
"Lokomotiv"da yoshning ahamiyati yo‘q
“Lokomotiv” - “Surxon“ o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng ”temiryo‘lchilar” yarim himoyachisi Kamron Saydazimov klub matbuot xizmatiga qisqacha intervyu berdi.
- Ikki oydan oshiqroq davom etgan karantindan keyin ikkinchi sinov-nazorat o‘yinida maydonga tushdik. Bu Superliga 4-turiga tayyorgarlik doirasida so‘nggi o‘yin bo‘ldi. “Surxon” - yaxshi shakllangan jamoa. O‘yin qiyin kechdi, boshida 2ta gol urib oldik. Shundan keyin 10 daqiqacha qiynaldik. Ammo ko‘p o‘tmay tizgin yana qo‘limizga o‘tdi.
- Murabbiy bugun sizni asosiy tarkibga qo‘ydi. Hissiyot boshqacha bo‘ldimi?
- Ha, shunday. Chunki jamoaga kelganimdan beri ilk marta asosiy tarkibda maydonga tushdim. Garchi o‘rtoqlik o‘yini bo‘lsa-da, “Lokomotiv” tarkibida o‘ynash bosim yuklaydi.
- Karantindan keyin jamoaning holati qanday? 15 iyun kuni birdaniga o‘ynab ketish qiyin bo‘lmaydimi?
- To‘g‘ri, qiyin bo‘ladi, lekin mashg‘ulotlarda astoydil ishlab tayyor bo‘lib olishga harakat qilyapmiz. Chempionat boshlanganda kim qanday holatda ekanligi ko‘rinadi. Xudo xohlasa, biz mavsumning davomiga tayyormiz deb o‘ylayman.
- Bugungi o‘yin qanchalik og‘ir o‘tdi?
- Ikkita gol urgan bo‘lsak-da, raqib bizga etarlicha qarshilik ko‘rsatdi. Chempionlikni maqsad qilib qo‘yganimiz uchun barcha o‘yinlarda yutishga harakat qilyapmiz.
- O‘z o‘yiningizni qanday baholaysiz?
- Boshida hayajondan chiqib ketish biroz qiyin bo‘ldi. Ammo jamoaga moslashib ketishimga ishonaman. Bugun o‘z o‘yinimni ko‘rsata oldim deb o‘ylayman.
- Rasmiy uchrashuvlarda asosiy tarkibga kirish imkoniyati qanday?
- Asosiy tarkibga kirish uchun hammada imkoniyat bor. Jamoamizda yoshning ahamiyati yo‘q. Kim mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsatsa, murabbiy unga ishonch bildiradi va asosiy tarkibga qo‘yadi.
Fikrlar