Kutganiga yarasha hech kimdan sado chiqmadi, Superkubokni oldin "Nasaf" bilan yutgan, endi esa... - Sharof Muhitdinov klubini o‘zgartirgani xususida ochiq gapirdi

  • 20 fevral, 2021, 13:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Nasaf” klubi tarbiyalanuvchisi Sharof Muhitdinov yaqinda “Paxtakor”ga ko‘chib o‘tdi. Bu bilan u faoliyatida oldinga qadam tashladi, deb hisoblasak bo‘laveradi. Chunki futbolchi chempion jamoa safiga qo‘shildi.

Lekin Sharofning u erga ko‘chib o‘tishi oson bo‘lgani yo‘q. Qolaversa, “Nasaf” muxlislari ham Sharofning ketishini istamagandilar. Sports.uz muxbiri bu borada futbolchidan bir qator masalalarda munosabatini bilishga harakat qildi.

“Paxtakor”dan ilk taklif qachon va kim tomonidan bo‘lgan? Nihoyat, futbolchining chempion jamoa safiga o‘tishi fevral oyida amalga oshdi. Muhitdinov “Paxtakor”ga o‘tishi haqida shunday dedi:

- “Paxtakor”ning sobiq bosh murabbiyi Shota Arveladze menga anchadan beri qiziqib kelardi. 2019 yilda ham “sherlar” tarkibiga o‘tishim mumkin edi. Lekin o‘shanda transfer narximni “Nasaf” bilan kelisha olishmagandi. Oldimda chetdan ham variantlar bor edi. Shuningdek, men ikki oy davomida “Nasaf”da shug‘ullanib, ularning taklifini kutdim. Lekin hech kim hech nima degani yo‘q. Birortasi bu masalada aniq gap aytishmadi. Bu orada, menga AGMK va “Paxtakor”dan jiddiy takliflar bo‘ldi. Men  “Paxtakor”ni tanladim. Ro‘ziqul aka Berdiev ham aytganidek, chindan ham biz ikki oy davomida yangi shartnomani gaplashish bo‘yicha kutdik. Lekin hech kimdan sado chiqmadi. Bu payt davomida “Nasaf”da sport formamni ushlab turdim. Kutganimga yarasha, u erda hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. “Paxtakor” esa, menga taklif bilan chiqqanidan keyin, u erga ketishga majbur bo‘ldim.

sharof

Sharof Muhitdinov legionerga aylanishi ham mumkin edi. Chunki bu masalada uning oldida takliflar yo‘q emasdi. Hattoki yaqinda uning qaysidir klubga borib kelgani ham ma’lum bo‘lgandi. Bu xususida futbolchi quyidagilarni aytdi:

- Bu sir bo‘lib qolsin. To‘g‘ri, borib keldim. Pandemiya sababli, Osiyoda legioner limiti bilan bog‘liq vaziyat tufayli ular boshqa o‘yinchi olishdi.

Nima bo‘lganda ham, Muhitdinovning “Paxtakor”dagi hayoti boshlandi. Shu sababli, futbolchi bor e’tiborini yangi jamoasiga qaratmoqda. Shu o‘rinda, yarim himoyachi yangi klubida qanday kutib olishgani va shartnoma masalasida ham to‘xtalib o‘tdi.

- “Paxtakor” bilan bir yillik shartnoma imzoladim. Klubda meni nihoyatda iliq kutib olishdi. Bu erdagi barcha futbolchilarni yaxshi taniyman. Aksariyati bilan o‘ynaganman, o‘zimning aka-ukalarim. Shuning uchun mashg‘ulotlarda ham o‘zaro til topishishimiz juda oson kechyapti.

Sharof yuqorida aytganidek, uni “Paxtakor”ga dastlab, Shota Arveladze chaqirgan. Ammo endi bu murabbiy ketgan. Xo‘sh, Muhitdinovni klubni boshqarayotgan Piter Xyuistra chaqirdimi yoki boshqalarmi?

- Kim chaqirgan? Menimcha, murabbiy o‘ziga kerak bo‘lgan futbolchilarni o‘zi chaqirsa kerak. “Paxtakor”ga kelgach, albatta bosh murabbiy bilan gaplashdik. Qaysi pozitsiya senga ko‘proq yoqadi, deb so‘radi. O‘rtada to‘p surishim qulayroq ekanini aytdim. Qolaversa, mashg‘ulotlar ham juda qiziqarli o‘tyapti.

sharof1

Sharofning yangi jamoasidagi debyuti o‘zining sobiq va qadrdon klubi – “Nasaf”ga qarshi o‘tishi mumkin. Chunki 6 mart kuni Samarqandda Superkubok uchun “Paxtakor” bilan “Nasaf” bellashadi. Bu esa Muhitdinov uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

- Bu o‘yin ancha qiziqarli bo‘ladi, deb o‘ylayman. Chunki Superkubokni oldin “Nasaf” bilan yutganmiz. Endi “Paxtakor” safida ana shu o‘yinda to‘p surishim mumkin. Agar debyutimni o‘tkaza olsam, bu chindan ham qiziq bo‘ladi. Aytishadi-ku, maydonda hatto akangga qarshi o‘ynasang ham u raqib bo‘ladi. Nima bo‘lishi vaqt ko‘rsatadi. Ammo “Nasaf” bilan yaxshi o‘yin bo‘ladi, - dedi Muhitdinov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!