Lobanov qoldi yoxud "Metallurg" hozircha 20 nafar futbolchisini ro‘yxatdan o‘tkazdi, ulardan 13 nafari yangilar
Superliga bahslariga tayyorgarlik ko‘rayotgan Bekobodning “Metallurg” klubi yangi mavsum uchun o‘yinchilarini PFL ro‘yxatidan o‘tkazishni boshlab yubordi. Bu haqda PFLning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ro‘yxatdan hozircha 20 nafar o‘yinchi o‘rin olgan va ularning barchasi bilan rasmiy shartnomalar imzolangan. Ularning 7 nafari o‘tgan yilgi futbolchilardir. Jumladan, Aleksandr Lobanov, Akmal Tursunboev, Kamoliddin Tojiev, Salamat Quttiboev, Ixtiyor Toshpo‘latov, Vladimir Vagin hamda Stanislav Andreev bilan 2021 yilning 31 dekabr sanasigacha kelishuvga erishilgan.

Shuningdek, PFL ro‘yxatidan o‘tkazilgan 13 nafar o‘yinchilar esa boshqa klublardan taklif etilgan. Ularning orasida birgina legioner bo‘lib, oldin xabar berganimizdek, “Spartak”ning sobiq futbolchisi Evgeniy Makeev ham “Metallurg” bilan ushbu yilning oxiriga qadar shartnoma tuzgan.

Bundan tashqari, tuzilgan shartnomalar orasida ikki va uch yillik kelishuvlar ham bor.
Bu hali hammasi emas. “Metallurg”ning o‘z o‘yinchilarini PFL ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni yana davom etadi.



Fikrlar