Korostichenko "Olimpik"ning kelajagi, Kapadzening ketishi, yozgi selektsiya va Kubok finali xususida nimalarni aytdi?

  • 2 sentabr, 2024, 22:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayni paytda turnir jadvalida 8-o‘rinda borayotgan Toshkentning “Olimpik” klubida ikkinchi davra arafasida biroz o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bosh murabbiy Timur Kapadze Olimpiadadan keyin “Olimpik” klubidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

Tecno

Shundan keyin bosh murabbiy lavozimiga Denis Korostichenko tayinlandi. “Olimpik” uning boshchiligida ham yomon ko‘rinmayapti. Chempionatda yuzaga kelgan qisqa tanaffus chog‘ida murabbiy jamoasi bilan tayyorgarlikni qizg‘in olib bormoqda.

Fursatdan foydalangan holda Sports.uz muxbiri Korostichenko bilan suhbatlashdi.

- Denis Vladimirovich, ikkinchi davradan "Olimpik" klubiga bosh murabbiy etib tayinlandingiz. Timur Kapadze bu klubdagi missiyasini bajardi. Endi oldingizga qanday vazifa qo‘yilgan?

- Timur aka ko‘p ish qildi. Hozirda dam oldi va baribir bizga yordam berib turibdi. Oldimizdagi vazifa shundayki, hali oldinda o‘yinlar ko‘p va o‘yinchilarimizda esa o‘yin amaliyoti kamroq. Shu bois ularni ko‘proq o‘ynatish va iqtidorli yoshlarni etishtirib chiqarish. Shu bilan birga Superligadan chiqib ketmaslik.

- Ikkinchi davrada tarkibga yoshi katta futbolchi Sunnat Abdullajonov taklif qilindi. Bungacha “Olimpik”da asosan yoshlar to‘p surishgan. Bundan chiqdi, klubning yoshlar bilan ishlash siyosati biroz o‘zgaryaptimi?

- Maqsad qo‘yilgandi va bu bajarildi. Olimpiadaga chiqdik. Endi boshqa maqsad yo‘q. Bu yog‘iga yoshlar o‘ynashi kerak. Albatta, yoshi katta o‘yinchilar u qadar kerak emas. Lekin biz jamoamizga kim yordam berishi mumkin bo‘lsa, o‘shalarni oldik. Xudo xohlasa, ular albatta bizga yordam beradi. Bundan boshqa narsalar o‘zgarmayapti. Maqsadimiz baribir yoshlarni o‘ynatish. Shunchaki, safimizdan bir qancha futbolchilar ketishgan. Tezda ularning o‘rniga yangi yoshlarni topish qiyin, boz ustiga kuchli iqtidorlarni. Ikkita futbolchi ijaraga olish mumkin, bitta klubga. Shu bois bir-ikkita biroz kattaroq bo‘lgan tajribali o‘yinchilar ham kerak.

- Superligada biroz pauza bo‘lyapti. Bu vaqt davomida jamoani rejasi qanday?

- Biz tayyorgarligimizni davom ettiryapmiz. Chempionatgacha ikkita o‘yinimiz bor. Ertaga OKMK bilan, 6 sentyabrda “So‘g‘diyona”ga qarshi maydonga tushamiz. “Metallurg” bilan uchrashuvga shu tarzda tayyorlanyapmiz.

- O‘zbekiston Kubogi finaliga “Navbahor” va “Andijon” klublari chiqishdi. Siz kutganmidingiz? Umuman, bo‘lajak final haqida va imkoniyatlar to‘g‘risida fikringiz qanday?

- O‘zbekiston Kubogi finaliga ushbu klublar etib kelishini kutmagandim. Lekin  tan olish kerakki, “Navbahor” ham, “Andijon” ham oxirigacha maqsadiga erishish uchun harakat qilishdi. Fikrimcha, bu final juda qiziqarli bo‘ladi. Asosiysi, maydon yaxshi bo‘lsin. Bu juftlikda “Navbahor” biroz favorit bo‘lishi mumkin. Lekin “Andijon” ham qarab turmaydi. Finalda ilk bor o‘ynayapti. O‘ylashimcha, zo‘r o‘yin bo‘ladi.

- Bu "Olimpik" klubini oxirgi mavsumi bo‘ladimi? Klubni kelajagi qanday?

- Rosti, bilmayman. Agar “Olimpik” Superligada qolsa, keyingi yili jamoa yana faoliyatini davom ettirishi mumkin. Keyingi maqsad 2005 va 2006 yillarda tug‘ilgan yoshlarni o‘ynatish bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!