"Kechuvda otlarni almashtirmaydilar" yoxud Abramov baribir "suvdan quruq chiqadi"

  • 25 avgust, 2022, 22:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yilgi mamlakat chempionati murosasizligi, barcha uchrashuvlarning jangovor hamda shiddatli kechayotganligi bilan oldingilaridan yaqqol ajralib turibdi. Oldinda natijasi qanday bo‘lishini bashorat etish mumkin bo‘lgan o‘yinlar deyarli qolmadi. Bu albatta muxlislarga yoqyapti. Uchrashuvlarning tomoshabopligi ham oshdi. Chempionatimizda turli o‘yin uslublariga ega jamoalar soni ko‘paydi. Mamlakatimizning tajribali murabbiylari qatorida xorijlik mutaxassislar ishlayotgan jamoalar soni oshdi. Futbolimizga Evropa havosi kirdi. Ispan derbisi paydo bo‘ldi. Serb maktabidan bahramand bo‘lyapmiz. Ukraina futboli tajribalari ko‘zga tashlanyapti.

Bularning barchasi kishini xursand etmasdan qolmaydi. Biroq bizning futbolimizga xos bo‘lgan yana bir jihat afsuski dilni ranjitadi. Bu klublarimizda murabbiylar qo‘nimsizligi, ularning tez tez almashtirilishi. Mavsum boshida katta umidlar bilan shartnoma imzolagan mutaxassislarga o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatini bermaslik, ozgina omadsizlikdan keyingi iste’folar...

rogan

2022 yilgi mavsumdagi eng katta yo‘qotish nazarimda serbiyalik murabbiy Predrag Roganning bemavrid iste’fosi bo‘ldi. Quyi ligadan kuchlilar safiga qaytgan jamoaning elitaga moslashib ketishi oson emas. Serbiyalik mutaxassis bilan “Dinamo” ham barqaror natija qayd etmagan bo‘lsa-da, samarqandliklar namoyish etgan o‘yin muxlislarga yoqayotgandi. Jamoa 9 ta o‘yindan keyin 6 ochko bilan (1 ta g‘alaba, 3 ta durang, 5 ta mag‘lubiyat, to‘plar farqi 7:11) 12-o‘rinni egallab turgandi. Kutilmaganda bosh murabbiy iste’fosini e’lon qilgan “Dinamo” nimaga erishdi? Andrey Shipilov bilan 5 ta uchrashuvda 1 ochko ishladi. Vadim Abramov bilan esa 2 ta o‘yinni boy berdi. Qayd etilgan natijalarni keltirib o‘tirishning hojati ham bo‘lmasa kerak. Jamoa 14-o‘ringa muqim “mixlandi”.

XXXI milliy chempionatimizdagi birinchi iste’fo esa “Bunyodkor” jamoasi bilan kuzatildi. Shuhrat Maqsudov bilan tuppa-tuzik natija ko‘rsatib kelayotgan “qaldirg‘ochlar”dagi iste’fo ham ishqibozlarga tushunarsiz bo‘ldi. 8 ta uchrashuvda 50 foizlik natijani qayd etib (3 ta g‘alaba, 2 ta durang, 3 ta mag‘lubiyat, to‘plar farqi 11:14, 11 ochko, 7-o‘rin) etakchilar safida borayotgan jamoa Maqsudov iste’fosidan keyin yana shuncha o‘yin o‘tkazdi. Xo‘sh, yangilangan shtab qanday karomat ko‘rsatdi? Viktor Karpenko bilan “Bunyodkor” 8 ta uchrashuvda 1 ta yutuqqa erishdi. 2 ta o‘yinda durangga imzo chekdi. 4 ta o‘yinda esa maydonni bosh egib chiqib ketdi. To‘plar nisbati 4:12, 5 ochko qo‘lga kiritildi. Jamoa 7-o‘rindan 10-o‘ringa tushib qoldi. Ehtimol, zero “Bunyodkor” “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratdi, dersiz? Xo‘sh, “sherlar”ni engdik, deb ko‘krakka urish bilan jamoa autsayderlar qatoriga tushib qolsa, bundan kimga foyda?

shuxrat

Superligada hozirgacha yana ikkita iste’fo bo‘ldi. Bu o‘zgarishlarda biroz ma’no bor. Hech bo‘lmasa oldingi murabbiylarga bitta davra ishlash imkoniyati berildi. Natija klubni qoniqtirmagach, boshqa mutaxassisga murojaat etildi. Yangi taklif etilgan murabbiylar shtabiga esa tarkibni o‘zlari xoxlagan tarzda kuchaytirishga vaqt berildi. Ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rish, jamoaga moslashish imkoniyati taqdim etildi. Endi ulardan mavsum oxirida natijani so‘rashga muxlislarning ham, rahbariyatning ham haqqi bor. “Bunyodkor”, “Qo‘qon 1912”, “Neftchi”dan endi natijani talab etish adolatdan bo‘ladi. Biroq “Dinamo” quyi ligaga tushib ketadigan bo‘lsa,  Vadim Abramov baribir “suvdan quruq chiqadi”. Chunki, u tarkibni men yig‘maganman, bunda mening aybim yo‘q, deb turaveradi va u haqli bo‘ladi. Rogan boshlagan ishni Shipilov davom ettira olmadi. Andrey Sergeevich umid bilan tarkib yig‘di, ammo unga ham boshlagan ishini davom ettirish imkoniyati berilmadi. Oqibatda, yutqazgan Samarqand futboli bo‘ldi. Jabr chekkan “Dinamo” muxlislari bo‘ldi...

Qolaversa, "Lokomotiv"da ham bosh murabbiy almashtirildi. Denis Korostichenko o‘z o‘rnini Server Jeparovga bo‘shatib berdi. Futbolimiz afsonalaridan birining "Loko"ni qanchalik o‘zgartirishini kuzatish barchamiz uchun yanada qiziqarli bo‘lishi tayin.

Otlarni kechuvda almashtirmaydilar, degan mashhur ibora bor. Uning paydo bo‘lganiga yarim asrdan oshdi. Deyarli aksioma, naqlga aylangan bu ibora hamon aktualligini yo‘qotmagan. Umid qilamiz, Superligamizda bu mavsum boshqa o‘ylanmasdan qadam tashlanmaydi. Ayni paytda ishlayotgan barcha mutaxassislarga mavsum oxirigacha ishlash, o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyati taqdim etiladi. Zero, ishga professional yondashuvgina o‘z mevasini beradi...

Qahramon Jumaev, Toshkent viloyati futbol akademiyasi katta uslubchisi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
salahidin
26/08/2022 11:36
Жуда яхши макола куриниб турибди профессионал езган
&
Ашуров Бахтийор
26/08/2022 09:52
Дарҳақиқат!