“Liverpul”ning kelajagi porloq bo‘lgan 5 futbolchisi

  • 20 fevral, 2020, 14:03
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Fevral oyi boshida Angliya Kubogining to‘rtinchi bosqichida “Shrusberi Taun”ga qarshi o‘yinda Klopp yoshlarni maydonga tushirishga qaror qildi. Bunga sabab jamoaning o‘yinlar taqvimi judayam tig‘iz bo‘lib qolgani, shuning uchun asosiy futbolchilar charchab qolmasligini oldini olish edi. Yoshlar Kloppning ishonchini oqladi. Ular 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.

Tecno

Hozir sizlarga “Liverpul”ning 5 ta yosh va iste’dodli futbolchilarini tanishtiramiz. Balki, besh-etti yildan so‘ng bugungi so‘zlamoqchi bo‘lgan qahramonlarimiz “Liverpul”ning asosiy etakchilariga aylanib, sovrin yutishiga katta hissasini qo‘shadigan yulduzlarga aylanishar.

Kertis Jons

Yoshi:19

Fuqaroligi: Angliya

Pozitsiyasi: markaziy yarim himoyachi

Bu futbolchi asosiy jamoaning sardori bo‘lgan eng yosh futbolchi sifatida allaqachon “Liverpul” tarixiga kirib bo‘ldi. O‘zining 19 yoshini nishonlaganidan 5 kun o‘tib sardorlik bog‘ichini taqdi. O‘tgan mavsumdayoq u asosiy jamoada debyut qilishga erishgan edi. “Everton”ga qarshi o‘yinda esa o‘zining ilk golini ham urgan.

Kertisni yoshlar jamoasining asosiy etakchisi sifatida e’tirof etishmoqda. Uning o‘ziga xos xarizmasi va xarakteri “Liverpul” muxlislarining sevimli futbolchisi bo‘lib qolish uchun etarli. Sardorlik bog‘ichi ham bekorga topshirilmagan. U jamoadoshlarini ruhlantirib tura oladi, vahimaga tushib qolmasdan, raqibning qilayotgan bosimlariga qarshi tura olishga chorlaydi.

Neko Uilyams

Yoshi: 18

Fuqaroligi: Uels

Pozitsiyasi: o‘ng qanot himoyachisi

Neko Uilyamsning “Liverpul”dagi debyuti oktabr oyi oxirida bo‘lib o‘tgan Angliya Liga Kubogi doirasidagi “Arsenal”ga qarshi o‘yinda bo‘lgan edi. O‘shanda o‘yinning asosiy daqiqalarida 5:5 hisobi qayd etilib, penaltilar seriyasida “Qizillar” g‘alaba qozongan edi. Uilyams asosiy tarkibda maydonga tushgan, qo‘shib berilgan daqiqalarda aynan Neko Divok Origining gol urishiga yordamlashgan edi va hisob tenglashib, penaltilar seriyasigacha o‘yin davom etishini ta’minlangan edi.

Neko faoliyatini endi boshlagan vaqtlarda vinger edi. Ammo keyinchalik oraqaroqqa qaytishga majbur bo‘lgan. Shuning hisobiga unda hujumni seza olish qobiliiyati ham yaxshi rivojlangan. Albatta, aynan u to‘p suradigan pozitsiyada Trent Aleksander-Arnold o‘ynaydi. Trent Aleksanderni tarkibdan chiqarib tashlay olmaydi, lekin rotatsiya vaqtida unga imkon berilsa, “qizillar” tarkibida yana bir yosh va iste’dodli futbolchi borligini bemalol isbot qila oladi. “Liverpul” safidagi o‘yinlaridan so‘ng uelsliklar ham yozda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Evro-2020 ga terma jamoaga jalb etish haqida o‘ylab qolishgan.

Xarvi Elliott

Yoshi:16

Fuqaroligi: Angliya

Pozitsiyasi: qanot yarim himoyachisi

“Shrusberi”ga qarshi maydonga tushgan futbolchilar ichida eng yoshi aynan Elliott edi. U 16 yosh bo‘lishiga qaramasdan Kloppning e’tiboriga tushgan. Lekin Xarvi o‘tgan mavsumda “Fulxem” safida ham maydonga tushgandi. “Vulverxempton”ga qarshi o‘yinda maydonga tushgan Xarvi APL tarixida debyut qilgan eng yosh futbolchiga aylandi. O‘shanda Eliott 16 yosh-u 30 kunlik edi.

2019 yil yozida 4 mln evro evaziga “Liverpul” safiga o‘tgan chapaqay bo‘lgan futbolchining jamoadoshlariga uzatmasi juda aniq chiqadi. “Shrusberi” bilan bo‘lgan o‘yinda 93% aniq uzatmani amalga oshira olgan. Ya’ni 42 ta uzatmadan 39 tasi aniq bo‘lgan. Xarvi Eliott “Liverpul”ning bo‘lajak yulduzi.

Sepp van den Berg

Yoshi:18

Fuqaroligi: Gollandiya

Pozitsiyasi: markaziy himoyachi

“Zvolle” akademiyasi tarbiyalanuvchisi Sepp van den Berg 2019 yil yozida 1,9 mln evro evaziga “Liverpul”ga kelib qo‘shilgan edi. Uning tashqi ko‘rinishi e’tiborni tortadi. Sariq sochli, 189 smli futbolchini “Liverpul” skautlari darrov ilg‘ab olishdi.

Ko‘pchilik uni Van Deykka qiyoslashni boshlagan. Albatta, bu Seppning o‘ziga ham yoqadi. Undan tashqari Van Deyk bilan bir jamoada bo‘lgani, uning foydasiga ishlaydi. Undan juda ko‘p narsalarni o‘rganadi. “Shrusberi”ga qarshi o‘yinda 108 ta taktik harakatlarining 90 tasi muvaffaqqiyatli chiqdi. Birga-bir vaziyatlarning 68% (19 tadan 13 tasi)da g‘olib chiqdi.

Ki-Yana Xuver

Yoshi:18

Fuqaroligi: Gollandiya

Pozitsiya: o‘ng qanot/ markaziy himoyachi

Bu yosh iqtidor egasi 2018 yil yozida “Ayaks” safidan kelib qo‘shilgan edi. Unga 100 ming evro to‘langan. Jamoadagi debyuti esa o‘tgan mavsumning boshida Kubok bahsida “Vulverxempton”ga qarshi o‘yinda bo‘lgandi.

Xuver markaziy himoyada ham, o‘ng qanot himoyasida ham bemalol o‘ynay oladigan universal himoyachi hisoblanadi. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, Xuver hali to‘laligicha markaziy himoyachi emas, u boshqa pozitsiyada ham to‘p sura olishi mumkin. Lekin katta ehtimol bilan yaqin kelajakda van den Berg bilan birga “Liverpul”ning mustahkam qo‘rg‘oni bo‘lishini taxmin qilishmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!