Kurtua: "Hech kim Xabi Alonsoni qasddan qiyin ahvolga qoʻymadi"

  • 12.03.2026 15:36
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol

"Real Madrid" darvozaboni Tibo Kurtua jamoa oʻyinchilari Xabi Alonso bilan ziddiyatga kirishgani haqidagi gaplarni rad etdi.

"Hech bir futbolchi Xabi Alonsoni qasddan qiyin ahvolga qoʻymadi. Menimcha, biz yaxshi ishladik. Ayrimlar biz taktikani yoqtirmaymiz, video tahlilni yoqtirmaymiz, deb aytishdi. Eshiting, mening murabbiyim Antonio Konte boʻlgan va u har kuni bir soatlab taktika ustida ishlagan. Men bunga hech qachon qarshi boʻlmaganman, chunki biz professionalmiz va ish men uchun birinchi oʻrinda turadi.

Menimcha, Xabi bilan dastlabki oylar juda yaxshi oʻtdi, keyin esa pasayish boshlandi. Futbolda bunday holatlar boʻlib turadi.

Matbuotda ayrim narsalarni oʻqib, “Xudoyim”, deb oʻylab qoldim. Sizlar bu klubni bolalar bogʻchasi deb oʻylaysizmi, goʻyoki biz istagan ishimizni qilamiz? Aslida bunday emas. Biz barcha murabbiylarni, tibbiy xodimlarni va umuman barchani hurmat qilamiz. Menimcha, tanqidlarning katta qismi adolatsiz. Ayrim maʼlumotlar toʻgʻri, bunda menda hech qanday muammo yoʻq. Shuning uchun ham ochiq aytaman: biz ham aybdormiz va bu holatga yoʻl qoʻyib qoʻydik", — dedi Kurtua "Manchester Siti" ustidan 3:0 hisobidagi gʻalabadan keyin.

Eslatib oʻtamiz, Alonso yanvar oyida "Real" bosh murabbiyi lavozimini tark etgan, jamoani esa Alvaro Arbeloa qabul qilib olgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!