"Lokomotiv"da qanday o‘zgarishlar bo‘layotganini bilasizmi?
2022 yili Superligadagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan keyin pro ligaga ravona bo‘lgan “Lokomotiv” kutilganidek bir yillik tanaffusdan so‘ng yana Superligaga qaytdi. “Temiryo‘lchilar”ning pro ligada favorit ekanligiga hech kimda shubha yo‘q edi va elitaga qaytishiga hamma ishongandi, amalda ham bu tasdig‘ini topdi.
Rosti, “Lokomotiv” 2024 yilgi mavsumdayoq avvalgi mavqeini tiklash uchun katta qadam tashlamoqchi. Klub rahbariyati allaqachon yangi mavsum rejalarini ishlab chiqqan va shu asnoda ishlarni boshlab yuborishgan. Yaqinda bosh murabbiy Denis Korostichenko Sports.uz saytiga bergan intervyusida klubdan ketganligini aytgandi.
Shu bilan birga murabbiylar shtabida Korostichenko Mirko Yelichich bilan tandem sifatida ishlagandi. Ammo yangi mavsumda klubda butkul boshqa murabbiylar shtabi ish boshlaydi. Chunki Korostichenkodan keyin Yelichichni ham “Lokomotiv”dan ketgani ma’lum bo‘ldi. Klub ularga vazifani bajarib, “Lokomotiv”ni Superligaga qaytarishgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Jamoa aynan ularning murabbiyligi ostida elitani tark etgandi va yana ularning boshchiligida qaytdi. Endi esa “Lokomotiv” rahbariyati yangi mavsumda jamoani yangi murabbiylar shtabiga ishonib topshirmoqchi. Ya’ni, klubda shakllantirish ishlari qayta olib boriladigandek ko‘rinyapti.
Ma’lum bo‘lishicha, “Lokomotiv” klubiga yangi mavsumda serbiyalik mutaxassis Aleksandr Stoymirovich bosh murabbiylik qiladi. 41 yoshli murabbiy muxlislarimizga yaxshi tanish. Chunki u yurtimizda 2021 yildan beri faoliyat olib bormoqda. Stoymirovich jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida yodda qolgan. Avvaliga “Nefchi”, keyin “Navbahor”da ishladi. Bu yil esa oxirgi jamoasi OKMK hisoblanadi. Serbiyalik mutaxassis Mirjalol Qosimov jamoasida ham asosan jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib ish olib bordi. Rosti, Stoymirovich haqida oldindan ancha iliq fikrlarni eshitib kelamiz. Katta ehtimol, u 2024 yili mustaqil ravishda bosh murabbiy sifatida “Lokomotiv”ni boshqaradi. Jamoa rahbariyati ancha avval serbiyalik murabbiy bilan uchrashgan va barchasini kelishib olishgan. Darvoqe, yana bir ma’lumot: Stoymirovichga murabbiylar shtabida sobiq futbolchilar va murabbiylikka yaqindan qadam qo‘ygan Akmal Shorahmedov va Shavkat Mullajonov yordam berishi kutilmoqda.
Shuningdek, klub rahbariyati tarkib masalasida ham barvaqt o‘zgarishlarni boshlab yuborgan. Yaqinda saytimiz orqali “Navbahor”ni tark etgani aytilayotgan Jasur Yaxshiboevning yangi mavsumni “Lokomotiv”da boshlashi kutilmoqda. Shu bilan birga OKMKdan etakchi futbolchilar – Anzur Ismoilov bilan Sanjar Tursunov ham kelasi yilni “Lokomotiv”da boshlaydilar, katta ehtimol. Ikkala o‘yinchi ilgari “Lokomotiv”da to‘p surishgan. Masalan, Ismoilov 2018-2019 yilgi mavsumlarda “temiryo‘lchilar” sharafini himoya qilgan. Tursunov esa 2013 yilda yarim mavsum davomida “Loko” uchun o‘ynagan va u erdan Rossiyaga, “Gazovik” klubiga yo‘l olgan. Ko‘rib turganingizdek, “Lokomotiv”da tanilgan nomlar paydo bo‘lyapti.
Hozircha shunaqa gaplar. To‘g‘ri, biz bergan ma’lumotlar hali rasman tasdiqlangani yo‘q. Biroq voqealar rivoji shunga qarab ketmoqda.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar