
JCh endi har 2 yilda o‘tkaziladi(mi)?!
Katta ehtimol bilan, futbolda inqilob ro‘y beradi. "Cadena SER" bergan ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, FIFA allaqachon milliy federatsiyalarga o‘z qarori aks etgan hujjatlarni yuborgan. O‘zgarishlar 2026 yilgi mundialdan so‘ng amalga oshirilishi kutilmoqda.
Xo‘sh, qanday reformalar haqida so‘z bormoqda?
Janni Infantinoning aytishicha, mundial har ikki yildan bir bor o‘tkazilsa, futbolchilar ortiqcha yuklamalardan xalos bo‘lishi mumkin. Ya’ni, endi futbolchilar terma jamoa yig‘inlarida 50 kun emas, 30 kun bo‘ladi. Plyus, saralash o‘yinlari soni ham keskin kamaytiriladi. Ular 7 tadan ortmasligi taxmin qilinmoqda. O‘yinlar mart va oktyabr oylarida to‘liq o‘tkazib bo‘linishi rejaga kiritilgan.
FIFA o‘z qarorini Leo Messi misolida tushuntirib berishga urindi. 2014-2018 yilgi JCh saralash o‘yinlarida ishtirok etish maqsadida argentinalik futbolchi 324 ming km yo‘l bosishga majbur bo‘ldi. Agar reformalar kuchga kirsa, Messi 2026-2030 yilgi mundial saralashida ishtirok etish uchun 157 ming km yo‘l bosishi kifoya bo‘ladi. Janubiy Amerika qit’asidagi JCh saralash o‘yinlari soni 38 tadan 34 taga kamaytiriladi. Evropada 44 tadan 43 tagacha! Mundial juft yillarda o‘tkaziladi. Qit’a birinchiliklari esa, toq yillarda bo‘lib o‘tishi shart.
Avvalroq Janni Infantino o‘z g‘oyasi futbol olamiga qanday yordam berishi mumkinligi haqida fikr bildirgan edi:
"4 yil kutishdan nima naf? Har ikki yilda katta forum o‘tkazishning foydali jihatlari ko‘p! Bunday yuqori darajadagi turnirlarda barchaga imkon berish kerak. Sensatsiya va yangi nomlarni kashf etishni nega ortga surish lozim? JCh har 4 yilda bo‘lishi rasman e’lon qilingan paytda, FIFAga 40 ta federatsiya a’zo edi, xolos. Hozir, bu raqam 211 taga etgan!
Hozir JChni birdaniga 5 davlat o‘zida qabul qilishi mumkin. Ana shunda, 20 yil ichida futbol bayrami 100 davlatda mehmon bo‘lishi mumkin. Bu sport barchaniki. Undan hamma birdek foydalanishi kerak".
Bu g‘oya qachon paydo bo‘lgan edi?
Ilk bor joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan FIFAning kongrecsida 2 yillik tsikl borasida so‘z ochildi. Bu g‘oyani birinchi bo‘lib Saudiya Arabistoni futbol rahbari o‘rtaga tashladi. 166 davlat vakillari esa, g‘oyani qo‘llab-quvvatladi. Ana shundan so‘ng FIFA reformaning foyda va zararlarini hisoblashni boshladi.
"Arsenal"ning sobiq murabbiyi Arsen Venger hozirda FIFAning global rivojlanish bo‘limi direktori ekanligidan xabaringiz bor. Frantsuz muxlislarga formati yaxshi tanish bo‘lgan, saviyali musobaqalar sonini ortishi tarafdori.
"Tasavvur qilib ko‘ring! 2026 yilda AQSh, Meksika va Kanadada jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. 2027 yilda Evropa, Osiyo va boshqa qit’a birinchiliklari bo‘lib o‘tadi. Kelasi yili yana mundial! Pley-off o‘yinlari soni saralash bahslaridan ko‘proq bo‘ladi. Bunday o‘yinlar muxlislarni futbolga bo‘lgan e’tiborini oshiradi".
Kim bunga qarshi?
G‘oyadan xabar topgan UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin darrov uni tanqid qilishni boshladi. Hatto, agar bu reja amalga oshsa, Evropa FIFAga boykot e’lon qilishga tayyorligi haqida fikr bildirdi. Uning aytishicha, Mundialning har 2 yilda o‘tkazilishi turnir qiymatini tushirib yuboradi. Shuningdek, futbolchilarning ham sog‘ligi uchun jiddiy xavf paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, Janubiy Amerika (Konmebol) va Evropa futbol klublari assotsiatsiyasi ham bunga qarshi ekanligini yashirib o‘tirmadi.
Bu masala borasida sobiq JCh g‘olibi - Filipp Lam bildirgan fikr ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Germaniya terma jamoasining barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchilaridan biri har 2 yilda JCh o‘tkazilishi barchaning zarariga ishlaydi, deb hisoblamoqda.
"Oraliq vaqt qisqartilishi bilan, barcha futbolni faqat pul topishni ko‘zlaydigan sport, deb hisoblay boshlaydi. Ulkan masshtabdagi turnirlar uzoq vaqt va sabrni talab qiladi. Bu musobaqalarning bardavomligini ta’minlaydigan omil. Greklar naqd 4 yil davomida Evropaning amaldagi eng kuchli jamoasi nomini o‘zi bilan olib yurgan. Portugaliya 5, Ispaniya esa, 8 yil qit’ada tengsiz ekanligi bilan maqtandi. Agar o‘rtadagi yillar qisqarsa, futbol telefonimizdagi o‘yinlardan farq qilmay qoladi. Men jismoniy holatim sababli 2014 yilda Germaniya terma jamoasidagi faoliyatimni yakunladim, biroq klubda bemalol yana 3 yil to‘p surdim".
Ayni damda futbolning kelajagi uchun chinakam kurash boshlandi. Birinchi lagerdagilar uni yanada tomoshabob bo‘lishi uchun reformalarni amalga oshirishdan qo‘rqmayapti. Qolganlar klassika tarafdori. Ular ushbu sportni boricha sevib qolgan. Uni shundayligicha saqlab qolish uchun tish-tirnog‘i bilan kurash olib boradi. Sizningcha, turnirning har ikki yilda o‘tkazilishidan futbol yutadimi? Fikringizni izohlarda qoldiring!
Ya . U
Fikrlar