Javohir Qahramonov: "Klubda chempionlik uchun hamma narsa bor, yanada kuchliroq "Neftchi"ni ko‘rasizlar"

Bir necha yilni Jizzaxning “So‘g‘diyona”sida o‘tkazgan yarim himoyachi Javohir Qahramonov u erda oxirgi paytlarda jamoa sardori sifatida to‘p surdi. Bu yil esa “Neftchi” sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Bu xususida futbolchi Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Javohir, "Neftchi" klubiga ko‘chib o‘tdingiz. Bu qaroringiz faoliyatingizda nimani o‘zgartiradi, deb o‘ylaysiz?

- To‘g‘risi, “Neftchi”ga o‘tganimdan xursandman. Bu jamoa bilan nasib qilsa, yuqori o‘rinlarni olishni istayman.

kahramonov

- Bir necha yil mobaynida "So‘g‘diyona" uchun o‘ynadingiz. U erda kumush medalni qo‘lga kiritganingiz eng yaxshi natijangiz bo‘lsa kerak va OFK Kubogida ham ishtirok etdingiz. Siz bundan ortig‘ini kutmagan bo‘lsangiz kerak, nima deya olasiz?

- Ha, “So‘g‘diyona”da zo‘r davrlar o‘tkazdik. Faqat 2023 yilda nimadirlar o‘xshamadi. Jamoa muxlislari hamda rahbariyatiga rahmat aytib qolaman va ularga omad tilayman.

- Umuman aytganda, "So‘g‘diyona"dan nima uchun ketdingiz? Yoki uzoq yil bir joyda o‘ynab zerikdingizmi?

- To‘g‘risini aytsam, boshqa klubda o‘zimni yana bir bor sinab ko‘rgim keldi. Shu bois o‘zgartirishga qaror qildim.

kahramonov1

- “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich bilan "Neftchi" ustozi Vitaliy Levchenko o‘rtasida qanday farq bor?

- Ivan Boshkovich yaxshi murabbiy. Albatta, unga ham minnatdorlik bildiraman. Vitaliy Levchenko ham juda tajribali. Ammo ularning farqini hali unchalik yaxshi bilmayman. “Neftchi”ga tez orada qo‘shilaman.

- Sir bo‘lmasa, oldingizda yana qanday takliflar bor edi? Bilishimcha, chetga legioner bo‘lib ketishingiz ham mumkin edi. Nega bu imkoniyatdan foydalanmadingiz?

- Ha, variantlar chiqdi. Lekin O‘zbekistondan ham yaxshi taklif bo‘lgani uchun “Neftchi”ni tanladim.

kahramonov3

- "Neftchi" chempionlik uchun kurashyapti. "Paxtakor"dan chempionlikni tortib olishiga qanchalik ishonyapsiz?

- “Neftchi” klubida chempionlik uchun hamma narsa bor. Nasib qilsa, yangi mavsumda yanada kuchliroq “Neftchi”ni ko‘rasizlar.

- Qaysi raqamni tanladingiz va sizdan katta natijalarni kutayotgan farg‘onalik muxlislarga nima degan bo‘lardingiz?

- Hali raqam tanlamadim. Yangi yil bayrami bilan hammani tabriklayman. Muxlislarimizga yangi yilda omad tilayman. Xudo xohlasa, barchasi yaxshi bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Адхамжон Низомов
02/01/2024 02:12
Хуш келибсан Жавохир.Омад.