Irismetov Rossiya klublariga O‘zbekiston va Tojikistondan o‘yinchi tanlab berdi

  • 02.02.2024 19:10
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Ja’far Irismetov O‘zbekiston futbolida o‘ziga yarasha iz qoldirgan to‘purarlar hisoblanadi. Sobiq futbolchi professional faoliyati davomida yurtimizdan tashqari Gretsiya, Rossiya, Ukraina, Belarus, Xitoy va Qozog‘iston jamoalarida ham to‘p tepgan.

O‘z davrida O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston chempioni bo‘lgan Ja’far Irismetov milliy terma jamoamizning Qatarda davom etayotgan Osiyo kubogi nimchorak finalida Tailandga qarshi o‘tkazgan uchrashuvi va qit’a chempionatida ishtirok etayotgan o‘zbek va tojik futbolchilari haqida fikr bildirdi.

IMG_1654

- Eng muhimi – natija. Tailand bilan o‘yinning birinchi bo‘limida futbolchilarimiz to‘pni nazorat qildi, xavfli vaziyatlar bo‘ldi. Bellashuvning ikkinchi yarmida biroz bo‘shashdik, raqib hujum uyushtira boshladi va hatto hisobni tenglashtirdi.

Ajablanarlisi, Oston O‘runov yana markaziy hujumchi sifatida maydonga tushdi. Yana sof hujumchisiz o‘ynaganimiz tushunarsiz.

Diyor Xolmatovni o‘yinga tushurishgani zo‘r bo‘ldi, variantlar ko‘paydi. Natijada Xolmatov “Paxtakor”da birga o‘ynagan Azizbek Turg‘unboevga golli pas uzatdi. Ochig‘ini aytsam, O‘runov o‘zini ko‘rsata olmadi, eng kuchli tomonlarini qo‘llamadi.

Tailand bilan o‘yinda yigitlar biroz toliqqandan sal og‘irroq harakat qildi. Hozir murabbiylar uchun eng asosiy masala Qatar bilan bo‘ladigan o‘yingacha futbolchilarini tiklab olish. Qo‘shimchasiga ayrim futbolchilar safga qaytadi, tanlov imkoni bo‘ladi. Bosh murabbiy o‘yinni tahlil qilib, kamchiliklarni bartaraf qiladi, deb o‘ylayman.

Tojikiston terma jamoasida ham e’tibor qaratish mumkin bo‘lgan o‘yinchilar bor. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklariga gol urgan markaziy himoyachi Vaxdat Xanonov. Hozir u juda yaxshi o‘ynayapti.

IMG_1058

O‘zbekistoda ham yaxshi yosh o‘yinchilar bor, ular ham juda yaxshi taassurot qoldirmoqda. Men Rossiya klublarini Odil Hamrobekov qiziqtirishi mumkin, deb hisoblayman. U Rossiyaning yaxshi darajadagi klubida bemalol o‘ynab keta oladi.

Oston O‘runov hozir Rossiya Premer-ligasiga qayta oladimi? Albatta, qayta oladi. Lekin “Spartak”da o‘ynaganida Rossiyada undan ijobiy taassurot qolmagan. Men har doim uning xarakteri og‘ir ekanini aytganman. Balki hozir ancha ulg‘aygandir. O‘yini masalasida Rossiya Premer-ligasida to‘p tepa oladi. Futboldan tashqaridagi ishlar unga xalaqit qilmasa, Oston Rossiyaning har qanday klubiga foyda keltira oladi, - dedi Ja’far Irismetov.

Ta’kidlash lozimki, Vaxdat Xanonov 2021 yildan beri Eronning “Persepolis” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Futbolchi forslar safida 36 ta uchrashuvda qatnashib, bittadan gol va assist qayd etgan.

Transfermarkt portali ekspertlari 23 yoshli futbolchining transfer summasini 350 ming evroga baholamoqda.

Odil Hamrobekov mavsumni “Paxtakor” safida chempion sifatida yakunladi. Hamrobekov futbolchilik faoliyati davomida “Nasaf” (Qarshi, 2013-2018 yillar),  “Paxtakor” (Toshkent, 2019-2021 yilning 2-davrasi – 2023 yillar), “Shabab Al-Ahli” (Dubay, BAA, 2021 yilning 1-davrasi) jamoalarida o‘ynagan.

Hamrobekov ayni paytda Qatarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Osiyo kubogida munosib qatnashyapti.

IMG_1216

Shunga qaramay, mohir futbolchi yangi mavsumni “Navbahor”da o‘tkazishi kuni kecha rasman e’lon qilindi.  Transfermarkt portali tajribali yarim himoyachini 1,2 million evroga baholamoqda.

Markaziy Osiyoda Eldor Shomurodov darajasidagi futbolchi yo‘q!

O‘zbekistonni chorak finalga olib chiqqan Fayzullaevga qanday baho berilyapti?

Supergol urgan Fayzullaevning narxi 20 baravar oshadi!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!