
"Jamoa bilan yaxshi aloqalar saqlanib qolingandi" - Lazarevich "Qizilqum"ga qaytishi, selektsiya va Antaliya yig‘ini haqida
“Qizilqum” jamoasi ham Antaliyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib boryapti. Rejaga muvofiq o‘rtoqlik uchrashuvlarida qatnashishyapti. Kecha navoiyliklar Gruziyaning “Samgurali” jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvida qatnashishdi va unda hisob ochilmadi. Uchrashuvdan so‘ng “Qizilqum” bosh murabbiyi Nikola Lazarevichni suhbatga tortdik.
- Uchrashuv durang bilan yakunlandi. Qoniqdingizmi?
- Ko‘rib turibsiz, deyarli yangi jamoa tuzilgan. O‘tgan yilgidan sanoqli o‘yinchilar qolgan. Selektsiya ishlari yil boshidan boshlangan. Biz o‘yindan-o‘yinga, mashg‘ulotdan-mashg‘ulotga o‘sib bormoqdamiz. Bu juda muhim sanaladi. Futbolchilar tez fursatda bir-birlarini tushunib borishmoqda.
Umumiy olsak, birinchi o‘yinda Ukraina jamoasi bilan yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Bu safargi uchrashuvda birinchi bo‘limdan qoniqdim. Ikkinchi bo‘lim borasida ba’zi birlariga savolim bor. O‘yinni ko‘ramiz, tahlil qilamiz. Chempionat boshlanguncha xatolarni kamaytirishga harakat qilib boramiz.
- Siz uch yil oldin ham “Qizilqum”ni boshqargansiz. Rosti, qaytishingizni kutmagandik. Bu qanday sodir bo‘ldi?
- Oddiy jamoalardan ko‘plab chaqiruvlar bo‘ldi. Lekin bu jamoa bilan ham yaxshi aloqalar saqlanib qolingan edi. Jamoa murabbiysiz qolgandi. Men ham ishlashga tayyor edim. Taklif bilan chiqishdi va mamnuniyat bilan qabul qildim. Rahbariyat ham meni qaytganimdan xursand bo‘lishdi.
- Yangi mavsumda “Qizilqum”ni maqsadi qanday?
- Chempionlik uchun kurashamiz (kuladi).
- Bunga ishonchingiz komilmi?
- Maqsad yaxshi jamoa tashkil qilish. Asosiy tarkibni ko‘rdingiz, ko‘plab o‘yinchilarni qo‘shdik. 5-6-o‘rinlarda yursak, bu yaxshi natija bo‘ladi va shunga harakat qilamiz.
- Selektsiyadan qoniqdingizmi? Tarkibga yana yangi futbolchilar qo‘shiladimi?
- Bu borada biroz kechroq harakatni boshladik. Yuqori maqsadni qo‘ygan jamoalar mavsum tugashi bilan tarkibga kerakli o‘yinchilarni jalb qilishni boshlashgan. Biz bu ishlarni yil boshidan boshladik. Bu jarayon juda qiyin bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, yaxshi o‘yinchilarni taklif qildik. Asosan O‘zbekistonda o‘ynayotgan legionerlarni tanladik. Umuman, yangi jamoa tashkil etdik. Tezroq bu o‘yinchilarni biz xohlagan uslubga moslashtirib, yaxshi jamoa tuzish. Buni endi chempionat davomida guvohi bo‘lamiz.
"Qizilqum"ning gruziyaliklarga qarshi o‘yinidan fotolavhalar
O‘zbekistonlik hakamlar boshqargan o‘yinda "Qizilqum" durang o‘ynadi
Fikrlar