"Legionerimizni "Dinamo" bilan shartnoma imzolaganini matbuotdan bildim, bizni klubda katta pul to‘lash imkoniyati yo‘q" - Islom Ahmedov nimalarni rejalashtiryapti?

  • 26 dekabr, 2023, 23:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Tajribali mutaxassis Islom Ahmedov Qirg‘izistonda “Abdish-Ata” klubiga bosh murabbiylik qilgan holda jamoani chempionlikka etaklay oldi. OFK Kubogida esa guruh bosqichidan muvaffaqiyatli chiqdi va kurashni davom ettirishmoqda.

Tecno

Islom Ahmedov o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlayapti. Kuni kecha bizning murabbiy qo‘l ostida to‘p surgan ganalik hujumchi Samarqandning “Dinamo” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Sports.uz jurnalisti Ahmedov bilan bog‘landi.

- Islom aka, yangi mavsumga jamoangizni tayyorgarlik rejasi qanday?

- Tayyorgarlik dasturimiz qur’a tashlash jarayoniga taqaladi. Klub direktorimiz Lutfullaev Malayziyaga jo‘nab ketdi. U erda OFK Kubogining keyingi bosqichi uchun qur’a tashlanadi. Raqibimizni bilib olamiz. Qachon va qaerda o‘ynashimizga qarab tayyorgarlikni boshlaymiz. Hozircha yigitlar individual shug‘ullanishyapti, ularga topshiriq berganman. Osiyo Kubogi uchun Qirg‘iziston terma jamoasiga bizdan 10 ta futbolchi ketgan.

IMG_20231226_232251_899

- Jamoangizda o‘ynagan ganalik hujumchi Emmanuel Yagrni “Dinamo” o‘z safiga qo‘shib olganini e’lon qildi. Uni ketishi siz uchun kutilmagan yangilik bo‘ldimi?

- Biz kecha u bilan gaplashdik. Rahbariyat uni chaqirdi. 5 noyabr kuni oxirgi o‘yinni o‘tkazganimizdan keyin Yagr biz bilan shartnoma imzolagandi. Ammo u bizga ketishi haqida hech nima demagan. Futbolchini ketganini matbuotda o‘qib bildim. Bilishimcha, “Dinamo” bilan shartnoma tuzgan, registratsiyadan o‘tgan. OFK Kubogi guruh bosqichi o‘yinlaridan keyin unga Vetnam klubidan yaxshi taklif kelgandi. Bu o‘yinchini jamoamizda qoldirish niyatimiz bor edi. Lekin vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi. Bir narsa deyish juda qiyin. Afsuski, Yagr “Abdish-Ata”dan ketadigan bo‘ldi. Men u bilan gaplashganimda keyingi uchrashuvlarda biz bilan bo‘lib turishini, keyin bemalol ketishi mumkinligini aytgandim. Nimaga deganda, Yagr jamoaviy o‘yinga yaxshi kirishib, maydonda faol o‘ynayotgandi. Biroq “Dinamo” bilan shartnoma imzolagani biz uchun katta syurpriz bo‘lib qoldi. Jamoamiz bilan shartnomasi 31 dekabrda tugardi. Bu vaziyatga yuridik tomondan qarash kerak bo‘ladi. Biroq unga bosim o‘tkazib qoldirish – bu noto‘g‘ri. Unda endi yangi shartnoma bor. “Abdish-Ata” tarkibida OFK Kubogida o‘ynab ko‘zga ko‘rindi. Ko‘p klublar uni o‘z safiga olishni xohlagandilar. Bu normal holat, men uni tushunishim mumkin. Biroq bizga aytmasdan boshqasi bilan shartnoma tuzish – bu noto‘g‘ri.  

IMG_20231226_232324_758

- Yangi mavsumda jamoangiz safini kuchaytirish yo‘lida o‘zbek futbolchilarining xizmatidan foydalanish rejangiz bormi? Masalan, kimlarni ko‘z ostingizga olib qo‘ydingiz?

-  Shuhratbek, hozir kimnidir taklif qilish niyatimiz yo‘q. 5 noyabrda chempionatimiz tugagandi. Faqat OFK Kubogida ikkita o‘yinimiz qolgandi. O‘shanda FIFA kunlari munosabati bilan 10-11 nafar o‘yinchimiz terma jamoaga ketgandi. Ikki hafta davomida qirg‘izistonlik bizga kerak bo‘lgan o‘yinchilarni chaqirdik. O‘yinimizga moslashishi mumkin bo‘lgan yigitlarning o‘yinlarini ko‘rdik. Hozircha Yagr ketsa, hujum chizig‘ida muammo bo‘lib qoladi. Ammo bu pozitsiyada mahalliy futbolchilar bor. Biz nimaga chetdan ko‘p o‘yinchilarni olmaymiz? Sababi, “Abdish-Ata” o‘ynayotgan o‘yinda futbolchilarda birlik, hamjihatlik bo‘lmasa, bu o‘yin o‘xshamaydi. Qirg‘izistonda ham shu saviyada o‘ynaydigan bolalar bor. O‘zimizga kerakli yigitlarni ko‘rdik va tanlab oldik. Ularni ko‘rib chiqdik va bizning uslubda o‘ynay oladiganlarini qoldirdik. Agar hujum chizig‘ida Yagr qolganida yaxshi bo‘lardi, iste’dodli yigit edi. Ammo bu chiziqqa ikkita mahalliy futbolchi bor. Bundan tashqari, yaxshi o‘yinchi – bu qimmat o‘yinchi. Bizni klubda katta pul to‘lash imkoniyati yo‘q. Bu ham sabablardan biri.

- “Muras Yunayted”ga Andrey Kanchelskis bosh murabbiy etib tayinlandi. Bunga munosabatingiz qanday? Uning kelishi qirg‘iz futboliga qandaydir effekt beradimi?

- Kanchelskis to‘g‘risida bir narsa deyish qiyin. Men uni o‘yinchi sifatida bilaman. Murabbiy tomonidan ishini ko‘rmaganman. Esimda bor, “Navbahor”da ishlaganida hammasi nima bilan tugaganini bilamiz. U qanaqa murabbiy, falsafasi qanaqa, men bilmayman. Lekin katta nom! Taniqli inson. Qanaqa ishlashini vaqt ko‘rsatadi.

IMG_20231226_232307_617

- Osiyo Kubogi boshlanishiga oz qolyapti. O‘zbekiston terma jamoamizning imkoniyatini qanday baholaysiz? Qolaversa, Qirg‘iziston bu turnirda nimaga qodir?

- Terma jamoamiz imkoniyatini katta baholayman. O‘ylaymanki, Yaponiya, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston terma jamoalari Kubokni yutishga jiddiy harakat qiladilar. Chunki milliy terma jamoamizni hozirgi avlodi kuchli. Tez fikrlashadi. O‘zbekiston terma jamoasi shunaqa o‘yin ko‘rsatyapti. Qirg‘iziston terma jamoasi haqida gap ketganda, bu erda ham iqtidorli futbolchilar ko‘p. Bunga o‘zim hayron bo‘ldim. Nimagaki, u erda ish boshlaganimdan so‘ng chempionat o‘yinlarida raqib jamoalarni ham ko‘rdim. Har bir jamoada 3-4 tadan iste’dodli futbolchilari bor. Terma jamoada eng yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgan. Ko‘p narsa murabbiyga bog‘liq.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!