
"Jamoadan ketishim Shatskix sababli emas, "Neftchi" faqat chempionlik uchun kurashadi". Sanjar Quvvatov nega "Paxtakor"dan "Neftchi"ga o‘tdi?
“Neftchi” klubi yangi mavsum uchun tarkibini jiddiy ravishda kuchaytirayotganini yaxshi bilasiz. Bir necha yil “Paxtakor” sharafini munosib himoya qilib, chempionlikni qo‘lga kiritib, yana boshqa muvaffaqiyatlarga erishgan tajribali darvozabon Sanjar Quvvatov endi “Neftchi” safida faoliyat olib boradi. Kuni kecha Quvvatov Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Sanjar, sizni “Neftchi” klubiga o‘tganingiz bilan tabriklayman. Balki bu ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘lgandir. Avvalo, ushbu jamoa a’zosiga aylanishingizning voqealari qanday yuz bergani haqida so‘ramoqchiman. Dastlab qachon taklif bilan chiqishgandi?
- Tabrik uchun rahmat. “Neftchi”ga o‘tishimni ko‘pchilik kutmagan bo‘lishi mumkin. “Neftchi”dagi darvozabonlar murabbiyi bilan anchadan berish tanishmiz, doim gaplashib turardik. Ular O‘zbekistonga kelishganidan beri menga taklif bilan chiqishardi. “Paxtakor” bilan shartnomam borligi uchun ketmayotgandim. Farg‘onaliklarning bu safargi taklifidan keyin rozi bo‘ldim. Chunki, baribir qandaydir yangilik kiritish, jamoa almashtirish kerak. Yana hamma bilishi kerak bo‘lmagan boshqa gaplar ham bor. “Neftchi”da darvozabonlar murabbiyidan tashqari bosh murabbiy Vitaliy Grigorevich ham menga qiziqqani va ishonch bildirgani uchun klub bilan gaplashishni boshladim. “Paxtakor” bilan ikki tomonlama kelishib, shartnomani bekor qilishga qaror qildim va “Neftchi” bilan shartnoma tuzdim.
- “Paxtakor”da bir necha yil faoliyat olib bordingiz. Ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritdingiz. “Sherlar”ni tark etish qiyin bo‘lmadimi?
- Albatta, “Paxtakor”da futboldagi faoliyatimda eng ko‘p yutuqqa erishdim. Shuning uchun ham bu klubga ko‘pchilik o‘tishni xohlaydi. Barcha natijalardan to‘liq qoniqdim, deb ayta olmayman. Masalan, har doim barqaror o‘ynab bo‘lmaydi, qandaydir xatolar bo‘lib qolishi mumkin. U erdagi futbolchilar bilan doim birga bo‘ldik, yaxshi va yomon holatlarda ham qo‘llab-quvvatladik. Haqiqiy bir jamoa bo‘lib harakat qilganmiz. Klubdan Shota Arveladze ketganidan so‘ng jamoa Ortiqxo‘jaev olishidan oldin deyarli hech kimsiz qolib ketdi. O‘shanda ham barchamiz bir oila bo‘lib, qiyin holatdan chiqib ketganmiz. Bir umr esda qoladigan vaziyatlar bo‘lgan. Albatta, bunday jamoani tark etish oson bo‘lmadi. Shunga qaramay, hayot davom etadi. Faqat oldinga harakat qilishimiz kerak. Ota-onam, yaqinlarim bilan maslahatlashgan holda shu qarorga keldim.
- Navbatdagi savolim Maksim Shatskix bilan bog‘liq. Bosh murabbiy chempionatning ikkinchi yarmidan o‘tgach, asosan legioner darvozabonga ishonch bildirdi. Shatskix bilan munosabatingiz qanday edi? Balki klubdan ketishingizga bu narsa ham ta’sir qilgandir...
- Maksim Shatskix bilan o‘rtamizda hech qanaqa yomon munosabat bo‘lmagan. Jamoadan ketishim Shatskix sababli emas. Pavlyuchenko kelgani yoki boshqa darvozabonlar kelishi kerak bo‘lgani uchun emas. Men klubdan boshqa sabablarga ko‘ra ketdim. Menda yoshligimdan har doim katta raqobat bo‘lib kelgan. Bundan hech qachon qo‘rqmaganman. Bundan keyin ham qo‘rqmayman. Maksim Shatskix bilan yaxshi munosabatdamiz. O‘rtamizda kelishmovchilik bo‘lmagan. To‘g‘ri, oxirgi men o‘ynagan o‘yinlarda yutolmadik. Murabbiy dam berishga qaror qildi. Bu murabbiyning qarori va uning xulosasi. Siz qanaqa futbolchi bo‘lishingizdan qat’iy nazar oxirgi qarorni qabul qiladigan murabbiy. Pavlyuchenko ham yomon o‘ynamadi. Klubda 5 yil o‘ynagan bo‘lsam hech qanaqa muammo bo‘lmagan. Har doim rahbariyat, murabbiylar bilan yaxshi munosabatda bo‘lganmiz. “Paxtakor” jamoasida qorovullar, oshpazlar, qo‘yingki, hamma-hammasi bilan juda yaxshi munosabatdaman. Barchasini hurmat qilaman va meni ham hurmat qilishadi.
- Sizga “Neftchi”dan tashqari yana boshqa takliflar ham bormidi?
- Yo‘q, menga hech qanaqa taklif bo‘lmagan. Chunki shartnomam bor edi, buni klublar bilishardi. “Paxtakor”da ketma-ket chempionlikni qo‘lga kiritganimiz uchun balki boshqa jamoaga o‘tishimni xayollariga ham keltirishmagandir. Men “Neftchi”dan boshqa hech kim bilan gaplashganim yo‘q. Aytganimdek, “Neftchi”dagi darvozabonlar murabbiyi bilan har doim aloqada bo‘lib kelganmiz. U shartnomam bo‘lishiga qaramasdan har yili “Sanjar kelasanmi”, deb so‘rardi. Oxiri qaror qildim. Bu safar taklif bilan chiqishganida roziligimni aytdim. Boshqa jamoalardan afzal tomoni “Neftchi” chempionlik uchun kurashadigan jamoa tuzyapti. Bu erda tanishlarim ko‘p. Mirzohid G‘ofurov, G‘ulomhaydar G‘ulomov...Ular bilan gaplashganimda ham ichki muhit ajoyibligini aytishadi. Klubni o‘ziga yarasha tarixi bo‘lgani uchun ham shunday qaror qabul qildim.
- “Neftchi”ni maqsadi chempionlik. Vaziyatga real qaraganda, bu boradagi imkoniyati qanday?
- Men o‘tyapman, endi chempion bo‘lamiz, degan gapni aytish xayolimda ham yo‘q. O‘zimga yarasha maqsadim bor. Albatta, qaysi klubga o‘tishdan qat’iy nazar chempionlikni qo‘lga kiritish uchun harakat qilaman. O‘sha jamoa sha’nini munosib himoya qilishga bor kuchimni sarflayman. “Neftchi”ning bu yilgi o‘yinlarini kuzatib borganimda jamoaviy jihatdan yaxshi o‘ynadi. O‘shanda agar biz chempion bo‘lolmasak “Neftchi” yoki “Nasaf” chempion bo‘lsa kerak, deb o‘ylaganman. Yangi mavsumga “Neftchi” tarkibini jiddiy kuchaytirayotganiga qarab albatta jamoaning chempionlik uchun imkoniyati bor. Xudo xohlasa, biz faqat shuning uchun kurashamiz.
- Sizni ilgari milliy terma jamoaga ham chaqirishardi. Hozir Yusupov, Ergashev va Rahimov singari posbonlarga ishonch bildirilyapti. Siz uchun eng kuchli darvozabon kim?
- Bu mendan juda ko‘p so‘raladigan savol. Bu yil o‘zim uchun ham yaxshi chempionat o‘tkazdim, deb o‘ylayman. Og‘ir uchrashuvlar bo‘ldi. Shunga qaramay, ko‘plab g‘alabalarga erishdik va chempion bo‘ldik. Bu men uchun katta yutuq bo‘ldi. Ko‘plab o‘yinlarda ishtirok etdim. To‘g‘ri, kimdir boshqacha o‘ylashi mumkin. Hammani o‘z fikri bor. O‘zim uchun bu mavsum eng yaxshilaridan biri bo‘ldi. Faoliyatim oxirigacha yana qancha o‘ynashimni bilmayman. Biroq milliy terma jamoaga tushishga oxirigacha harakat qilaman. Ikkinchi tomondan, murabbiyni o‘z qarashi bor. Balki meni qaysidir jihatim yoqmasligi mumkin. Katanetsni darvozabonlar bo‘yicha murabbiyi bor. Menimcha, ko‘proq o‘sha hal qiladi. Shu o‘rinda aytib o‘tishni istardimki, terma jamoa bo‘ladimi yoki klub bo‘ladimi, raqobat bo‘lishi kerak. Albatta, yosh posbonlar – Abduvohid Ne’matov, Botirali Ergashev, Valijon Rahimov ham yaxshi darvozabonlar, kelajagi bor. Lekin o‘ylashimcha, boshqa darvozabonlarni ham ko‘rib chiqishlari kerak edi. O‘tkir Yusupovga kelsak, albatta u yaxshi formada. O‘zbekistonda birinchi raqamli bo‘lib turishga haqli darvozabon. Oxirgi uchrashuvlarda o‘tkazib yuborilgan gollar – buni darvozabonlardan boshqa hech kim tushunmaydi. Men O‘tkirni juda yaxshi tushunaman. U bilan yoshlikdan do‘stmiz, har doim aloqadamiz, gaplashib turamiz. Yusupov Osiyo Kubogida ham yaxshi harakat qiladi. Uning uchun va boshqa darvozabonlarni ham qo‘llab-quvvatlayman hamda terma jamoamizga muxlislik qilamiz. Xudo xohlasa, Osiyo chempioni bo‘lishlarini tilab qilaman.
- 2023 yilgi chempionatda birgina “Neftchi” “Paxtakor”ni Toshkentda ham, Farg‘onada ham yutgan yagona jamoa bo‘ldi. Lekin “Paxtakor” chempionlikni qo‘lga kiritdi. “Neftchi” ustozi Levchenko esa yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi...
- Esimda, ikkala uchrashuvda ham yutqazib qo‘ydik. “Neftchi” jamoasi biz uchun raqobatchi edi. Ularga yutqazib qo‘yganimiz biz uchun yaxshi bo‘lmadi. Bir qator uchrashuvlarda durang o‘ynab qo‘ydik. Agar yutganimizda oldinroq chempion bo‘lish imkoniyatimiz ham bor edi. “Neftchi” etarlicha qarshilik ko‘rsatdi. Oxiriga kelib baribir omad “Paxtakor” tomonida bo‘ldi va chempionlikni qo‘lga kiritdik. Levchenkoni eng yaxshi murabbiy bo‘lganiga kelsak, u bunga haqli. Shota Arveladzeni eslasak, u ilk bor kelganida chempion bo‘lolmagan. Levchenko ham barchasini o‘rganib joy-joyiga qo‘yib, mana endi chempionlikka harakat qilsa bo‘ladi. Albatta, Maksim Shatskix ham haqli edi. Ro‘ziqul Berdiev ham bor edi. Uni ham juda hurmat qilaman. Eng yaxshi murabbiy bo‘lish uchun nomzodlarning barchasi bunga munosib edilar. Lekin Levchenko tanlandi. Chunki “Neftchi” juda yaxshi o‘yinlar o‘tkazdi. O‘zim ham boshida aytganimdek, chempionlikka kurashgan klublardan bittasi bo‘ldi.
- “Neftchi”da o‘zingiz uchun raqam tanladingizmi?
- Yo‘q, hozircha o‘zimga raqam tanlmadim. Albatta, istardimki, mabodo o‘zim oldin o‘ynagan 35-raqam bo‘sh bo‘lsa, shuni olish niyatim bor.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar