
Kuperdan cho‘chigan Katanets, "svyazka" ishlamgan kecha va havotirli start. O‘zbekiston - Suriya o‘yini tahlili
13 yanvar oqshomi O‘zbekiston va Suriya terma jamoalari o‘yini bilan yakun topdi. Nursiz durang qayd etilgan bahs tahlilga u qadar muhtoj bo‘lmasada, jamoamizning o‘yinini sinchiklab o‘rganishga, muammoni negizini topishga urinib ko‘ramiz.
Omadsiz debyut va ehtiyotkorlik
Bahs avvalida O‘zbekiston terma jamoasi juda ko‘plab aspektlarda raqibdan kuchliroq ekanligi kundek ravshan edi. Tarkib, zaxira o‘rindig‘i, jamoaviy o‘yin va boshqalar. Shunga qaramay, Srechko Katanets sokinroq startni tanladi. Vaholanki, bahsni bemalol 4-3-3 sxemasida boshlashi mumkin edi. Ektur Kuper boshqaruvidagi Suriyani bizga ochiq futbol namoyish etmasligini taxmin qilish uchun futbol mutaxassisi bo‘lish shart emas. Katta ethimol, Srechko Katenets O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘zidan avvalgi murabbiyi bilan printsipial to‘qnashuvda tavakkal qilishni xoxlamagandir. Bu omil nafaqat startda, balki, o‘yin ekvatori va xatto biz uchun muhim bo‘lgan finish qismida ham sezilib turdi. Bu haqida sal turib batafsil.
O‘yinga tanlangan sxema va tarkib
Sloveniyalik mutaxassis 5-2-3 sxemasini tanladi. Faruh Sayfiev va Xojiakbar Alijonovlar avval bo‘lgani kabi, hujum chog‘ida sxemani 3-4-3 ga aylantirishi, pozitsion himoyalanish paytida orqa chiziqda 5 kishi bo‘lib raqibga bo‘sh zona qoldirmasligi kerak edi. Bu uslub va sxema deyarli Katanets qo‘l ostidagi 65 foiz o‘yinda qo‘llanilgani sababli unga ortiqcha ta’rif berib o‘tirishga xojat yo‘q. Biz esa, o‘yindagi epizodlarga e’tirobringizni tortamiz.
O‘yinni tomosha qilish uchun "Jassim Bin Hammad" nomidagi arenaga 10 ming 198 ishqiboz tashrif buyurdi. Ularning 95 foizi Suriya terma jamoasini qo‘llaganini hisobga olsak, deyarli bahsni mehmonda o‘tkazdik hisob.
Matchning ilk 30 daqiqasini doim ehtiyotkor o‘tkazishga odatlanib ham qoldik. "Oq bo‘rilar" bu safar ham voqealar rivojini keskinlashtirishni istamadi. Ilk 10 daqiqada asosan to‘pni qanotlarni almashtirgan xolda, sekinroq, ammo aniq uzatmalar bilan raqib jarima maydonchasiga olib o‘tish orqali hujum uyushtirishga urindik. Raqib esa bizni maydon markazida zich joylashgan xolda kutib olishga intildi. O‘z yarim maydonida ancha agressiv pressing qo‘lladi. Natijada markazdagi ikki yarim himoyachi bir muddat o‘yindan tushib qolgandek tuyuldi. 4 himoyachi bilan to‘p suruvchi ikkinchi raqamlilar zamonaviy futbolda asosan markazni to‘liq berkitib qanotni atayin ochiq qoldiradi. Bu esa hujum qilayotgan jamoaning harakatlarida kreativlikni yo‘qolishi va hujumlarni asosan bir fazadan bo‘lishiga olib keladi. Jismonan baquvvat va ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynay oladigan markaziy himoyachilarga ega bo‘lgan Suriya aynan sodda uslubga suyandi. Birinchi bo‘limning ilk 25 daqiqasida "oq bo‘rilar" biror marotaba maydon markazidan yorib kirishni uddalay olgani yo‘q. Yani keskinlik qo‘shuvchi 14-hududda Suriya yigitlarimizga bo‘sh zona qoldirmadi. Shukurov va Hamrobekovlar maydon markazidagi raqibning bir yo‘la 4 futbolchisi bilan to‘qnash kelgani sababli, katta kuch bilan oldinga o‘tish yoki hujumchi ortiga qadar chiqib borishdan ko‘ra, orqaroqda "buzuvchi" obrazida bo‘lishdi. Qarabsizki, O‘zbekiston terma jamoasi ikkita qanotdangina bir-birini takrorlaydigan hujumlar uyushtiraverdi.
Sayfiev/ Masharipov va Alijonov/Erkinov tandemlari raqibning zich himoyasini yorib o‘tishga qiynaldi va qanotda kombinatsiya yoki uzatmalar yordamida hujum davom ettirish uchun juda kam zonada harakat qilishga majbur bo‘ldi. Bu esa o‘z-o‘zidan uzatmalardagi braklar soni ortib ketishiga sabab bo‘ldi. Hujumda to‘pni yo‘qotganimiz sari raqib o‘z kuchiga ishonib dadillashaverdi.
Aynan mana shunday agressiv pressinga qarshi o‘yinlarda o‘zining kuchli tomonini ko‘rsatishiga o‘rganib qolganimiz Eldor Shomurodovning yo‘qligi darrov ko‘zga tashlandi. Hujum markazida Eldor aynan shunday zich mudofaani tanlangan raqib bilan to‘pni markazda ushlab turishi, darvozaga teskari turgan xolda hujumni ulab yuborishi bilan birgalikda ko‘p xollarda to‘pni qabul qilish uchun "10-raqamlilar" zonasiga qadar ortga qaytgan xolda, bosimni o‘ziga olib qanotdagi futbolchilarga bo‘sh zona ochishni ta’minlar edi. Uning o‘rnida harakat qilgan Oston esa forvard ampluasida o‘tkazgan vaqtida o‘zini juda yomon his qildi. Ayrim xollarda, xatto o‘yindan ham tushib qoldi. Ko‘p xolarda yorib kirish uchun markaziy zonadan urunib ko‘rdi, ammo qanotdan farqli o‘laroq, bu zonada uni doim 2-3 o‘yinchi kutib oldi. Shu bilan birgalikda, unga birinchi bo‘lim davomida birorta zarba yo‘llash zonasiga olib chiqadigan uzatma amalga oshirilmaganini va 14-hududni to‘liq boy berganimizni ham e’tirof etish joiz. Bu omillar O‘runovni o‘zini maydonda yanada noqulay his qilishiga sabab bo‘ldi.
Bahs avvalida Eldor Shomurodovsiz qolgan oldingi chiziqni kim bilan berkitish masalasi ko‘tarildi. Kimdir Igor Sergeev versiyasini oldinga sursa, yana kimdir Bobir Abdixoliqov to‘g‘ri tanlov ekanligi haqida fikr bildirdi. Katanes esa qo‘lida 3 ta yaxshi darajadagi forvard bo‘lishiga qaramay, avval hech ham markaziy hujumda harakat qilmagan Oston O‘runovni asosiy tarkibda jangga tashladi. Qiziq echim, ammo bu bizni bir yo‘la ikkita katta figurani yo‘qotishimizga sabab bo‘ldi...
5-2-3 sxemasi yordamida biz raqibni istalgan paytda qarshi hujumga o‘tishini oldini oldik. Soddaroq qilib aytganda, Katanets Kuper qo‘ygan qopqonga tushmaslik uchun ham 5 ta himoyachi bilan o‘ynadi.
Bahsning borishi:
O‘yining ilk daqiqalaridan yigitlarda engil mandraj kuzatildi. Suriya esa agressiv pressingga murojat qildi. Ketma-ket hujumlarimiz qanotda bo‘g‘ilib qoldi. Markazda Otabek Shukurov va Odil Hamrobekovlar Suriyaning 4 ta yarim himoyachisi bilan yolg‘iz qoldi. Ular asosan yakkakurash va raqibni kutib olish bilan band bo‘lgani bois, kamdan kam xollarda 14-hududga qadar etib borishdi. Ayniqsa, birinchi bo‘lim davomida raqib 2-3 bor qarshi hujumga o‘tib ketish imkoniyatiga ega bo‘lgach, markazdagi tandem extiyotkorlikni ustun ko‘rdi.
Bahsning 20-daqiqasiga qadar terma jamoamiz to‘p nazoratini o‘z qo‘liga olishni uddalay olmadi. Braklar va raqibning o‘z jarima maydonchasi atrofida juda zich joylashgani markazda 2ga 4 o‘ynaganimiz va sof pleymeykerning yo‘qligi ko‘zga tashlandi. 30-daqiqaga borib, Odil Hamrobekov biroz ortga qaytib, raqib bosimini kamaytirdi. Markazda balans tiklangach, qanotlar orqali hujumga o‘tishda davom etdik. Aynan to‘p nazorati bizga o‘tgan paytda Farruh Sayfievda juda qulay imkoniyat bo‘ldi, ammo qanot himoyachisi so‘nggi zarbada adashdi. Juda asabiy o‘tgan bahsning birinchi bo‘limida bundan boshqa aytarli vaziyat ham yarata olganimiz yo‘q.
Ikkinchi 45 daqiqalikda Sherzod Nasrullaev va Abbosbek Fayzullaev "jang"ga tashlandi. Ular ko‘pchilik kutganidek Sayfiev/Masharipov tandemini almashtirgani yo‘q. Birinchi bo‘limda faolroq ko‘ringan Alijonov/Erkinov tandemi zahiraga olindi. Kutilmagan yurish. Katta ehtimol bilan murabbiy juda asabiy o‘tayotgan bahsda tajribali futbolchilar maydonda bo‘lishi kerak deb hisobladi, chog‘i. Shuningdek, Alijonovning engil jarohati ham bunga sabab bo‘lgani aniq.
Abbosbek Fayzullaev zaxiradan o‘yinga qo‘shilgach, ikkinchi bo‘limda biroz o‘yinimiz chiqishni boshladi. Abbos raqiblarini aldab o‘tish orqali, jarima maydonchasi atrofida bo‘sh zonalar ochishni boshladi. Natijada raqib o‘yin avvalidagi himoya chizig‘ini ortga surdi. Otabek Shurkurov biroz oldinroqqa o‘tib harakat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Hamrobekov orqaroqda balansni ushlash uchun qoldi. Shukurovning oldinroqqa siljishi bizga hujum chog‘ida 3-4 aniq pas berish imkonini yaratdi. Shukurov esa, "10-raqamli" futbolchiga aylandi.
Bahsning 60-daqiqalariga kelib, vaziyat to‘liq terma jamoamiz qo‘liga o‘tdi. To‘p nazorati, vaziyatlar zarbalar, ammo so‘nggi zarbani beradigan ijrochi topilgani yo‘q. Srechka Katanets huddi Eron bilan o‘yinda bo‘lgani kabi 5-2-3 ni 4-3-3 ga aylantirish variantini tayyorladi, biroq negadir undan ko‘p o‘tmay voz kechdi. Jamshid Iskanderov va Igor Sergeev o‘yinga tushish uchun chigalyozdi mashqlarini boshladi, ammo yakunda Iskanderov zaxira o‘rindig‘iga yo‘l oldi. Sergeev esa o‘yini u qadar chiqmagan jamoamiz sardorini almashtirdi. Bizga g‘alaba kerakligini bilsada, Katanes oxiriga qadar o‘zining ehtiyorkor sxemasidan voz kechmadi. Birinchi turdayoq vabankka borib, tavakkal qilishni istamadi. Oston va Abbos qanotlarga ko‘chgach, biz raqibni yanada himoyaga qamadik. Afsuski, yakuniy zarba beradigan ijrochi ko‘zga tashlanmadi.
Ikkinchi bo‘limda Sayfiev va Nasrullaev asosiy e’tiborni hujumga qaratgani bois, Ashurmatov va Abduqodir bir necha marotaba o‘z zonasini tashlab, raqibni markazda kutib oldi. E’tiborli tomoni shundaki, Abduqodir 90 daqiqa davomida 7 marotaba to‘p uchun kurashda markazga qadar chiqdi va ularni barchasini engdi. Rustam Ashurmatovda bu ko‘rsatgich 5 tani tashkil etadi.
Markaziy himoyadagi uchlik Suriya bilan bahsda juda sifatli ishladi. Birorta epizodda pozitsiyasini boy bergani yo‘q. 90 daqiqa davomida raqiblaridan bir qadam oldinda bo‘ldi. Aynan ularing faolligi evaziga Suriya birorta havfli qarshi hujum uyushtirgani yo‘q.
Bahsning so‘nggi 15 daqiqasi boshlanishi bilan, Suriya chuquroq himoyaga o‘tdi. To‘pni ikkinchi qavatdan uzatgancha, darvozasi atrofida zichlikni ta’minladi. Katanets Sergeevdan keyin so‘nggi daqiqaga qadar birorta zaxira imkoniyatidan foydalanmadi. So‘nggi daqiqalarda biroz charchagan Oston Turg‘unboevga almashtirildi, ammo bu kuchni yangilash edi xolos.
Suriya, tartibli himoya va kuchli ishtiyoq evaziga bir ochko ishladi. Biz esa bahsda gol urishdan ko‘ra, o‘tkazib yubormaslikka ko‘proq e’tibor berganimiz uchun 2 ochkodan quruq qoldik. Katta ehtimol bilan, bu o‘yinda biz maksimal imkoniyatimizni namoyish etmadik. Bu g‘alaba uchun emas, engilmaslik uchun bo‘lgan harakat o‘rnida qabul qilinadi. Keyingi o‘yinlarda maqsad g‘alaba qozonish bo‘ladi degan umiddaman.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev maqolasi
Fikrlar