
Jezus: "Arsenal" bilan mavsum oxirida sovrinlar yutishni rad etmagan bo‘lardim" (katta intervyu tarjimasi)
"Arsenal" jamoasi Mikel Arteta boshqaruvi ostida yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlik olib bormoqda. Klub kelayotgan mavsumda yuqori natijalarni ko‘zlagan. Buni amalga oshirilayotgan transferlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Fabiu Vieyra, Vilyam Saliba va Gabriel Jezus kabi futbolchilar xarid qilindi. Keraksiz deb hisoblangan o‘yinchilar jamoani tark etdi.
Xo‘sh, yangi sotib olingan futbolchilar jamoaga qay darajada yordam bera oladi? Ular klubning shonli tarixini yana tiklay oladimi? Shu kabi savollar keltirib o‘tilgan Gabriel Jezusning intervyusini sizlarga taqdim qilishga qaror qildik. Marhamat, quyida "shaharlik"dan "to‘pchi"ga aylangan brazilning intervyusini o‘zbek tilida o‘qishingiz mumkin.
Gabriel, nega aynan "Arsenal"ni tanladingiz? Klub siz uchun nimalarni anglatadi?
- "Arsenal"ga o‘tish imkoni paydo bo‘lgani haqida eshitganimda xursand bo‘ldim. Bu katta loyihaga ega buyuk jamoa. Edu (Edu Gaspar - "Arsenal" sport direktori) menga kelajakdagi rejalar haqida gapirib berdi. So‘ng intiqlik bilan "Arsenal"ga o‘tishni kuta boshladim. Sababi, menga loyiha ma’qul kelgandi. Sovrinlar yutishni istayman, hamma erda g‘alaba qozonishni xohlayman. Shu maqsadda bu erga keldim. Yuqori saviyadagi futbolchilar bilan "Arsenal"ni yana top darajaga qaytarish niyatidaman.
"Arsenal" ko‘rsatadigan o‘yin uslubi sizga qanchalik mos tushadi?
- Avval Mikel Arteta bilan ishlaganman. Shunday ekan, men uning g‘oyalari haqida oz bo‘lsa-da, xabarim bor. Uning qanday o‘yin ko‘rsatishini bilaman. Bu xuddi Gvardiolaning futboliga o‘xshab ketadi. O‘ylaymanki, uslub borasida menda muammo bo‘lmaydi.
Yigitlarga yordam berishni xohlayman. Ular bilan birgalikda yangi narsalar o‘rganishdan umidvorman. Bir oiladek harakat qilamiz. Bunga shubham yo‘q. Bu erdagi ahillikdan mamnunman. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, munosib o‘yin ko‘rsatamiz va yakunda nimadir yutishimizga ishonaman.
Yuqorida Artetani eslab o‘tdingiz. U "Manchester Siti"da Pepga yordamchilik qilgan. Uni juda yaxshi taniysiz. "Arsenal"ga o‘tishingizda uning o‘rni qanday?
- Juda muhim. Chunki men hayotim davomida yangi loyihalarda ishtirok etishni istab keldim. Edu gapirib bergan loyiha meni hayratga sola oldi. Ular tanlagan yo‘l, qilayotgan ishlar sabab men Londonga ko‘chib o‘tishni afzal ko‘rdim. Ayniqsa, Mikel bilan gaplashganimdan so‘ng tanlovim borasida aslo ikkilanishga o‘rin qolmadi. Men unga va klubga ishonaman. Shuningdek, o‘zimga hamda jamoadoshlarimga ham ishonchim cheksiz.
"To‘pchilar" safida qanday maqsadlarni ko‘zlagansiz?
- Avvalo, moslashish. Jamoaga, futbolchilarga, ularning uslubiga ko‘nikishim zarur. Men bu erda yangiman. Shunday ekan, hozir eng muhimi, hammasini o‘rganib chiqishim kerak. Keyin barchasi joyiga tushib ketadi. O‘ylashimcha, futbol shulardan iborat. Har joyda bir xil ko‘rinish.
Albatta, mavsum oxirida jamoadoshlarim kabi sovrinlar yutishni rad etmagan bo‘lardim. Maqsadim - shonli tarixga ega "Arsenal"da nomimni abadiylashtirish.
9-raqam egasi sifatida siz ko‘p gollar urishingiz kerak. Nima deb o‘ylaysiz, birinchi mavsum bu jamoada nechta gol ura olasiz?
- Qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Men doim gol urish uchun harakat qilaman. Klubimga yordam berish uchun hamma narsaga tayyorman. Faqat gollar emas, assistentlikda ham o‘z mahoratimni namoyish eta olaman, deb o‘ylayman. Mening uslubim - engilmaslik, oxirigacha kurashish, jamoamga va sheriklarimga yordam qo‘lini cho‘zish.
"Arsenal"dan ko‘plab afsonalar chiqqan. Sizningcha, jamoa tarixidagi eng buyuk va muhim futbolchi kim bo‘lgan?
- O‘ylashimcha, bunday o‘yinchilar ko‘p bo‘lgan. Ammo faqat bittasini tanlash kerak bo‘lsa, men uchun Terri Anri. U "kanonirlar"ning timsoli. "Arsenal" deyilgan joyda doim Anri nomi hayolga keladi. U futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi ham. Ammo men "yangi Anri" bo‘lmoqchi emasman. O‘z nomimni zarhal harflar bilan klub tarixiga muhrlab qo‘yilishini istayman.
Siz qarshi o‘ynagan eng kuchli himoyachi kim?
- Ko‘plarini ismini aytishim mumkin (kuladi). Bir qancha top darajadagi himoyachilarga qarshi o‘ynadim. Ular orasidan Tiago Silvani ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim. Chunki u maydonda doim o‘zini darg‘azab qilib ko‘rsatadi. Sizga tinmay qarshilik ko‘rsatadi, asabga tegadigan gaplar aytadi. Xullas, Tiago hujumchi uchun mukammal darajada qiyinchilik tug‘dira oladi.
Shohrux Zoirov tarjimasi.
Fikrlar