Kuchli beshlik. Mavsumning eng omadsiz 7 jamoasi

  • 15 dekabr, 2016, 11:02
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuchli beshlik chempionatlarida mavsum o‘rtasiga yaqinlashib qoldi. Ayrim jamoalar o‘zlariga bildirilayotgan ishonchni oqlay olishmayapti. Biz mavsumning eng omadsiz 7 jamoasi haqida to‘xtalib o‘tishni lozim deb topdik.

Tecno

7. "Valensiya"

"Ko‘rshapalaklar" Ispaniya chempionatida ortda qolgan 15 turda atigi 12 ochko jamg‘arib, turnir jadvalining 17-pog‘onasini band etib turishibdi. Bu "Valensiya" 12 yil oldin chempion bo‘lgan "Valensiya"dan tubdan farq qiladi. Biroq klubdan ko‘pchilik mavsumni bunday omadsiz boshlashini kutmagan edi.

6. PSJ

To‘rt yildan buyon Frantsiya chempionatida gegemonlik qilib kelayotgan PSJning ishlari unchalik ham yaxshi emas. 17 o‘yinda 36 ochko to‘plagan Unai Emeri shogirdlari peshqadam "Nitstsa"dan 4 ochko ortda qolgan holda, 3-o‘rinda borishmoqda. Balki bu yil Liga1 da yangi chempion paydo bo‘lar.

5. "Borussiya" Dortmund

Mavsumni yaxshi boshlagan Dortmundliklar oxirgi turlarda ketma-ket omadsizlikka yuz tutishmoqda. ChL guruh bosqichida "Real"ni ortda qoldirib ketgan klub, o‘z milliy chempionatida 14 uchrashuvda 25 ochko to‘plab, 6-o‘rinni egallab turibdi. Tuxel shogirdlari peshqadamlardan 8 ochko ortda qolishyapti. Bu yil "Borussiya" chempionlik uchun kurasha olmasligi aniq.

4. "Inter"

Milanliklar bitta murabbiyni boshiga etishdi. 16 turdan keyin, 24 ochko bilan 9-o‘rinda kelayotgan "Inter" bu mavsumda hech bo‘lmaganda Evropa ligasi uchun beriladigan yo‘llanmaga ega chiqishga harakat qilsa ajab emas. Biroq bu oson emas. Zero "neradzurrilar"dan ayni paytda A ceriyada deyarli hech bir jamoa qo‘rqmay qo‘ygan.

3. "Lester"

O‘tgan mavsumda fantastika ko‘rsatib Angliya chempioni bo‘lgan "Lester"ning asl yuzi ushbu mavsumda ko‘rinib qoldi. Amaldagi chempion 16-turdan so‘ng 16 ochko to‘plab, 14-o‘rinni egallab turibdi. Raneri shogirdlari chempoionlikni himoya qila olmasliklari deyarli aniq. Xullas "Lester" APLda chempionlikni munosib himoya qila olmayotgan "eng yaxshi" jamoa nomini o‘ziniki qilishga yaqin.

2. "Atletiko" Madrid

"Real" va "Barselona"ga raqobat ko‘rsata oladigan La ligadagi yagona jamoa "Ateltiko" edi. Biroq Madridliklar mavsumni juda ham bo‘sh o‘tkazishmoqda. Simeone shogirdlari Madrid derbisida o‘z maydonida "Real"dan sharmandali mag‘lubiyatni qabul qilib olishdi. 15 uchrashuvda 25 ochko to‘plagan klub, hamshaharidan 12 ochko kam jamg‘argan holda, jadvalning 6-pog‘onaisni band etib turibdi.

1. "Manchester Yunayted"

Fergyusondan keyin "Manchester Yunayted" Angliya chempionatida hech bo‘lmaganda sovrindor bo‘lishni ham eplay olmayapti. Mourino ham "qizil iblislar"ni asl holiga qaytarlmayapti. "Mankunianliklar" 16 uchrashuvda 27 ochko to‘plab, 6-o‘rinda borishmoqda. Peshqadam "Chelsi" Manchesterliklardan 13 ochkoga, 4-o‘rindagi "Siti" esa 6 ochkoga ilgarilab ketganini inobatga oladigan bo‘lsak, MYu uchun ushbu mavsumdagi maksimum vazifa 4-o‘rin bo‘ladi shekilli. Bitta futbolchi uchun 100 million evrodan ortiq mablag‘ sarflagan klubga bu o‘rinni egallash ham uyat hisoblanadi.

Furqat Yusupov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!