
"Kanchelskis? Hamma gap shartnomada, Toshkentga kelishimiz sarguzashtlarga boy bo‘lgan, nima sababdan o‘zbeklar yutmasligi kerak?!" - Sobiq "spartakchi" bilan eksklyuziv suhbat
Sports.uz sayti xorijlik mutaxassislar bilan eksklyuziv suhbatlar uyushtirishda davom etadi. Navbatdagi “mehmonimiz” rossiyalik Andrey Alekseevich Chernishov!
Ha, uni bilasiz, eshitgansiz. Sobiq “spartak”chi, o‘z paytida kuchli himoyachilardan biri bo‘lgan. Rossiya yoshlar terma jamoasiga bosh murabbiylik ham qilgan.
Ko‘plab klublarda to‘p surgan va shu bilan birga murabbiylik faoliyati davomida ham qator mamlakatlarda ishlab kelyapti. Taqdir taqozosi bilan hozirda Hindistonning “Moxammedan” klubini boshqaryapti.
- Bir qator klublarda o‘ynagansiz va ayniqsa, “Spartak”dagi faoliyatingiz orqali yaxshi bilamiz. Ayting-chi, hozir ham sizda “qizil-oq” qoni oqyaptimi?
- Xayrli oqshom! Bilasizmi, menda turli ranglardagi “qonlar” oqmoqda. “Spartak”ning qizil-oq, “Dinamo”ning oq-havorang rangdagi qonlari oqyapti. Shuningdek, qora-yashil “qon” ham bor bo‘lib, bu “Shtutgart” klubining ramzidagi ranglardan dalolat beradi. Xuddi “Spartak”niki kabi “Paok” (Saloniki)ning ham “qoni” oqyapti. O‘zimni futbolchi sifatida to‘p surgan barcha klublarga bag‘ishlayman. Bu jamoalarning hammasidan minnatdorman. Aytish mumkin bo‘lsa, o‘sha klublarda yuragimning bir parchalari qolib ketgan. O‘z navbatida bu jamoalar menga ko‘p narsa berishgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, meni bir sevgiga sodiq inson deb baholash mumkin bo‘lardi. Chunki futbolchilik faoliyatimni “Dinamo” (Moskva)da boshlab aynan o‘sha jamoada tamomlaganman. “Spartak” ham menga ko‘p narsa bergan. Uning tarkibida ikki bor Rossiya chempioni bo‘ldim, SSSR Kubogiga ega chiqdim. Xorijda o‘zim o‘ynagan klublar ham menga ko‘p narsa bergan. Hozir ham o‘zim o‘ynagan klublarga muxlislik qilishda davom etaman.
- Ayting-chi, mutaxassis sifatida o‘zbek futbolini ham kuzatib borasizmi?
- Rostini aytsam, o‘zbek futbolini kuzatmayman. Qolaversa, Rossiya chempionatini ham doimo kuzatib yurish uchun vaqt topishim amrimahol. Nafaqat bu, balki Evropaning etakchi chempionatlarini ham muntazam ravishda kuzatish uchun menga vaqt etishmaydi. Negaki, murabbiy doimo o‘z ishini yaxshi bajarishga, butun diqqat-e’tiborini jalb etishga odatlangan odam bo‘ladi. Murabbiy nafaqat ixtiyoridagi klub, balki ertaga unga raqib bo‘ladigan jamoaning o‘yinini ham tahlil qilib chiqishi kerak. Qolaversa, murabbiy bugungi mashg‘ulot jarayoni qanday o‘tgani, qaysi shogirdi o‘zida yaxshi taassurot qoldirdi-yu, qaysinisi qanoatlantirmadi, shunga diqqatini qaratadi. Shu bois bunday paytda u o‘sha futbolchining o‘yinidagi kamchiliklarni qanday yo‘l bilan bartaraf etish mumkinligi haqida bosh qotirishga tushadi. Bir so‘z bilan aytganda, butun fikr-u zikrim hozirda o‘zim ishlayotgan jamoaga qaratilgan. Shu sababdan ham ko‘pincha Evropaning top-ligalarida bo‘lib o‘tayotgan eng yaxshi uchrashuvlarni tomosha qila olmayotganimdan ba’zida afsuslanib ketaman. Nafaqat o‘zbek, rus, balki italyan chempionati doirasidagi o‘yinlar e’tiborimdan chetda qolib ketadi. Bu gapim shu bilan birga ingliz, ispan va frantsuz birinchiliklariga ham birdek taalluqlidir. Asosiy e’tiborim o‘zim ishlayotgan jamoa va uning birinchilikdagi boshqa raqiblariga qaratilgan.
- Sizningcha, hamyurtimiz Oston O‘runov nima sababdan “Spartak” tarkibidan joy ololmadi?
- Oston O‘runovning “Spartak”da nima sababdan o‘ynab keta olmagani haqida gapirish men uchun juda qiyin. Negaki, yuqorida asosiy e’tiborim boshqaruvimdagi klub va u ishtirok etayotgan chempionatga qaratilganini ta’kidlab o‘tdim. Bu savolni yaxshisi, klub rahbariyatidan so‘raganingiz ma’qulroq, nazarimda. Ustiga-ustak bu futbolchini yaxshi bilmaganim uchun ham u haqda biror narsa deyishim qiyin. Faqat Oston O‘runovning ism-sharifi va “Spartak”ka kelgani-yu, boshlang‘ich tarkibdan joy olish uchun kechgan kurashda raqobatchilariga yutqazganini hamda endilikda faoliyatini o‘zga jamoada davom ettirayotganini bilaman xolos. Men uning “Spartak” tarkibiga kelib qo‘shilganini va transfer uchun qancha pul sarflanganidan xabardorman. Agar futbolchining transferi uchun yaxshigina summa to‘lanar ekan, o‘z-o‘zidan unga bo‘lgan qiziqish ortadi. Aftidan, har qanday futbolchida kuzatilgani kabi O‘runov ham yangi klubga ko‘chib o‘tganidan so‘ng, unga ko‘nikish va tashqi bosimga dosh berishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelgan bo‘lsa kerak. Chunki o‘yinchi o‘zi yaxshi biladigan chempionatdagi boshqa klubga yo‘l olgan taqdirda ham ko‘nikma hosil qilishda qiyinchiliklarga duch keladi. Bu tabiiy hol. Agar futbolchi bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga ko‘chib o‘tgudek bo‘lsa, yangi shart-sharoit, yangi klub va sheriklar hamda murabbiyning ish uslubiga ko‘nikish chog‘ida katta qiyinchiliklarga duch kelishi tayin. Bunday paytda uning muammolari ikki hissa ortib ketadi. Yana takrorlayman: bu savolni klub rahbariyatida ishlayotgan odamlar yoki murabbiylar shtabi a’zolaridan biriga yo‘naltirsangiz yaxshiroq bo‘lardi.
- Rossiya premer-ligasida o‘ynagan o‘zbek futbolchilari orasida siz uchun eng kuchlisi kim?
- Bu savolingizga hech o‘ylanib o‘tirmasdan javob berishim aniq. Shunday ijrochi o‘zbek futbolining yorqin yulduzlaridan biri sifatida tilga olinadigan Mirjalol Qosimovdir! U o‘ta iqtidorli bo‘lib, Vladikavkazning “Alaniya” klubi tarkibida Rossiya chempionatini yutishga erishgan. Shuningdek, Qosimov o‘z vaqtida sobiq Ittifoq o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida jahon miqyosidagi musobaqalarda katta g‘alabalarga erisha olgan. Bundan tashqari, Mirjalol o‘zbek chempionatida ham qator sovrin va unvonlarga ega chiqqan. Aytish kerakki, Qosimov Osiyo o‘yinlari musobaqasida ham milliy terma tarkibida shohsupaga ko‘tarila olgan. Bir so‘z bilan aytganda, Mirjalol birinchi raqamli futbolchi maqomiga har tomonlama mos tushgan. To‘g‘ri, Shomurodov ayni paytda Italiyaning “Roma” klubi a’zosi hisoblanadi. U Rimga kelishdan oldin A seriyani “Jenoa”dagi o‘yinlari orqali o‘zi uchun kashf etdi. Bundan oldin esa Eldor “Rostov”da yaxshi to‘p surgan holda italyanlarning e’tiborini qozona olgandi. Uning iqtidori haqida hamma gapiryapti. Bugungi kunda o‘zbekistonlik futbolchilar orasida aynan Shomurodov eng taniqlisi hisoblanadi.
- Sizning xotiralaringizda o‘zbek futboli bilan bog‘liq voqealar ham uchraganmi?
- O‘zbekiston bilan bog‘liq xotiralar bor, albatta. Bu sobiq Ittifoq parchalanmasidan oldin o‘tkazilgan chempionat chog‘ida yuz bergan. O‘shanda 1991 yili “Spartak” tarkibida Toshkentning “Paxtakor” klubi bilan kuch sinashish uchun yurtingizga kelgandik. O‘sha kelishimiz kichik sarguzashtlarga boy bo‘lgan. Avvaliga ma’murimiz o‘zimiz joylashishimiz kerak bo‘lgan mehmonxonani adashtirib yuborgandi. Eng qizig‘i, mehmonxona ma’muri ham o‘shanda uxlab yotgan bo‘lib, uyg‘onganida joy bir necha soatdan so‘ng, bo‘shashi mumkinligini aytgandi. Qisqasi, Toshkentda ikki kun bo‘lganmiz. O‘shanda bir-biridan mazali bo‘lgan milliy taomlaringizni tanovul qilganmiz, shirin qovun eganmiz. O‘zbekistonga qilgan safarimizdan menda o‘sha paytda iliq taassurotlar qolgan.
- O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar haqida so‘ramoqchiman. Sizningcha, nima sababdan biznikilar JCh-2022 saralash bahslarini barvaqt yakunlab, sharmanda bo‘lishdi?
- Rostini aytsam, JCh-2022 saralash doirasidagi bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasining qanday ishtirok etganini kuzatmadim. Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundial uchun kechayotgan kurashlarni tomosha qilish menga yoqadi, albatta. Biroq men ko‘proq Evropadagi kuchli termalarning o‘yinlarini kuzatishga odatlanganman. O‘zbekiston terma jamoasiga kelsak, doim sizlarda mundial yo‘llanmasi vazifasini ijobiy hal eta oladigan futbolchilar bor, deb o‘ylab kelganman. Lekin baxtga qarshi shu paytgacha terma jamoangizga har to‘rt yillikning katta voqeasi sanaladigan jahon chempionatida ishtirok etish nasib qilmasdan kelmoqda. Eng qizig‘i, daraja borasida O‘zbekiston termasidan ham pastda turadigan ba’zi mamlakatlar vakillariga bunday ulkan bayramda ishtirok etish nasib etgani menga g‘alati tuyuladi. Termangizga esa doim nimadir etishmay qoladi. Buning sababi qanday omillarga borib taqalishini hech bilmayman. Aftidan, bu kabi savolning echimi bilan O‘FA rahbariyati shug‘ullangani ma’qul. Chamamda, muammolarning bir uchi tayyorgarlik jarayoniga va bilvosita futbolchilarning o‘zlariga borib taqalyapti. Nazarimda, ular xuddi to‘p surayotgan klublaridagi singari terma jamoada jonlarini jabborga bergudek o‘ynashmayotgani uchun ham shu hol davom etib kelyapti. Yana takrorlayman: O‘zbekiston terma jamoasinig potentsiali jahon chempionatiga borish imkonini bera oladi.
- O‘zbek murabbiylari orasida do‘stlaringiz ham bormi?
- Yo‘q, o‘zbek futboli murabbiylari orasida tanishim yoki o‘rtog‘im bor, deya olmayman. Chunki murabbiy sifatida ham o‘zbek hamkasblarimdan biri bilan yo‘lim sira kesishmadi.
- Osiyo futboli haqida yaxshi bilimga egasiz. Sizningcha, o‘zbek jamoalaridan biriga Osiyo Chempionlar ligasini yutish nasib qilarmikin?
- Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, mazkur turnirni juda kam kuzataman. Yuqorida aytib o‘tganimdek, futbolda ilojsiz ishning o‘zi yo‘q. O‘zbek o‘yinchilari esa mahorat bobida boshqalardan qolishmaydi. Kim bilsin, balki astoydil haarkat qilishsa, ehtimol klublaringizdan biriga OChLni yutish nasib etib qolar...Buning uchun esa yigitlarni va jamoani o‘yinlarga to‘g‘ri tayyorlash kerak bo‘ladi. Nega bunday bo‘lmasin, degan savolni klub murabbiylari va o‘yinchilari o‘zlariga berib ishlashsa, hammasining iloji topilsa kerak. Bu turnirni eronliklar, saudiyaliklar va xitoyliklar yutgan ekan, nima sababdan o‘zbeklar yutmasligi kerak?! Faqat buning uchun ishga bo‘lgan yondashuvni keskin o‘zgartirish va klubni mazkur turnirga to‘g‘ri tayyorlash talab qilinadi.
- Kanchelskis bilan bog‘liq muammoli ishdan xabardor bo‘lsangiz kerak. U “Navbahor”da ishlab maqtanishga arzigulik natija qayd eta olmagan bo‘lsa ham jamoa rahbariyatidan katta pul talab qilyapti. Bu masalada nima degan bo‘lardingiz?
- Andrey Kanchelskisga kelsam, uni juda yaxshi bilaman. Chunki o‘z vaqtida Andrey bilan “Spartak”da, turli yoshlardan iborat terma jamoalarda elkama-elka to‘p surganman. Keyinchalik Kanchelskis boshqa klublarga ko‘chib o‘tganidan so‘ng ham o‘rtadagi aloqani saqlab qolganman. Masalan, “Manchester Yunayted”da o‘ynab yurgan kezlarida tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turardim. Moskvaga kelgan paytimizda uchrashib qoladigan bo‘lsak, vaqt topib bafurja gaplashib olishni yo‘lga qo‘yganmiz. Ammo uning “Navbahor” rahbariyatidan katta miqdorda pul talab qilayotgani bilan bog‘liq mavzu borasida bir narsa deyishim qiyin. Agar tomonlar o‘zaro shartnoma imzolash chog‘ida undagi bandlardan biriga shu haqdagi qaydni kiritgan bo‘lsalar, o‘z-o‘zidan Kanchelskis haq bo‘lib chiqadi. Agar murabbiy bilan rahbarlar o‘rtasida mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda qancha miqdorda tovon puli to‘lanishi kerakligi kelishib olingan bo‘lsa, bu shart bajarilishi darkor. Agar rahbariyat shartnoma imzolash chog‘ida klub biror-bir yuqori natija ko‘rsata olmaydigan bo‘lsa, murabbiy bilan kelishuv tovon puli to‘lashsiz bekor qilinishi ilova etilgan taqdirda jamoa mutasaddilari haq bo‘lib chiqishadi. Hamma gap shartnomada mana shunday bandlar bor yoki yo‘qligida. Avval boshidan shunday band shartnomaga kiritilgan bo‘lsa, u holda murabbiyning talabi o‘rinli bo‘ladi. Jamoa mutasaddilari ham murabbiy yoki futbolchilar bilan bitim imzolash chog‘ida mana shunday bandlarga alohida e’tibor qaratishsa kerak. Agar murabbiy asossiz ravishda ishdan chetlatilganidan norozi bo‘lib, shartnomadagi bandlardan birida ko‘rsatilgan tovon pulini talab qilayotgan ekan, u holda haq bo‘lib chiqadi. Bir so‘z bilan aytganda, bu masalada shartnomadagi tovon puli bilan bog‘liq band ko‘rib chiqilsa muammoga barham berish mumkin.
- Evropaning top-5 ligalarida rus futbolchilari barmoq bilan sanarli darajada. Buning sababi RPLda futbolchilarga yaxshi haq to‘lashayotgani bilan bog‘liqmi?
- Savolingiz o‘rinli va uning ikkinchi qismidagi gaplaringizda jon bor. Chindan ham rus premer-ligasida futbolchilarga yaxshi haq to‘lanayotgani bois ular top-5 chempionatlariga oshiqmay qo‘yganlar. Chunki o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahalliy chempionatda o‘ynayotgan futbolchi uchun xorijga jo‘nab ketish katta va qo‘shimcha muamolarni keltirib chiqaradi. Boisi, yangi mamlakatga ko‘nikish, til bilan bog‘liq muammolar, kundalik hayotdagi o‘zgarishlar futbolchiga qattiq ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Shunday ekan, rossiyalik o‘yinchilar issiq joyini tashlab xorijga jo‘nab ketishni xohlamasdan qolganlar. O‘zingiz ham aytib o‘tganingizdek, RPLda yaxshi haq to‘lashadi.
- O‘zbekiston chempionatida ish taklif qilishsa rozilik berasizmi?
- Agar yaxshi va jiddiy taklif kelib tushadigan bo‘lsa, nima uchun O‘zbekiston chempionatida o‘zimni sinab ko‘rmasligim kerak?! Qolaversa, yurtingiz haqida mening xotiramda juda ijobiy va iliq voqealar saqlanib qolgan. Yana shuni aytishim kerakki, rafiqam O‘zbekistonda tug‘ilgan. U besh yoshga to‘lguncha o‘sha erda yashagan. Ko‘rib turganingizdek, oilamizda O‘zbekiston bilan aloqador bo‘lgan jihatlar ham yo‘q emas. Agar jiddiy taklif bo‘lsa, buni ko‘rib chiqishga tayyorman.
- Valeriy Karpinning Rossiya terma jamoasi bosh murabbiy etib tayinlanishi RFI tomonidan qabul qilingan to‘g‘ri qarormi?
- Rossiya terma jamoasiga kimni bosh murabbiy etib tayinlash haqida gap-so‘zlar boshlangan chog‘idayoq nomzodlar orasida Karpin ham borligi meni quvontirgandi. Uning bunday mas’uliyatli vazifaga tayinlanganidan xursandman. Bilasizmi, terma jamoani boshqarish uchun nomzodlar ro‘yxati bilan tanishganimda xorijliklar bilan birga o‘zimizning Semak, Slutskiy va Karpin borligidan suyunganman. Gap shundaki, xorijlik mutaxassis chet eldagi terma jamoani qabul qilar ekan, birinchi navbatda u bilan jiddiy vazifalarni bajarish o‘rniga moddiy tomondan ahvolini o‘nglab olishga urg‘u beradi. Valeriy Karpin va uning atrofidagi kishilar terma jamoani yangi darajaga ko‘tara olishlariga ishonaman. Ular birgalikda Rossiya termasini jahon chempionatiga olib chiqa oladilar. Karpin qo‘l ostidagi futbolchilarni qanday ruhlantirishni biladi. Undagi shu jihat termani boshqarishda qo‘l kelishi aniq.
- O‘zbekiston terma jamoasini boshqarish uchun Katanets tanlab olindi. Ayting-chi, u termamizni boshqarish uchun to‘g‘ri tanlovmi?
- Srechko Katanets murabbiylik faoliyatini juda yaxshi boshlagan. Sloveniya terma jamoasi bilan katta musobaqalarda ishtirok etgan. Kamtarona Sloveniya termasining katta turnirlarga kelishi hamma uchun yoqimli syurpriz bo‘lgandi. O‘shandayoq hamma juda iqtidorli murabbiy paydo bo‘lgani haqida gapirishga tushgandi. Biroq keyinchalik Katanetsning faoliyatida ham pasayishlar kuzatildi. Ayniqsa, klub miqyosidagi ishlarida. Keyin u yana Sloveniya terma jamoasiga qaytdi. Biroq bu qaytish ham omadli bo‘ldi, deyish qiyin. Uning oxirgi ish joyi Iroq terma jamoasini boshqarish bo‘lganidan xabarim bor. U erda ham Katanetsning omadi chopgani yo‘q. Ehtimol, O‘zbekiston terma jamoasi bilan ishlash orqali Srechko bir paytlardagidek hammani o‘zi haqida gapirishga majbur eta olar. Buni esa vaqt ko‘rsatadi. Ba’zida murabbiy o‘z jamoasini uzoq qidiradi va nihoyat topadi ham. Balki Katanets uchun O‘zbekiston mana shunday jamoaga aylanar. Unga va terma jamoangizga omad yor bo‘lishi tilab qolaman.
- Ancha tajribali murabbiy bo‘lsangiz ham nima sababdan rus klublaridan birida ishlamay, darajasi ancha past bo‘lgan chempionatda yuribsiz...
- Bilasizmi, o‘zimizning klublardan yaxshi takliflar kelib tushmagani uchun ham hozir hind chempionatida ishlayapman. Ish bilan bog‘liq jarayonda ancha mamlakatlarda bo‘ldim. Bu o‘zimga ham yoqyapti. Agar Rossiya premer-ligasidan yaxshi takliflar kelib tushadigan bo‘lsa, ularni albatta ko‘rib chiqishim tayin.
Fikrlar
илтимос хурматли журналистлар, савол бераётганда бирозгина булса ҳам уйлаб фикир қилиб берингизлар.