Kolbi Kovington - Xorxe Masvidal jangi bo‘yicha o‘zbek yakkakurash olami vakillari o‘z taxminlarini bildirdi

  • 2 mart, 2022, 13:28
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 1
  • MMA
CHERY AUTO

5 mart (Toshkent vaqti bilan 6 mart) kuni QShning Las-Vegas shahrida "UFC 272" turniri bo‘lib o‘tadi. Markaziy jangida yarim o‘rta vazn (77.1 kg) toifasi vakillari Xorxe Masvidal (35-15) hamda Kolbi Kovington (16-3) o‘zaro jang qiladi.
Biz an’anaga muvofiq O‘zbekiston yakkakurash olami vakillarining ushbu jang borasidagi fikr va mulohazalariga qiziqdik...

                                                                        Mahmudjon Jabborov - bloger

- Ta’bir joiz bo‘lsa, bu safar bilagidan-da chakagi ancha baquvvat jangchilar o‘zaro nafaqat oktagonda, balki, uning atrofidagi media dasturlarda ham o‘zaro "jang"ini olib borishadi. Qarama-qarshilik alohida tarixga ega. Turnir sloganida aytib o‘tilganidek sobiq chin do‘stlar hozirda azaliy dushmanga (ha, aynan, raqib emas dushmanga) aylanishgan. Dana Uayt raqamli turnirning asosiy jangini kamar uchun emas, reyting jangiga ajratib berdimi, demak, ushbu turnirga doir xayp, shiddat, pullik translyatsiyalar soni, auditoriya borasida savollarga o‘rin yo‘q. Ushbu bahs stsenariysi haqida o‘z versiyamga to‘xtalsam, mening muxlis sifatida kuzatuvlarim orqali bu jangda Kolbi Kovington dominant uslubda Xorxe Masvidalni mag‘lubiyatga uchratishini tahmin qilmoqdaman. Ikkala jangchi ham bir-birlarini haddan tashqari bilganlari va ikkitadan o‘tkazgan chempion janglaridagi xatti-harakatlari shunday voqealikni tasavvur qilishga undamoqda.

max_1

Farruh Madaminov -murabbiy

- Bu jang juda qiziq bo‘lishi aniq. Qiziqish ham yuqori bo‘ladi. Chunki, ular jang qilish bilan birga juda ko‘p gapirishni ham xush ko‘rishadi. Imkoniyatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Kovingtonda imkoniyat yuqori, deb o‘ylayman. Sababi, uning kurashi ham zo‘r shakllangan. Masvidal asosan "stoyka"da jang olib boradi va Kolbini "teyk-daun"laridan munosib himoyalanishga qiynalsa kerak. Biroq, Masvidaldan noodatiy harakatlarni kutish mumkin. Birgina misol Ben askren bilan jang, qisqa qilib aytganda imkoniyatlarni 60/40 baholagan bo‘lardim. Albatta Kovington hisobiga.

farrux_1

Humoyun Ibragimov -MMA jangchisi

- Juda ham kutilgan janglardan biri, menimcha Kolbi bu jangda g‘alaba qozonsa kerak. Lekin Masvidal syurprizlarga boy jangchi hisoblanadi. Agar mana shunday syurprizlar bo‘lmasa, Kolbi katta ustunlik bilan g‘alabaga erishadi, deb o‘ylayman. Kolbi boshlang‘ich 2 raundda Masvidalni qafas burchagida yoki "parter"da charchata olmasa, yuqorida aytib o‘tganimdek, Masvidaldan syurpriz ko‘rishimiz ehtimoli katta. 

xumo1

Shohasan Mirzamatov - MMA jangchisi

- To‘g‘risi, men Masvidalga muxlislik qilaman. Kolbi Kovington ochig‘i yoqmaydi. Lekin yaxshi jangchi. Masvidalda kuchli zarba bor va uning mana shunday zarbalarini o‘tkaza olishiga ishonaman. Xullas, Xorxe Masvidal ushbu jangda g‘alaba qozonadi. 

sharxon

Ahliddin Mirzadavlatov -MMA jangchisi 

- Bu jangda Kolbi Kovingtonni imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. To‘g‘ri, Masvidal ham yaxshi jangchi, oyoq va qo‘l zarbalari juda kuchli va harakter ham bor. Ammo, Kolbi unga nisbatan universalroq hisoblanadi. Kolbi "teyk-daun"lar bilan, "parter"dagi bosim bilan Masvidalni qiynab tashlasa kerak. Yana kim biladi, deysiz. Barchasi oktagonda hal bo‘ladi.

axliddin 

Avliyoxon Hamidov - MMA jangchisi

- Imkoniyatlarni 60/40 deb aytishim mumkin. Masvidal juda kuchli zarba sohibi, Kolbi ham undan qolishmaydi. Kolbi nisbatan rang-barangroq jang o‘tkazadi. Qolaversa, jismoniy holat bo‘yicha ham Kolbi ustunroq. Shularni hisobiga bu to‘qnashuvda Kolbi g‘alaba qozonsa kerak. Albatta, bu shaxsiy fikrim. 

avliyo

Mansur To‘g‘izboev - murabbiy, MMA bo‘yicha referi

- Bu jang to‘liq davom etadi, deb o‘ylamayman. Chunki, Kolbi Kovington Masvidalga nisbatan bir muncha ustunroq va u nokaut bilan g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman. Lekin MMAda har qanday holat yuzaga kelishi va taxminlar o‘zini oqlamasligi mumkin. 

mangust_1

Zarruh Adashev -MMA jangchisi

- To‘g‘risi har ikkisi uchun juda qiyin jang bo‘ladi. Nazarimda Kolbi bu to‘qnashuvda ustunroq. Chunki unda kurash ham bor, "stoyka"da ham yaxshi jang qiladi. Masvidalning kuchli jihati esa "stoyka" va ushbu jihati Kovingtonni mag‘lub eta olishga etarli bo‘ladi, deb ayta olmayman. Imkoniyatlarni 60/40 degan bo‘lardim.

zoxa

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
04/03/2022 11:03
Бизнинг экспертлар Колбига устунликни беришибди. Афсуски, улар янглишса керак. Масвидал анча узгарган, жанг охиригача агар чарчамаса ютиши аник. Зарбаси етиб борса бемалол ютади