
Legionerlarimizning urinishi zoe ketdi
Rossiya Milliy futbol ligasida uch nafar o‘zbekistonlik futbolchi – Vitaliy Denisov, Vagiz Galiulin va Bobir Davlatov to‘p tepayotganidan xabaringiz bor. Legionerlarimiz o‘ynayotgan jamoalar uchun 20-tur uchrashuvlari muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
“Tom” jamoasi sharafini himoya qilayotgan tajribali himoyachimiz Vitaliy Denisov bir necha uchrashuvdan iborat tanaffusdan so‘ng, yana maydonga qaytdi.
Ma’lumki, “Tom”ning so‘nggi o‘yinlarida bosh murabbiy Aleksandr Kerjakov bilan birga etakchi o‘yinchilar – himoyachi Vitaliy Denisov, darvozabon Dmitriy Arapov, yarim himoyachilar Evgeniy Balyaykin, Chidi Ocuchukvu va asosiy hujumchilardan biri Richlord Ennin birdaniga ko‘rinmay qoldi. Klub rahbariyati ularning “g‘oib” bo‘lganiga hech qanday izoh bermadi. Natijada tomliklar safida koronavirus tarqalgani haqida gap chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, bu masala bo‘yicha rasmiy ma’lumot e’lon qilingani yo‘q.
Milliy futbol ligasining 20-turiga kelib, o‘zbekistonlik legioner Vitaliy Denisov safga qaytgani o‘zbekistonlik futbol muxlislarining xavotirini tarqatdi. “Veles”, “SKA-Xabarovsk” va “Chayka”ga qarshi o‘tkazilgan ketma-ket uchta o‘yinda qatnashmagan hamyurtimiz “Orenburg” bilan bo‘lgan uy uchrashuvida to‘liq harakat qildi.
Musobaqa peshqadamiga qarshi o‘tkazilgan bahsda Denisov namoyish etgan o‘yin uning yaxshi sport formasida ekanini ko‘rsatdi. Hamyurtimiz himoyadagi vazifalaridan tashqari, chap qanot bo‘ylab bir necha marotaba hujum uyushtirdi, jamoadoshlarini qulay pas bilan ta’minladi. Biroq, Denisovning bu harakatlari liga etakchisidan ochko olish uchun etarli bo‘lmadi.
“Orenburg” ikkinchi bo‘limda himoya markazidagi ustunligidan foydalanib, g‘alaba to‘pini kiritdi. Kichik hisobdagi mag‘lubiyatdan so‘ng, ochkosi 11 taligicha qolgan “Tom” oxiriga pog‘onaga tushib qoldi. Orenburgliklar esa, premer-liga yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
Milliy futbol ligasidagi yana ikki legionerimiz – Vagiz Galiulin va Bobir Davlatov o‘ynayotgan “Nefteximik” ham kutilmaganda qaqshatqich zarbaga uchradi. Yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoa asosiy raqobatchilaridan bo‘lgan “Veles” bilan to‘qnashdi.
Safar uchrashuvida Galiulin sardorligidagi jamoa bir bo‘lim davomida raqib bilan tengma teng o‘ynadi. Biroq, ikkinchi bo‘limda mezbonlar o‘z ustunligini namoyish eta oldi. Bellashuv 3:1 hisobida “Veles” foydasiga hal bo‘ldi.
Mag‘lubiyat “Neftexemik”ga qimmatga tushdi. Galiulin jamoasi musobaqa jadvalida beshinchi pog‘onadagi o‘rnini aynan “Veles”ga bo‘shatib berdi.
Uchrashuvda Vagiz to‘liq o‘ynadi va faol harakatlari bilan ajralib turdi. Bobir Davlatov esa bu gal zaxirada qoldi.
Milliy futbol ligasining navbatdagi turida “Tom” futbolchilari “Enisey” jamoasi mehmoni bo‘ladi. “Nefteximik” esa “SKA-Xabarovsk” jamoasi bilan raqib maydonida kuch sinashadi.
Fikrlar