Italiyaliklar "Tottenxem"dan terma jamoa futbolchisini olib ketdi
«Tottenxem»ga tegishli yarim himoyachi Pap Matar Sarr faoliyatini Italiyada davom ettiradi. Senegalik markaziy yarim himoyachi «Yuventus» jamoasiga joriy mavsum oxirigacha ijara asosida o‘tdi.
Bu haqida Turin klubining rasmiy sayti orqali ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Yuventus» Sarrning ijarasi uchun «Tottenxem»ga ikki million yevro to‘ladi. Klublar o‘rtasidagi kelishuvda futbolchini to‘liq sotib olish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan — uning transfer bahosi 28 million yevro etib belgilangan. Italiya jamoasida Sarr 29-raqam ostida maydonga tushadi.
O‘tgan mavsumda 23 yoshli yarim himoyachi barcha musobaqalar doirasida 37 ta o‘yinda maydonga tushdi. U shu davr mobaynida ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol etdi va to‘rtta golli uzatma amalga oshirdi.

Fikrlar