasi baland, yaxshi hujumchi. U bilan shartnomamiz bor va u bizga kerakli hujumchi. Unga keyingi o‘yinlarda imkoniyat beriladi. Hozirgi kunda esa oldingi chizig‘imizda Obradovich, Hoshimov va Roziev kabi ijrochilarimizdan foydalanib kelmoqdamiz. Chempionatimiz va Kubok musobaqalari hali oldinda. Shuning uchun u bilan ishlashda davom etamiz, - dedi Mo‘minjonov.
"Neftchi" matbuot xizmati.
Fikrlar