
“Jenoa” Shomurodovni qanday olgani oshkor bo‘ldi (Ko‘pchilik bilmaydigan yangi ma’lumotlar)!
Italiyalik jurnalist Janluka Di Martsio o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovning “Jenoa”ga o‘tishi bo‘yicha yangi ma’lumotlarni e’lon qildi.
- Biz Rossiya chempionatida to‘p tepgan Aleksandr Kokorin, Eldor Shomurodov va Aleksey Miranchuk transferlari bilan faxrlanamiz. Bizga Rossiya futboli yoqadi va bu uch futbolchi hozir Italiyada o‘ynamoqda. Ular orasida Eldor Shomurodov biz uchun haqiqiy syurpriz bo‘ldi. Mamlakatimizda avval hech kim u haqida eshitmagan edi. “Jenoa” uni o‘z tarkibiga qo‘shib olganida hamma uning kim ekanligini so‘rardi. Keyin u ketma-ket uchrashuvlarda maydonga tusha boshladi. Shundan so‘ng, hamma uning qanday o‘yinchi va yaxshi inson ekani haqida gapirishga kirishib ketdi.
Shuning uchun Rossiya futbolini sinchkovlik bilan muntazam kuzatib borish kerak. U erda Italiya futbolida o‘ynab keta oladigan boshqa futbolchilar ham ko‘p. Ayni paytda Italiya jamoalari Rossiyadan futbolchilarni taklif qilishi mumkin, chunki hozir ularning transfer summasi ancha pasaygan. Bu manfaatli xarid bo‘ladi.
“Jenoa” prezident Enriko Pretsiozi — juda aqlli biznesman. Bir necha yil avval unga Kshishtof Pyontekning videotasvirini ko‘rsatishgan edi. Unga Shomurodovning videosini ko‘rsatishganida esa, darrov “Qani, uni sotib olamiz!”, dedi.
U aqlli inson va to‘g‘ri qarorni tez topadi. U Shomurodovni 7-8 million evroga xarid qilib, bir yildan so‘ng, katta klublarga 20-25 million evroga transfer qilish mumkinligini darrov ilg‘adi.
Shomurodov bo‘yicha klub menga telefon qilmadi. Lekin Eldor kelganida men “Jenoa”ning sport direktoriga qo‘ng‘iroq qildim. U paytlar bu lavozimda Daniele Fodjano ishlardi. U menga Shomurodov juda kuchli futbolchi ekanini aytdi. O‘shanda Enriko Pretsiozi jamoa uchun Mario Balotellini transfer qilmoqchi edi. Lekin sport direktori va bosh murabbiy Rolando Maran Balotellining kelishiga qarshi edi. O‘shanda murabbiy: “Tez boshqa futbolchi topish kerak, men tanimaydigan o‘yinchi bo‘lsa ham mayli. Menga Balotellining o‘rniga boshqa hujumchi topib beringlar, men Mario bilan ishlashni istamayman”, degan edi.
Shundan so‘ng, Fadjano agent Gabriel Juffrid bilan birga Ronaldo Maranga Eldor Shomurodovni ko‘rsatishdi. Maran Eldorni olishga rozi bo‘ldi. Chunki u klub prezidenti Balotellini olib kelmasidan hujumchi masalasini ertaroq hal qilib qo‘ymoqchi edi.
Ta’kidlash joizki, Eldor kuchli futbolchi bo‘lgani bilan uning Genuyaga kelishiga Balotelli atrofidagi voqealar sabab bo‘ldi. Transfer shoshilinch tarzda, qisqa muddatda rasmiylashtirildi. Menimcha, Rossiyadagilar bu ma’lumotlar haqida bilmaydi, - dedi Janluka Di Martsio.
Eslatib o‘tamiz, “Rostov”dagi o‘yinlari bilan qator xorijiy jamoalar e’tiborini tortgan Eldor Shomurodovning transferi o‘tgan yilning oktyabr oyida bir necha kun ichida amalga oshirildi. Unga Italiyaning o‘zidan “Fiorentina” va “Verona” ham qiziqish bildirgan edi. Biroq, rostovliklarga “Jenoa” taklifi ma’qul keldi.
Genuyaliklar Shomurodov transferi uchun 7,5 million evro to‘ladi. Shuningdek, yana 1,5 million evro atrofida turli bonuslar va keyingi transferdan 15 foizlik ulush ham va’da qilingan.
Bugungi kunga kelib, Eldor Shomurodov “Jenoa”ning asosiy hujumchilaridan biri hisoblanadi. Unga “Yuventus” qiziqayotgani haqida ham ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Fikrlar