
Italiya klubi g‘alabaga erisholmasa-da, bir pog‘ona yuqoriladi, frantsuzlar ilk bor zafar quchdi
Chempionlar ligasining 5-turida "Atalanta" o‘z maydonida "Midtyullann" klubini qabul qilgan bo‘lsa, "Marsel" va "Olimpiakos" o‘zaro kuch sinashdi.
Italiya klubi mezbon bo‘lishiga qaramay, guruh autsayderini mag‘lub etolmadi. 13-daqiqada Sholz "Midtyullann" jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 79-daqiqada Romero tomonidan kiritilgan gol "Atalanta"ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Shu tariqa, ochkolari sonini 8 taga etkazib olgan italyanlar "Liverpul"ga engilgan "Ayaks"ni ortda qoldirib, so‘nggi tur oldidan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
4 ta turda birorta ochko jamg‘ara olmagan "Marsel" nihoyat g‘alabaga erishdi. Garchi frantsiyaliklar guruhdan chiqolmasligi aniq bo‘lib ulgurgan bo‘lsa ham Evropa ligasi yo‘llanmasi yo‘lida "Olimpiakos"ni 2:1 hisobida taslim etdi. 33-daqiqada greklar a’zosi Kamara hisobni ochgan bo‘lsa, Dmitri Paye ikkita penaltidan foydalanib, kichik kambek amalga oshishiga xizmat qildi.
Fikrlar