Ilyos Zeytullaev: "Shogirdlarimni xarakteridan xayratdaman"

  • 23 sentabr, 2024, 09:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada 19-tur o‘yinlari davom ettirildi. "Bunyodkor" jamoasi safarda "Surxon" klubi bilan kuch sinashdi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Bugun biz uchun juda muhim bahs edi. Hozirgi holatimiz qanday ekanligini yaxshi bilasiz. Bugun maydon bo‘ylab ustunlik raqibda bo‘lganiga qaramay, yigitlar oldiga qo‘yilgan vazifani munosib bajardi. Men shogirdlarimni xarakteridan xayratdaman. Ular qanday ahvolda ekanligimizni his qilgan holda jamoa bo‘lib harakat qilmoqda. Bu g‘alabadan juda xursandmiz.

- "Bunyodkor" ilk bor mavsumda ikkita g‘alabani ketma-ket qo‘lga kiritdi. Qo‘shimchasiga mehmonda?!

- "Dinamo" bilan bahsdagi g‘alabali yurishni davom ettirishimiz juda muhim edi. O‘ylashimcha, jamoa ruhan o‘z kuchiga ishonishni boshladi. Biz uddalay olamiz va uddalashimiz kerak, bu ishni. Biz o‘z kemamizni suvi sokin portga olib kelish uchun hamma ishni qilamiz. Kemadagi bacha bir manzil sari harakat qilayotgani yoqimli.

- "Bunyodkor" hozir to‘liqligicha hisobni ushlashga o‘ynayaptimi?

- "Surxon" xuddi "So‘g‘diyona" va birinchi davradagi "Olimpik" kabi bizga qarshi harakat qilgan eng yaxshi jamoalardan biri. Murabbiylar shtabi ham juda yaxshi ish olib bormoqda. Ular bizni chuqurroq himoyalanishga majbur qilishdi, ammo yigitlar yanada jipslashgan holda mudofaada turib bera oldi. To‘g‘ri, ustunlik raqib tomonda bo‘lganiga qaramay, futbolda doim to‘pni nazorat qilgan tomon g‘alaba qozonmaydi. Bizda qarshi hujumlar uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Hozir ochko jamg‘arishimiz kerak. Keyinchalik bu o‘yinlarni qanday bo‘lganini hech kim eslamaydi ham.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!