Kannavaro: “O‘zbekistonlik futbolchilar kuchli va hech qachon taslim bo‘lmaydi”
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro The Guardian nashriga katta intervyu berdi. Unda mutaxassis klublardagi faoliyati, nima uchun O‘zbekistonni tanlagani va jamoaning Jahon chempionatidagi imkoniyatlari haqida gapirdi. Quyida suhbatni o‘qib chiqishingiz mumkin.
Siz yaqinda O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldingiz. Bu qanday sodir bo‘ldi?
“Menga Osiyoning boshqa terma jamoalaridan ham takliflar bo‘lgan, lekin ularni ko‘rib chiqmaganman. Ammo O‘zbekistondan chaqiruv keldi va men bunga e’tibor berdim. Chunki u erda yosh terma jamoa hamda ko‘plab iqtidorli futbolchilar bor. Federatsiya O‘zbekistondagi akademiyalarga katta e’tibor qaratmoqda va ular yaxshi futbolchilarni tayyorlamoqda. O‘zbekistonning U-17, U-19, U-23 yoshgacha bo‘lgan jamoalari Osiyoda deyarli har doim g‘alaba qozonadi. Bu men uchun muhim edi.”
Sizni qanday kutib olishdi?
“Ular bir oy ichida men kunga bir-ikkita Superliga doirasidagi o‘yinlarni kuzatganimni qadrlashdi. Chunki ular bunga o‘rganmagandi. Ko‘plab xorijlik murabbiylar bir necha o‘yinni kuzatib, so‘ng ketishadi. Biz u erda 40 kun turdik, turli joylarga sayohat qildik, chunki ishga darhol kirishmoqchi edik. Hali qilinish kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. O‘zbekiston chempionatining shiddati bizni Jahon chempionatida kutib turgan o‘yinlardan tubdan farq qiladi. Bu farqni kamaytirishimiz kerak. Mahalliy futbolchilar uchun qo‘shimcha yig‘inlar tashkil qilamiz va ularni nafaqat o‘yinlarda, balki mashg‘ulotlarda ham kuzatib boramiz.”
Mamlakat sizda qanday taassurot qoldirdi?
“Murabbiylar shtabi bilan Toshkentda yashaymiz. Odamlar yaxshi, juda samimiy. Biz yaxshi joylashdik. Samarqandga ham bordik, go‘zal joy. Hamma joyda bo‘lgani kabi, ijobiy va salbiy tomonlari bor. Hozirda asosiy salbiy narsa havoning ifloslanishi, u juda yuqori. Lekin mehnat sharoitlaridan juda mamnunmiz. Bizda federatsiya tomonidan taqdim etilgan yangi sport markazi bor.”
O‘zbekiston terma jamoasi bilan qanday maqsadlar qo‘ygansiz?
“Jahon chempionati biz o‘rganishimiz kerak bo‘lgan turnir bo‘ladi. Keyin, olti oy o‘tgach, bizda Osiyo Kubogi bor va ushbu musobaqada qanday natijalarga erishishimiz mumkinligini bilib olamiz. Hozirga qadar qilingan ishlarni ko‘zdan qochirmoqchi emasman. Ular terma jamoani Jahon chempionatiga olib chiqishdi. Men ular qilgan ishlarini Evropa futbol madaniyati bilan yaxshilashni xoxlayman.”
Jahon chempionatida porlashi mumkin bo‘lgan futbolchilar bormi?
“Bir nechta futbolchilar bor. Ularda iqtidorlilar ko‘p. Bizda ancha yosh jamoa shakllangan. Ular yaxshilanishi kerak, chunki ularni jismoniy jihatdan evropaliklar bilan solishtirib bo‘lmaydi, lekin o‘zbekistonlik futbolchilar kuchli, kurashadigan, hech qachon taslim bo‘lmaydigan odamlar. Ularga qarshi o‘ynash qiyin. Biz Urugvay bilan o‘ynadik. Tarkibimizda to‘qqiz nafar jarohat olgan o‘yinchi bor edi ham, ular eng yaxshi holatda bo‘lmagan. Lekin mening futbolchilarim kuchli. Ularga qarshi o‘ynash oson emas va biz faqat Urugvayga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldik.”
Jahon chempionatining yangi formati haqida qanday fikrdasiz?
“Hozir hamma narsa kengaytirilgan. Bu meni quvontirdi, chunki bu zbekiston kabi davlatlarga imkoniyat beradi, bundan 30 yil oldin bunga tasavvur qilmoq qiyin edi. Boshida sizda zerikarli o‘yinlar yoki bir tomonlama o‘yinda ko‘p gollar bo‘lishi mumkin, lekin bu hamma uchun imkoniyatdir.”
Futbolchilaringiz bilan qaysi tilda gaplashasiz?
“Men ingliz tilida muloqot qilishga harakat qilaman. Ular meni tushunishadi. Menda tarjimon ham bor. Hozir futbolda bu kerak. O‘zbek tilini o‘rganayapmanmi? Bu qiyin. Men birinchi navbatda ingliz tilini yaxshilashim kerak.”
Fikrlar