Ja’far Irismetov: Ishga qaytishim bilanoq ko‘z ostimga olib qo‘ygan futbolchilar bilan muzokaralarni boshladim

  • 11 oktabr, 2019, 20:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbolimizda ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biri Ja’far Irismetov yana «Paxtakor»da o‘z ishini olib bormoqda. Xabaringiz bo‘lsa, u «Aziz Turg‘unboev ishi» bo‘yicha olti oyga futboldan diskvalifikatsiya qilingandi. O‘sha muddat tugagach, Ja’far Tursumboevich yana futbolga qaytdi va «Paxtakor»da oldingidek sport direktori lavozimida ishlamoqda.

Tecno

«Paxtakor»ning chempionligi haqida

«Paxtakor»ning joriy mavsumdagi ishtiroki haqida alohida gapirish mumkin. Chunki klub har tomonlama raqiblarini dog‘da qoldirib kelmoqda. Shu sababli ular haqli ravishda chempionlikni qo‘lga kiritishdi. Xo‘sh, «Paxtakor» joriy mavsumda o‘ta kuchayib ketdimi yoki raqiblar kuchsizlanganmi? Bu albatta, o‘ziga yarasha qiziq savol. «Paxtakor» klubi sport direktori Ja’far Irismetov esa avvalo ushbu masalaga munosabatini bildirdi.

- «Paxtakor» chindan ham bu yil boshqalarga qaraganda kuchli o‘yin ko‘rsatyapti. Masalan, o‘tgan yili ham jamoamiz chempion bo‘lishga munosib edi. O‘shanda ham mavsumni yaxshi boshlagandi. Birinchi davradan keyin 11 ochkoga hammadan ilgarilab ketgandi. Lekin oltin ochkolar sababli qiynalib qolgandik. Bu yil esa «Paxtakor» har taraflama barchadan kuchli ekanligini isbotlayapti. Ammo bu bilan chempionatimizning saviyasini kuchsiz deb ayta olmayman. Aytishim mumkinki, boshqalar ham bir tekisda o‘ynashyapti. Shunchaki, «Paxtakor» boshqalardan kuchli.

Irismetov Dubayda!

Irismetov diskvalifikatsiya muddati tugaganidan so‘ng yana klubga qaytdi va sport direktori lavozimida ishini davom ettiryapti. Bungacha esa uning «Paxtakor»ga qaytishi yoki qaytmasligi borasida ham qiziqayotganlar ko‘p edi. Ammo ko‘rib turganingizdek, Ja’far Irismetov yana «Paxtakor»da!

- Ha, diskvalifikatsiya muddatim tugaganidan keyin yana «Paxtakor»ga ishga qaytdim, - deydi, Ja’far Tursumboevich. – Yana klubning sport direktori lavozimidaman. Ayni paytda qizg‘in ish jarayonidamiz. Mana, hozirda Dubayda ish bilan bo‘lib turibmiz. Yangi mavsum uchun ko‘riladigan tayyorgarlik jarayonlarini jamoamiz qaysi maydonlarda o‘tkazishi, qaysi mehmonxonalarda istiqomat qilishi borasida ko‘rib yuribmiz. Umuman olganda, o‘z ishim bilan shug‘ullanyapman. Akademiya va o‘rinbosarlar tarkibimizni kuchaytirish harakatidamiz. Qolaversa, selektsiya ishlari bilan ham bandman. Hozirda esa ikki-uch nafar futbolchilar bilan shartnomalar tuzdik. Ularni kelasi yili jamoamiz safida ko‘rasizlar. Yana 5-6 nafar o‘yinchilar bilan ham muzokaralar olib boryapmiz.

irismetov4

Selektsiya to‘g‘risida

«Paxtakor»ning yangi mavsum uchun hozirdanoq astoydil kirishganligi ko‘rinib turibdi. Demak, selektsiyada ham yana ayrim o‘zgarishlar kuzatilishining ehtimoli katta. Sport direktori esa shu haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Saytlarni kuzatib borgan bo‘lsanglar, o‘zimizning bir qator etakchi o‘yinchilar bilan shartnomalarni uzaytirganimiz haqida xabarlar berdik. Masalan, Farruh Sayfiev, Eldor Suyunov, Sherzod A’zamov… Igor Sergeev bilan bir yilga bitimni uzaytirdik. Odil Hamrobekov esa yana ikki yil davomida biz bilan birga bo‘ladi. Asosiy maqsadimiz jamoamizni yoshartirish va o‘rtacha yoshini 24-25 darajaga keltirib, terma jamoa o‘zagini tashkil qilmoqchimiz. Hozirgi kunda ko‘p e’tiborimizni o‘zimizning mahalliy futbolchilarimizga qaratyapmiz. To‘g‘ri, legionerlar ham bo‘lishi kerak. Ammo birinchi navbatda mahalliy iqtidorlarni jalb qilmoqchimiz.

Diskvalifikatsiyasi haqida

Shuni alohida aytish kerakki, Irismetov klubga qaytganidan keyin «Paxtakor»ning tashkiliy masalalari va yana boshqa ishlarida ijobiylik ko‘zga tashlanib turibdi. Diskvalifikatsiya tufayli futboldan chetda yurgan chog‘ida ham bo‘lib o‘tgan ishlarni tahlil qilib, xulosalar chiqargan bo‘lsa ajab emas.

- To‘g‘risini aytsam, diskvalifikatsiya payti menga juda qiyin o‘tdi. Chunki shuncha qilingan mehnatdan keyin chetga chiqib qolgandek bo‘ldim. Ammo shunga qaramasdan, bo‘sh o‘tirganim yo‘q. Ko‘plab o‘yinlarni kuzatdim, tahlil qildim. Kerakli futbolchilarni ham kuzatib yurdim. Ishga qaytishim bilanoq o‘sha ko‘z ostimga olib qo‘ygan o‘yinchilar bilan muzokaralarni boshladim. Yuqorida aytganimdek, ayrimlari bilan kelishuvga ham erishdik. Hozirgi kunda ham ish to‘xtagani yo‘q. Kelasi yili nafaqat O‘zbekiston chempionatida, balki Osiyo Chempionlar ligasida ham yaxshi qatnashish vazifasi rahbariyat tomonidan oldimizga qo‘yilgan. Shuning uchun «Paxtakor»ning tarkibini yanada kuchaytirishga harakat qilamiz, - deydi mutaxassis.

irismetov3

Klubni kimlar tark etadi?

Tarkib yanada kuchaytirilishi bu tabiiyki, o‘zgarishlar bo‘lishidan darak bermoqda va «Paxtakor»ni tark etadigan o‘yinchilar ham borligi bilinib turibdi. Bu masala bo‘yicha Ja’far Irismetov shunday dedi:

- Jamoamizdan ketadigan futbolchilar ham bor, yo‘q emas. Ammo hozirdan bu haqida aytishimiz yaxshi emas. Ertaga nima bo‘lishini Xudo biladi. Hozirdan kimnidir ketadi yoki qoladi deb aytishimiz o‘sha futbolchiga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Lekin taxminlarimiz bor va 3-4 ta o‘yinchi bilan xayrlashmoqchi bo‘lib turibmiz. Aslida bu har yili bo‘ladigan jarayon va buni futbolchilar ham to‘g‘ri tushunishlari kerak. Bungacha bir qancha o‘yinchilarni boshqa klublarga berdik. Masalan, Akbar Ismatullaev, Aleksandr Lobanov, Stanislav Andreev kabilar «Metallurg»ga borib yaxshi o‘yin ko‘rsatishyapti. Baribir «Paxtakor»dan ketgan yigitlar ham yaxshi saviyadagi o‘yinchilar va ular boshqa klublarni bemalol kuchaytira oladilar. Biz ham klubda 30-40 ta futbolchini bir vaqtning o‘zida ushlab tura olmaymiz. 24 ta o‘yinchini ro‘yxatga kirita olamiz. Boshqalarni bekordan ushlab turib, ularni o‘yin amaliyotisiz ham qoldirishimiz noto‘g‘ri bo‘ladi. Qolaversa, iqtidorli yoshlarni ham ijaraga berganmiz. Masalan, Asad Sobirjonov «Buxoro»da «ochilib» ketdi. Doston Ibragimov ham o‘zini ko‘rsatib kelyapti. O‘ylashimcha, «Paxtakor» shu tomonlama ham to‘g‘ri yo‘l tanlagan. Olimpiya terma jamoamizga kerakli bo‘lgan futbolchilarni ushlab turmasdan ularga o‘yin amaliyotini taqdim etyapmiz. «Paxtakor»da esa doim oliy maqsadlar qo‘yilgani uchun yoshlarni zaxirada ushlab o‘tirmasdan boshqa jamoalarga borib yordam bergani yaxshi. Misol uchun ikkinchi davrada Erkinov bilan Ahmadovni «Qo‘qon-1912»ga berdik va u erda o‘zlarini ko‘rsatishyapti. 

Legionerlarning keyingi taqdiri

Shuningdek, klubda legionerlar masalasi ham alohida mavzu bo‘lib kelgan. Bungacha himoyachi Marko Simichning mavsum tugaganidan keyin klubdan ketishi haqidagi xabarlar ham paydo bo‘lgandi. Qolaversa, klub keyingi mavsum uchun ham yangi legionerlar bilan muzokaralar olib boryaptimi? Ushbu savollar yuzasidan sport direktorining javobi quyidagicha bo‘ldi:

- Dragan Cheran bilan ham shartnomani ikki yilga uzaytirdik. Legionerlardan hozircha faqat u bilan kelishuvga erishdik. Lekin Simich borasida biror nima deyishim qiyin. Buni murabbiylar shtabi bilan hal qilamiz va agar ruxsat berishsa, u bilan ham muzokaralarni olib boramiz. Bundan tashqari, yana boshqa xorijlik futbolchilarning nomzodlarini ham ko‘rib chiqyapmiz. Agar «Paxtakor»ga har tomonlama mos tushadigan legionerni aniqlasak, buni ko‘rib chiqamiz.

«Paxtakor» osiyolik legionerlarni kuzatmoqdami?

Ma’lumotlarga qaraganda, «Paxtakor» klubida osiyolik legionerlar ham paydo bo‘lishi mumkin va hozirda kuzatuv ishlari olib borilmoqda. Gap shundaki, Ja’far Irismetov JCh-2022 ikkinchi saralash bahslari doirasidagi Iroq hamda Gonkong terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni stadionda kuzatib borgan. Demak, bu bejiz bo‘lmasa kerak va mezbonlarning qaysidir o‘yinchilari sinchkovlik bilan o‘rganilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bu xususida sport direktori quyidagicha javob berdi:

- Ha, Iroqqa borib keldik. Lekin hozircha aynan kimni kuzatayotganimizni ayta olmayman. Ammo bir-ikkita futbolchilari bizni qiziqtiryapti. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Hozircha esa faqat ko‘rishga bordik. Yana ularni kuzatish kerak. Agar bizning uslubimizga har tomonlama mos kelsa, qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.

Shota Arveladzega chindan ham terma jamoa bosh murabbiyligi taklif qilinganmidi?

Yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasida Ektor Kuperning o‘rnini Vadim Abramov egallaganidan yaxshi xabardorsiz. Lekin bosh murabbiylikka Vadim Karlenovichdan tashqari «Paxtakor» ustozi Shota Arveladzening ham nomzodi borligi haqidagi gaplar quloqqa chalingandi. Yoki «Paxtakor» o‘z murabbiyini qo‘yib yuborgisi kelmadimi? Irismetov esa chindan ham Shota Yustinovichning nomzodi bo‘lganini tasdiqladi.

- O‘ylashimcha, Vadim Abramovning terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lganini yaxshi deb hisoblayman. Ilgari terma jamoamiz Vadim Karlenovichning qo‘li ostida ajoyib o‘yin ko‘rsatgan va buni hamma yaxshi eslaydi. Muxlislarimiz ham Abramovni xohlashgandi. Lekin bu yog‘iga murabbiy ishni qanday olib borishiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Masalan, tarkibni yoshartiradimi? Aytaylik, Anzur Ismoilov o‘z xohishi bilan termadan ketdi. O‘ylashimcha, yana bir-ikkita o‘yinchining terma jamoadagi faoliyatini yakunlash fursati etib keldi. Asta-sekin terma jamoani yoshartirib borish kerak. Shota Arveladzega keladigan bo‘lsak, rostdan ham uning bosh murabbiylikka nomzodi bor edi. Lekin bir vaqtning o‘zida ham «Paxtakor»da, ham terma jamoada ishlashni xohlamadi. O‘ylashimcha, bu to‘g‘ri bo‘lmasdi. Ikkala joyda ishlasa diqqat-e’tiborini yo‘qotib qo‘yishi ham mumkin. Terma jamoa bosh murabbiyi bo‘lganidan keyin boshqa jamoalardagi o‘yinchilarni ham ko‘proq kuzatishiga to‘g‘ri keladi. Ektor Kuperga esa ko‘proq shu narsa etishmadi deb o‘ylayman. Negaki, u faqat Toshkentdagi o‘yinlarni ko‘rishga harakat qildi-yu, qolgan uchrashuvlarni umuman ko‘rmadi desak ham bo‘ladi. Balki videoyozuv orqali ko‘rgandir, ammo stadionda jonli kuzatgan boshqa. Menimcha, Arveladzening ham xohlamaganini sababi shu bo‘lsa kerak. Chunki uning oldida klub rahbarlari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishdek jiddiy vazifasi ham turgandi.

irismetov

«Paxtakor»ning muvaffaqiyatlari uchun qanday bonuslar bor?

Ma’lumki, «Paxtakor» klubi mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi va bundan tashqari O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqdi hamda O‘zbekiston Liga Kubogining yarim finaliga ham etib keldi. Demak, ularda sovrin yutish bo‘yicha xet-trikka erishish imkoniyati bor. Qiziq, klub rahbarlari bunday muvaffaqiyatlar uchun futbolchilarga qanday bonuslarni belgilashgan ekan-a? Bu mavzu bo‘yicha ham sport direktorining fikri bilan qiziqdik.

- «Paxtakor» o‘zi ishtirok etayotgan har qanday musobaqada birinchi o‘rinni olishga harakat qiladi. Mana, Kubok finaliga chiqdik va Liga Kubogida yarim finalda turibmiz. Albatta, qolgan raqiblar bilan bemalol raqobatlashsa bo‘ladi. «Paxtakor» barcha musobaqalarda g‘olib chiqishning uddasidan chiqadi deb o‘ylayman. Bonuslarga keladigan bo‘lsak, rahbariyat nima desa shu bo‘ladi. Shartnomalarda hech qanday bonuslar yozilmagan. Ammo rahbariyat tomonidan va’da qilingan bonuslar bor. Jamoamiz yutsa, rahbariyat aytilgan bonuslarni bajarishadi.

«Paxtakor» - AGMK o‘yini oldidan

«Paxtakor» o‘tgan yili Kubok finalida AGMKga mag‘lub bo‘lib, ko‘pchilikni ajablantirgandi. Vaholanki, o‘shanda «Paxtakor»ning mag‘lubiyati kutilmagan holat bo‘lgandi. Bu safar esa «sherlar» o‘sha mag‘lubiyat uchun revansh olarmikin?

- Biz hozircha faqat chempionatni yutdik xolos. Shu bois Kubok bahslariga jiddiy tayyorlanishimiz kerak. Oldingi yilgi mag‘lubiyat albatta futbolchilarimizga alamli bo‘lgandi, buni hamma yaxshi tushunib turibdi. O‘ylashimcha, yigitlarimiz boshqacha tayyorgarlik ko‘rishadi va albatta yutib Kubokni qo‘lga kirita olamiz. Umuman olganda, joriy mavsumda uchta sovrin yutishni juda xohlayapmiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
11/10/2019 22:58
Aziz Ganiev. bu yil Pahtakorga utadi. Kubik fenalga. Pahtakor yutqazadi bu ham aniq. Sponser bitta. bulsa. olmaliq chiqadi. osiyoga. pahtakor bilan ikkalasi. omadini bersin.
&
Абвгд
11/10/2019 23:39
Пулинг куп булса музокара утказиш хам осон булади, факат регламент бузиб куйилмаса.