Joshua Usikni "uxlatib" qo‘yadi yoxud o‘zbekistonlik mutaxassislarning ushbu jang haqidagi fikrlari... (2-qism, video)

  • 23 sentabr, 2021, 09:43
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Professional boks olamidagi eng shov-shuvli qarama-qarshiliklardan biri Entoni Joshua hamda Aleksandr Usik jangiga ham bor yo‘g‘i ikki kun vaqt qoldi. Buyuk Britaniyada tashkil etilayotgan ushbu jangga og‘ir vazn toifasidagi WBA, WBO, IBF kamarlari tikilgan. Xullas, ukrainalik charmqo‘lqop ustasi ushbu titullarni Joshuadan tortib olishga harakat qiladi. 

Albatta, jangga yaqin ularning imkoniyatlari haqida ko‘plab fikrlar yangramoqda. Biz ham an’anamizni davom ettirgan holda o‘zbekistonlik bokschi hamda murabbiylarning fikrlarini 2-qismini taqdim etamiz. 

Nabijon Ismonov - murabbiy, promouter

- Bu jangda imkoniyatlarni 60-40% Usik foydasiga, degan bo‘lardim. Sababi, Usik juda ham texnikasi yuqori va oyoqlarida ideal tarzda ishlaydi. Uning yoshlikdagi boks maktabi ham to‘g‘ri qo‘yilgan. Internet tarmoqlarida ham kuzatib bormoqdaman. Aksariyat fikr bildirayotganlar Joshuani jismoniy holati va zarba kuchini ko‘p gapirmoqda. Lekin Usik yarimog‘ir vazn toifasida ham juda jiddiy va zarbasi og‘ir bokschilarga ham imkon qoldirmagan. To‘g‘ri, ularning vazni biroz engil bo‘lgan va zarbasi ham shunga yarasha bo‘lgan-da, degan savol tug‘ilishi mumkin. Biroq, ishoning Murat Gassievning zarba kuchi Joshuanikidan ortiq bo‘lsa ortiqki, aslo kam emas. 

Shuning uchun ukrainalik charmqo‘lqop ustasining imkoniyati yuqori, deb o‘ylayman. Albatta, bu shaxsiy fikrim va Aleksandrni yaxshi taniganligim va unga azbaroyi muxlislik qilayotganligim uchun biroz mubolag‘a qilgan bo‘lishim ham mumkin :)

nabi brat

Rustam Saidov - murabbiy

- Juda qiziq jang bo‘ladi. Har ikkisi Olimpiada va jahon chempioni bo‘lishga erishgan. Aslida, Usik yutishini xohlayman. Biroq, unga juda qiyin bo‘ladi. U yangi vaznga o‘tdi va bir-ikkita jang o‘tkazdi xolos. Joshua esa o‘zini divizionida anchadan beri faoliyat yuritadi va bekorga titullarni qo‘lga kiritmagan. Imkoniyatlarni 50/50 degan bo‘lardim. 

rustam

G‘ayrat Ahmedov - sobiq bokschi

- Nazarimda Joshua so‘ngi raundalarda Usikni “uxlatib” qo‘yadi. Chunki uning jismoniy holati ukrainalik bokschidan ancha yuqori. To‘g‘ri, Usikning texnikasi juda yaxshi rivojlangan. Ammo, u Joshuaga biroz kichiklik qiladi. 

jerri

Azizbek Abdug‘ofurov - professional bokschi

- Jang so‘ngi raundlarga qadar davom etsa kerak. Shunday bo‘lsa, Usik ochkolar hisobida g‘alaba qozonadi. Chunki, u og‘ir divizionga nisbatan juda tez, texnikasi yaxshi rivojlangan va oyoqlarida ajoyib harakat qiladi. Shu sababli ukrainalik bokschida imkoniyat yuqori, deb o‘ylayman. 

aziz

Xurshidbek Normatov - professional bokschi

- Ikkisida ham kuchli jihatlari bor. Usik ko‘proq o‘zining texnik va taktik hamda oyoqdagi ajoyib harakatlariga tayansa, Joshuaning jismoniy hamda zarba kuchi ukrainalik bokschi uchun katta muammo bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda juda qiziqarli jang bo‘ladi. Imkoniyatlarni 50/50 deya baholagan bo‘lardim!

xurshid

Husan Shirmatov - promouter

- Ularning ikkisi ham Olimpiada chempioni. Lekin menga Usikni oltin medali haqli ravishda qo‘lga kiritilgandek tuyuladi. Chunki unda Joshua kabi mezbonlik faktori bo‘lmagan. 

Usik og‘ir vazn toifasida men kutganimdan biroz yomonroq ko‘rindi. Ammo, bu jangda ishonchim komilki, u yuqori darajasini ko‘rsata oladi. 

Usik  Joshua uchun noqulay raqib, menimcha jang so‘nggi raundlargacha davom etadi, g‘olib hakamlarning qaroriga ko‘ra aniqlanadi va g‘alaba Usik tomonda bo‘ladi, shuningdek yaqin masofadagi jang evaziga Joshua ham g‘olib bo‘lishi mumkin.

xusan

Xullas, barcha Aleksandr Usikdan 25 sentyabr kuni quyidagi tarzda ringdagi "raqs"ni kutishmoqda. U buni uddalay olarmikan yana ikki kundan so‘ng, bilib olamiz!

Aleksand Usik -Entoni Joshua kim g‘alaba qozonadi? O‘zbekistonlik boks olami vakillari javob berdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!