
"Kelgan paytimda meni hech kim bilmasdi". Lima Kruz Ro‘ziqul Berdievning sabr qilgani, "Nasaf"dagi kelajagi va sovrinlari haqida
“Nasaf” klubi hamon bayram kafiyatida yuribdi. O‘zbekiston Kubogi Qarshiga olib ketildi. O‘yin qahramoni bu so‘zsiz qo‘shimcha taymda gol urgan braziliyalik Lima Kruz!
Hisob 1:1 bo‘lib turgan vaziyatda baribir uning tajribasi ish berdi. Legionerning mana shunday pallada katta sahnaga chiqqani hamda jamoasi uchun o‘ta muhim golni urgani e’tiborga molik.
Endi Lima Kruz yanada tanilishga ulgurdi va uning har qanday fikrlari muxlislar uchun qiziq.
- Lima, sizni “Nasaf” bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritganingiz bilan tabriklayman. O‘yindan keyingi xursandchilikni qanday o‘tkazdingiz?
- Rahmat, kattakon. Bu juda ham uzoq va ajoyib tun bo‘ldi. Biz Qarshiga keldik, muxlislarimiz bilan birga vaqt o‘tkazdik. Atmosfera qoyilmaqom darajada edi. Shundan so‘ng, qolgan vaqtimni ayolim va farzandim bilan o‘tkazdim. Chunki ular doim meni qo‘llab-quvvatlab turishadi.
- Final o‘yini yoqdimi? Stadiondagi muhit-chi?
- Bu ajoyib bo‘ldi. Menga juda yoqdi. Muhit ikkala jamoa tomonidan daxshatli darajada edi. Muxlislarimiz doim bizni qo‘llab kelishdi va bu albatta farqni yuzaga keltirdi.
- Qo‘shimcha daqiqada jamoangiz uchun juda muhim golni urdingiz. Gol urishingizdan oldin o‘sha vaziyatni oldindan o‘qidingiz-a?
- Ha, o‘sha vaziyatda, ya’ni, ekstra-taymlarda bittagina gol ko‘p narsani hal qilib yuborishini bilardim. Qanotdan “kross” amalga oshirilganini ko‘rishim bilanoq o‘zimni bor kuchim bilan unga qarab otdim. Ochig‘ini aytganda, ekstra-taymlar uchun o‘zimda ozgina bo‘lsa ham kuch tejab qolgandim. Gol urdim va bu juda ajoyib jamoaviy o‘yinning mahsuli.
- Bu gol sizni yanada mashhur qildi. Chunki hozir hamma siz haqingizda gapiryapti. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga ham aylandingiz. Bunday vaziyatdan keyin o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- O‘zimni nihoyatda baxtli his qilyapman. Barcha futbolchilar shu kabi lahzalarni kutib futbol dunyosida yashashadi. Lekin men yolg‘iz emasman. Bir o‘zim hech nima qila olmasdim. Shunday ekan, jamoadoshlarim ham tabriklarga loyiq.
- Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida o‘yiningizni yuqori baholab, Limaning transferi o‘zini oqladi, deb aytdi. Siz uning fikriga qo‘shilsangiz kerak?
- Ha, bu fikrlarga qo‘shilaman hamda buni hurmat qilaman. Chunki unda sabr bor. Kelgan paytimda meni hech kim bilmasdi. O‘sha vaziyatda imkon qadar sport formamda turishga harakat qildim. Ko‘proq daqiqalarga ega bo‘lishga intildim. Murabbiy meni nega bu erga olib kelganligini isbotlashga harakat qildim.
- Faoliyatingizda oldin ham mana shunday Kuboklarni yutgansiz-a? Umuman, sizda yana qanaqa sovrinlar bor? O‘zbekistondagi ilk sovrin siz uchun nimasi bilan muhim?
- Albatta, bu mening faoliyatimda beshinchi titul. Barchasi juda ham muhim. Ammo bu qo‘lga kiritganimiz ayniqsa alohida o‘ringa ega. Chunki men chempionlik taqdirini hal qiluvchi golni ekstra-taymda urdim. Bunisi endi alohida voqea.
- “Nasaf”da kamroq gol uryapsiz, ammo muhim gollar! Demak, siz qachon va qaerda gol urishni bilasiz, to‘g‘rimi?
- Har bir hujumchi ko‘proq gol urishni xohlaydi. Biroq bu o‘ylaganimizdek oson emas. Boshlanishida men to‘liq o‘yinlar o‘tkazmadim. Lekin hozir vaziyat umuman boshqacha. Men o‘z jamoamga yana gollarim bilan yordam berishni xohlayman.
- “Nasaf” bilan tuzgan shartnomangiz mavsum oxirigacha. Rejangiz qanday? Shartnomani uzaytirasizmi?
- Hozircha bu haqida hech narsa bilmayman. Menda bu kabi masalalar borasida ish olib borish uchun agentim bor.
- “Nasaf” chempionlikka ham yaqin turibdi. Lekin raqobat jiddiy. Agar klub chempionlikni ham qo‘lga kiritsa, legioner sifatida yurtimizdagi debyutingizdayoq ikkita sovrin yutgan bo‘lasiz. Agar shunday bo‘lsa, nimani va’da qila olasiz?
- Biz hozirda 1-o‘rindamiz. Ammo oldidan qiyin o‘yinlar kutayotganligini his qilib turibmiz. Xuddi shunday tempda davom etishga bor e’tiborimizni qaratganmiz. Asosiy urg‘u chempionlik maqsadiga berilgan. Shuni va’da bera olamanki, biz oxirigacha muxlislarimizni xursand qilish uchun harakat qilamiz va ularni yana bir bor shu mavsumda chempionlik bilan quvontirishni xohlaymiz. Buning uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilamiz.
- O‘zbek futbolida sizni nima hayron qoldirdi?
- O‘ylashimcha, bu stadionlarning sifati va futbolchilar. O‘zbekistonda iqtidorli o‘yinchilar juda ham ko‘p. Ular bilan maydonda birga harakat qilayotganimdan faxrlanaman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar