Iroq terma jamoasi hujumchisi AQSh aeroportida 7 soat davomida so‘roq qilindi
Iroq milliy terma jamoasi hujumchisi Ayman Hussayn Jahon chempionati uchun AQShga yetib borgach noxush holatga duch keldi.
Ma'lum qilinishicha, futbolchi aeroportda xavfsizlik xizmatlari tomonidan ushlab turilgan va yetti soat davomida so'roq qilingan. Keyinchalik u ozod qilingan.
Manbalarga ko'ra, Ayman Hussaynni terrorchilik faoliyatida gumon qilinayotgan boshqa bir Iroq fuqarosi bilan adashtirib yuborishgan.
Holat yanada achinarlisi, futbolchining o'zi ham terrorchilar harakatlaridan jabr ko'rgan oiladan chiqqan. 2008 yilda uning armiyada xizmat qilgan otasi terrorchilar tomonidan o'ldirilgan. 2014 yilda esa katta akasi o'g'irlab ketilgan va hozirgacha uning taqdiri haqida hech qanday ma'lumot yo'q.
Shunga qaramay, Ayman Hussayn hozirda Iroq terma jamoasi safida Jahon chempionatida ishtirok etish uchun tayyorgarlikni davom ettirmoqda.

Fikrlar