
Madridda kim xo‘jayin ekanini aniqlab olish fursati (prevyu)
“Madrid derbisi” liga bahslari doirasida bu qadar muhim bo‘lgan paytni eslay olasizmi? Ha, oldin bu jamoalar jarangliroq nomlarga boy bo‘lgandir. Ha, o‘sha janjalkash raqiblar o‘rtasidagi kurash bugun tunda sodir bo‘lmas. Ammo bugungi bahs butun chempionat taqdirini-da, hal qilishga qodir.
Muhimlik darajasi EChL finalidek bo‘lsa ham, “qaymoqranglilar” raqibni “Santyago Bernabeu”da emas, zaxira maydoni “Alfredo Di Stefano”da qabul qilishga majbur.
“Sevilya”ga qarshi og‘ir bellashuvdagi g‘alaba va uning ortidan EChLda guruhdagi murakkab o‘yinda g‘alaba qozonib, pley-offga yo‘l olinishi jamoa ruhiyati a’lo darajada ekanini bildiradi.
Diego Simeone jamoasi xalqaro maydondagi natijalari bilan u qadar maqtana olmasa-da, Primera doirasida ularni mag‘lub etadigan raqib hali topilmadi. Ular top-5 chempionatlar orasida eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoalar ro‘yxatini boshqarmoqda: 2 ta gol.
Bugungi o‘yinga har bir jamoaning etib kelish holati, tarkib yangiliklari haqida batafsil quyida so‘z yuritamiz. Demak, boshladik!
“Real”
“Sevilya”ga qarshi bellashuv “Real” uchun o‘ziga xos printsipiallik kasb etardi. Aniqrog‘i, andalusiyaliklar ustozi Xulen Lopetegi “qirollik klubi”ga shogirdlarini boshqacha shijoat bilan tayyorlashi kundek ravshan edi. Ular birga o‘tkazgan omadsiz davr bunga asosiy sabab. Bundan tashqari, “Ramon Sanches Pisxuan” stadioniga amaldagi chempion tashrif buyurayotgan edi.
“Sevilya” darvozaboni Yassin Bununing birgina xatosi yagona golning kiritilishiga sababdek ko‘rinsa ham, aslida, o‘yin davomida “blankos” raqib himoyasini doimiy ravishda bosim ostida ushlab turdi. Bunu gol kiritilgan vaziyatda qilgan xato marokashlik posbon uchun o‘yindagi yagonasi emasdi.
Shu o‘rinda, madridliklarda hujum chizig‘i (Benzemadan tashqari) vaziyatlarni gol bilan yakunlashda juda ham oqsayotganini ta’kidlab o‘tish zarur. Ikki qanotda harakat qilayotgan braziliyalik vingerlar naqadar iqtidorli va tezkor bo‘lmasin, tinimsiz mashg‘ulotlar orqali tajriba to‘plamas ekanlar, “Real”dek klub tarixida yo‘q bo‘lib ketadilar.
Joriy mavsumdagi natijalar ko‘pchilikka u qadar vahima qiladigan darajada ko‘rinmasligi mumkin. Ammo Zidan jamoasida etarlicha katta muammolar bor va ular tobora bo‘y ko‘rsatmoqda. EChLda guruh bosqichidagi o‘yinlar bilan uzog‘i chorak finalga borishlari mumkin. La Ligada bugun “Atletiko”ga mag‘lub bo‘lsalar, hamshaharlariga etib olish keyin anchagina qiyin kechadi.
Mavsum mobaynida “Real” va jarohat so‘zlari yonma-yon yuribdi. Ba’zilariga ko‘nikib ham qoldik. Bugungi o‘yinda eng muhimi, jamoa sardori va etakchisi Serxio Ramos asosiy tarkibda harakat qilish imkoniyatiga ega. Federiko Valverde uzoq muddatga safdan chiqqanidan xabardorsiz. Eden Azarda jarohat borligini eslatib o‘tirish ham shart emasdek.
Bugungi tarkib EChL 6-turida “Borussiya” Myunxengladbaxga qarshi tushgan 11 talik bilan bir xil bo‘lishi kutilyapti. Zidan esa katta o‘yinlarga kutilmagan sovg‘alar olib qo‘yishni yaxshi ko‘radi.
Taxminiy tarkib: Kurtua, Vaskes, Varan, Ramos, Mendi, Kazemiro, Modrich, Kroos, Rodrigo, Vinisius, Benzema.
“Atletiko”
Diego Godinning jamoani tark etishidan so‘ng, mana endi Simeone uning o‘rnini to‘ldira oladigan futbolchini kashf etgandek ko‘rinmoqda. Mario Ermoso joriy mavsumning yakunlanishga ulgurgan kichik qismida jamoada almashtirib bo‘lmas o‘rinlardan birini egallashga ulgurdi. Ha, Ermoso qanotda harakat qiladi. Ammo etakchilik qobiliyati bizga Godinning yulduzli yillarini eslatmoqda. Narigi qanotdagi sherigi Kiran Tripper bilan u jamoa hujumlarida ham katta ishni bajarmoqda.
Shuningdek, Xitoy klubidan qaytarib olingan Yannik Karraskoning so‘nggi vaqtlarda ko‘rsatayotgan ajoyib o‘yinini ham e’tirof etish joiz. Qanotdagi reydlari bilan “matraschilar” o‘yiniga joziba bag‘ishlayotgan belgiyalik futbolchi “Madrid derbisi”da ham porlashi kutilmoqda.
“Atletiko” so‘nggi marotaba 3 oktyabrda La Liga doirasida raqib darvozasiga yo‘l topa olmagan.
Jamoada 2 ta katta yo‘qotish mavjud. Afsuski, bugun Diego Kostaning janjallarini ko‘rmaymiz. Har holda, klub sayti bergan ma’lumotda u tiklanish jarayonida ekanligi bayon qilingan. Shuningdek, himoya markazida Simeonening ishongan tog‘iga aylanib qolgan Xose Mariya Ximenes ham bugun jamoasiga yordam bera olmaydi.
Taxminiy tarkib: Oblak, Ermoso, Savich, Felipe, Tripper, Karrasko, Lorente, Koke, Saul, Suares, Felish.
Murabbiylar
Zinedin Zidan: “Derbilar doim yil taqvimining eng muhim sanalari qatorida tilga olinadi. G‘alabalarimizning juda ko‘p pozitiv tomonlarini ko‘rsatish mumkin. Biz xohlaydigan narsa ushbu bahsga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, o‘zimiz xohlagan natijaga erishish. Bu - derbi. Har bir futbolchi unda o‘zini ko‘rsatishni istaydi.
Har bir uchrashuvga finaldek yondashamiz. Men bu bahsni jamoa sifatida kuchli ekanimizni isbotlash uchun yana bir imkon deb bilaman”.
Diego Simeone: “Siz har qanday vaziyatda ham “Real”ni hurmat qilishga va ularning salohiyatini tan olishga majbursiz.
Har ikki jamoada ham fantastik darajadagi futbolchilar mavjud. Aytib o‘tganimdek, “Real”ga nisbatan faqat hurmatni tuymoqdaman. Ularda bir qator tajribali futbolchilar bor. Ushbu yigitlar bir necha yillar mobaynida Evropa futbolining etakchilari bo‘lib kelishdi”.
Xulosa o‘rnida
Ushbu Madrid klublari ishtirokidagi uchrashuvlar doim ham gollarga boy tarzda o‘tmaydi. So‘nggi 8 ta bellashuvning 6 tasida 2 tadan kam gol kiritilganining o‘ziyoq fikrimizga isbot bo‘la oladi. Ammo bu safargi qarama-qarshilik istisno bo‘lishi mumkin. Sababi, yuqorida aytib o‘tganimdek, La Liga doirasida “Atletiko” gol urmagan uchrashuv bundan 2 oy oldin bo‘lib o‘tgan. Joriy mavsumda Luis Suaresning xarid qilinishi jamoa hujumidagi samaradorlikni sezilarli darajada oshirdi.
“Real” joriy mavsumda kuchsiz jamoalardan mag‘lubiyatga uchragani bor gap. Ammo “Barselona”, “Inter” va “Sevilya” kabi grand jamoalarni anchayin chiroyli tarzda mag‘lub etishga erishdi.
Demakki, bugun jamoalarning bir-biriga qarshi ko‘plab qarama-qarshi statistikalari mavjud. O‘yinning tomoshabop o‘tishi kafolatlanadi. An’anaga muvofiq, ushbu uchrashuv saytimizda matnli translyatsiya tarzida e’tiboringizga havola etiladi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar