
"Lokomotiv" Aziz Amonovni sotadi
“Lokomotiv”ning 24 yoshli futbolchisi Azizbek Amonov yakuniga etgan mavsumda o‘zini ko‘rsatgan holda barchada iliq taassurot qoldirdi. Anchadan beri ushbu o‘yinchiga jiddiy takliflar tushayotgani xususida eshitib kelayotgandik.
Qolaversa, futbolchining o‘zi ham keyingi qadam sifatida xorijda to‘p surish istagida yurgandi. Voqealar rivoji qanday tus olayotganini bilish maqsadida Amonov bilan bog‘langanimizda quyidagilarni aytdi:
- “Lokomotiv” bilan yana bir yilga mo‘ljallangan shartnomam bor. Lekin jamoam muzokaralar olib borayotganini eshitdim. Hali aniq emas. Menimcha, “Lokomotiv”da qolishim yoki legionerga aylanishim yanvar oyida ma’lum bo‘lsa kerak.
O‘zimga qolsa, legioner sifatida xorijda to‘p surish niyatim bor. O‘xshasa ketaman, bo‘lmasa, “Lokomotiv”da o‘ynayman. Agar menga o‘zimizdagi boshqa klublardan yaxshi taklif bo‘lsa, jamoamiz rahbariyati sotishi ham mumkin. Bu haqida “Lokomotiv” klubi boshlig‘i To‘labek aka Akramov aytgandi. Ammo birinchi navbatda xorij klubiga sotishga harakat qilamiz degan. Osiyodan ham, Evropadan ham qiziqishlar borligi haqida gapirishyapti. Hammasi Xudodan. Sabr qilib turamiz”, - deydi Sports.uz muxbiriga.
Eslatib o‘tamiz, Azizbek Amonov Superliganing barcha – 26 ta uchrashuvida maydonga tushdi hamda raqiblar darvozasiga 8 ta gol urdi.
Fikrlar