
Ilk bor jamoasini o‘zgartirgan futbolchi yoxud o‘zini nega aybdor his qilishi va "Surxon"ga o‘tishiga nima sabab bo‘lganini bilasizmi?
“Surxon” klubi tarkibini bir muncha yangiladi. Legionerlar bilan birgalikda mahalliy futbolchilar ham chaqirildi. Ularning orasida iste’dodli yarim himoyachi Baxtiyor Qosimov ham bor. Bir necha yil “Andijon” sharafini himoya qilgan futbolchi endi “Surxon” uchun maydonga tushadi. U Superligada ilk bor jamoasini o‘zgartirdi.
- Ilk bor “Andijon”ni tark etdingiz va faoliyatingizni boshqa jamoada davom ettirasiz. Bunday qarorga kelishingizga asosiy sabab nima?
- Asosiysi, oldimga qo‘yilgan maqsad. Men yana Superligada to‘p surishni istadim. Ayniqsa, ispaniyalik murabbiylar qo‘li ostida futbol o‘ynagim keldi. Shunga qiziqib ham keldim. Ulardan nimadir o‘rganishni xohlayman.
- Bu siz uchun yangi jamoa. “Surxon”ga moslashuv qanday kechyapti? Ilk taassurotlaringiz qanday?
- Jamoadagi ko‘plab futbolchilar tanish. Yoshlikda birga o‘ynaganmiz, akademiyada birgalashib tahsil olgan do‘stlarim ham bor. Bu jamoaga moslashib ketish oson bo‘ldi. Barcha futbolchilar bilan ajoyib munosabatdamiz. “Surxon”dagi ichki muhit yaxshi.
- Ispaniyalik Anxel Lopes qanday murabbiy ekan? Sizlarga yangicha uslublarni o‘rgatyaptimi?
- Juda talabchan ekan. Futbolchilardan hamma narsani talab qiladi. O‘zi ham agressiv futbolni xohlaydigan murabbiy. Qolgani chempionat davomida ko‘rinadi.
- Ushbu murabbiy qo‘l ostida o‘zingizni qanaqa tasavvur qilyapsiz?
- Ancha yaxshi. U ruhiy va futbol tomonlama ham qo‘llab-quvvatlaydi. Haqiqiy professional ekan. Jamoani yaxshi tayyorlaydi. Tartibni ham joyiga qo‘yadi.
- Oldingizda boshqa takliflar ham bormidi? Nima uchun “Surxon”ni tanladingiz?
- Ispanlarni o‘zi meni taklif qilishdi. Ularning chaqiruviga o‘zim ham qiziqdim. O‘yin saviyamni yanada oshirmoqchiman. To‘g‘ri, yana bir-ikkita klublardan qiziqishlar yo‘q emasdi. Ammo aniq taklif “Surxon”dan bo‘ldi.
- “Surxon”ning oldiga aniq vazifa qo‘yildimi?
- Ha, vazifa qo‘yildi. Sakkiztalikdan pastga tushmaslik. Biz iloji boricha yuqori o‘rinlardan birini egallashga harakat qilamiz.
- Chempionatning dastlabki o‘yini “Olimpik”ka qarshi o‘tadi. Bu bahsga tayyorgarlik qanday bo‘ldi? Uchrashuv oldidan nimalar deya olasiz?
- Tayyorgarligimiz reja asosida bo‘ldi. Bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarida qatnashdik. O‘zbekistondagi ko‘plab klublar Turkiyada yig‘in o‘tkazishgani uchun biz ko‘proq pro ligadagi klublar bilan o‘ynadik. Biz “Olimpik” bilan bahsda faqat g‘alabani o‘ylayapmiz va shunga yarasha tayyorlanyapmiz. “Olimpik” yosh jamoa. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a’zolaridan tashkil topgan jamoa. O‘ylashimcha, juda yaxshi o‘yin bo‘ladi.
- “Andijon”dan ketish qiyin bo‘lmadimi? Muxlislar sizni qolishingizni istashgandi...
- U erdan ketish juda qiyin bo‘ldi. Klub rahbari Jur’at akaga katta rahmat. Ketishdan avval u kishini oldiga borib gaplashdik. Ketishim oldidan duosini oldim. Superliga baribir Superligada. U erda o‘ynab, o‘sishga erishasizlar dedi. Bir-birimizga omad tiladik. Baribir “Andijon”ni tark etish og‘ir bo‘ldi. Iloji yo‘q, futbol shunaqa ekan-da. Bugun bu erdasiz, ertaga boshqa erda.
- “Andijon” pro ligada hammasini yana boshidan boshlayapti. O‘tgan yili Superligani tark etganida o‘zinglarni aybdorek his qildinglarmi?
- Albatta, aybdordek his qilamiz, boz ustiga andijonlikmiz. Jamoa tushib ketganidan qattiq iztirob chekdik. Muxlislarni ranjitib qo‘ydik, buning uchun uzr so‘raymiz. Peshonada bor ekan, shu kunlarni ham ko‘rdik. Andijonlik muxlislar har doim O‘zbekistonda eng yaxshisi ekanligini isbotlab kelishgan. Ishonamanki, “Andijon” ishqibozlarini xursand qilib yana Superligaga qaytadi. To‘g‘ri, biz ham qattiq qayg‘uga botdik, ammo hayot davom etadi. Rahbariyatga hech qanday e’tiroz yo‘q. Ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi. Asosiy ayb futbolchilarda bo‘ldi. Ko‘p o‘yinchilarimiz yosh edi, tajriba va omad ham etishmadi, deb o‘ylayman. “Nasaf”ga penaltidan gol ura olmadik. AGMKni yutayotgan joyimizda yutqazib qo‘ydik.
Fikrlar